Kutubxona

Farzandlarini ko‘rishni istamaydigan otalar

Turmush o‘rtog‘im bilan bir-birimizga ko‘ngil berib bir yostiqqa bosh qo‘ygandik. Afsus, uning xiyonatlari oqibatida oilamizga darz ketdi. Erimning qadam olishi o‘zgarib qolganini bilganimdan keyin avvaliga poyladim, gumonlarim tasdig‘ini topgach, uydan janjal arimay qoldi. Oxiri, ajrimga ariza berdim. Mana, endi bir o‘g‘il, bir qizimni otasiz o‘stirayapman. To‘g‘ri, bolalarimning otasi moddiy tomondan yaxshigina yordam ko‘rsatadi. Biroq pul mehrning, e’tiborning o‘rnini bosmas ekan. Nega bu odam shunaqa? Nima uchun o‘z zurriyotlari bilan na telefonda gaplashadi, na ko‘rishadi. Ikkinchi oilasi bilan farzandli bo‘lsa, bolalarimizni batamom unutadi, shekilli...

Zamira, Koson tumani

Haqiqatda, nega ayrim erkaklar oilasi bilan ajrashgach, farzandlarini unutishadi? Bunga nima sabab bo‘lishi mumkin? Ayollar ota-bola munosabatlarini asrab qolish uchun nima qilishi kerak? Ruhshunos Barno ILHOMOVA bilan mavzuni tahlil qilamiz.

Erkaklar nega bunday yo‘l tutadi?

Turmushidan ajrashgan har bir ayolni bu savol o‘ylantirish tabiiy. Faqat ko‘pincha sabablarni aniqlamasdan, oqibatni ro‘kach qilib, mavjud vaziyatni yanada chigallashtirishadi. Keling, avvalo, nega ayrim otalar bolasi bilan uchrashishdan qochishiga aniqlik kiritib olamiz. Shunda muammoning yechimini topish osonroq ko‘chadi.

Oilasidan ajrashgan aksariyat erkaklar ayolidan qattiq ko‘ngli qolganligi sabab u bilan yuzma-yuz keltiruvchi barcha holatlarni chetlab o‘tishadi. Garchi, o‘zlari xato qilishgan bo‘lsa ham, aybini elga oshkor qilib ham tinchimagan xotini bilan qayta ko‘rishishni istashmaydi.

Bolalarni ko‘rmaslik orqali ayolini jazolashni maqsad qilishadi. Bu harakat negizida «Єani, mensiz nimani qoyillatar ekansan», degan ta’na yotadi. Shuning uchun, hatto, aliment to‘lash kabi qonuniy majburiyatlarini ham ado etmasliklari mumkin.

Ajrimning ilk bosqichida xotini bolalarni ko‘rsatmaslik orqali uni jazolamoqchi bo‘lgani uchun keyinchalik «Onasining o‘zi shuni istagandi», deya mas’uliyatni bo‘ynidan soqit qilishadi.

Erkaklar ayollardan tubdan farq qiladi, ular o‘zlarini bola uchun qurbon qilishmaydi. Ayol kishi «Farzandlarim otasiz qolmasin», deya erining har qanday qilig‘iga chidashi mumkin. Ammo bu qarama-qarshi jins vakillariga yotroq sifat.

Erkaklarni his-tuyg‘u boshqarmaydi. Ular hamma narsani mantiqan o‘ylashadi. «Ajrashdim, mana, pulga zor qilmayapman, har oy falon so‘m berayapman, kam-ko‘stsiz katta bo‘lishayapti, yana nima kerak?» deya fikrlash ehtimoli ham mavjud. Chunki ular oilasini, bolalarini moddiy ta’minlashni asosiy vazifa sanashadi

His-tuyg‘u boshqarmaydi degani, erkaklar toshbag‘ir, mehrsiz degani emas. Ayrim kuchli jins vakillarida ichki qo‘rquv ham bor. Ya’ni «Bugun bolalarim bilan ko‘rishsam, ertaga ular menga, men ularga qattiq bog‘lanib qolsak, keyin nima bo‘ladi? Endi bu oilani tiklab bo‘lmaydi-ku», degan o‘y tufayli ham farzandlari tomon qadam tashlashmaydi. Ko‘z-ko‘zga tushmasa, o‘zi ham, bolalari ham azoblanmaydigandek tuyuladi.

Ikkinchi rafiqasining qat’iy talabi ostida birinchi oilasidan uzoqroq yurishni ma’qul ko‘rishadi.

Farzandlarining savollaridan qochishadi. «Nega biz birga yashamaymiz?» degan so‘roqlardan ko‘rishmaslik yo‘li bilan himoyalanishadi.

Ayollar qayerda xato qilishadi?

Ayollarning o‘ziga xos bir jihati borki, ular bolalarni qurol qilib, vaziyatni o‘z tomoniga og‘dirib olishni ko‘zlashadi. Ajrashganlar esa farzandlaridan ikki maqsadda foydalanishadi: yo erini jazolash, yoki u bilan aloqalarni qayta tiklash yo‘lida. Bu — XATO!

Maqsadingizni aniqlab oling. Ich-ichingizdan nega bu holatdan xafa bo‘layapsiz? Uning farzandlariga bo‘lgan beparvo munosabati sizni tahqirlayaptimi yoki otasini sog‘ingan bolalarni o‘ylayapsizmi? Nima uchun sobiq eringiz bolalaringiz bilan ko‘rishishini istayapsiz?

Eringizni bolalar orqali jazolamang! Bolalar holidan xabar olib, qo‘ng‘iroq qilsa, eshigingizni taqillatsa, alam ustida uning istagini qat’iy rad qilmang. Chunki siz eringiz bilan ajrashdingiz. Ammo sobiq turmush o‘rtog‘ingiz to qiyomatgacha bolalaringizning otasiligicha qoladi. Farzandlaringiz tomirida shu insonning qoni jo‘sh urayapti. U yomon bo‘lsin, zolim bo‘lsin, bolalaringizning otasi! Bugun dilbandlarining diydorini istayotgan otaning ko‘ksidan itarsangiz, bora-bora u zurriyotlaridan umuman xabar olmay qo‘yadi. Ertaga ota ham, farzandlaringiz ham etni tirnoqdan ajratganingiz uchun sizni ayblaydi.

Turmush o‘rtog‘ingizni kechiring. Hatto, uning aybi bilan oilangiz barbod bo‘lgan bo‘lsa-da.O‘tgan kunlarni, sobiq eringizning ayblarini eslamang, ayniqsa, bolalaringizga eslatmang. Uni kechirsangiz va barcha hislaringizni yuragingizdan qo‘yib yuborsangiz, ham yashashingiz oson bo‘ladi, ham xotiralaringiz ota-bola munosabatlariga soya solmaydi.

Bolalarni ham, sobiq eringizni ham majburlamang! Hammasini vaqtning hukmiga qo‘yib bering. Yuqorida sanab o‘tilgan qaysidir sabab tufayli u bolalaridan o‘zini olib qochayapti, demak, muammosi bor. Bunday vaziyatda bolalarga otasiga qo‘ng‘iroq qildirib yoki ularni uyiga jo‘natib, faqat zarar qilasiz. Birinchidan, otasining sovuq muomalasidan farzandlaringiz dili yaralanadi, ikkinchidan, otasi ulardan yanada uzoqlashadi. Yaxshisi, maqsadingiz bolalar otasining e’tibori, mehrini his qilib o‘sishlarini istash bo‘lsa, sobiq eringiz bilan yuzma-yuz gaplashib oling. «Biz er-xotin sifatida bir-birimizga to‘g‘ri kelmadik, toqat qilolmadik. Keling, farzandlarimiz buning jabrini tortishmasin. Ularning hayotida siz ota, men ona bo‘lib qolaylik», deng. Nima uchun ular bilan uchrashishni xohlamayotgani bilan qiziqing. Urush-janjalsiz muammomaga oydinlik kiritib olishga harakat qiling.

Bolalarning ruhini sindirmang!

Ko‘rib turganingizdek, har ikkala tomonning ham o‘z haqiqatlari bor. Ammo hayotning eng katta haqiqatini unutmang, bu, dunyo — qaytar dunyo! Bugun bolalari ahvoli ne kechayotganiga qiziqmayotgan ota, ertaga bir zamonlar yuz o‘girgan bolangiz sizga suyanchiq bo‘lishini unutmang.

Eridan yozg‘irayotgan ona, «Otangga kerakmassizlar. U sizlarni tashlab ketgan», degan so‘zlaringiz o‘z natijasini ko‘rsatmay qolmaydi. Otasiga nisbatan nafrat hissi bilan o‘sgan inson –bolangizdan kutgan orzu-umidlaringizni amalga oshirishi dargumon.

Sabrni, qanoatni, oila muqaddasligini, begunoh farzandlarning uvoli borligini unutib, bir-biriga alamini bolalar orqali sochayotgan er-xotinlar, o‘rtada sarson farzandlaringizning ruhini sindirib, ko‘nglini cho‘ktirib, qaddini bukib, nimaga erishasizlar? Єizingiz «Otamki, menga mehr ko‘rsatmadi, begonalar nima qilsin?» degan o‘y bilan kelajakda baxt toparmikan? O‘g‘lingiz «Otam mendan yuz o‘girgan, men hech kim emaskanman», degan fikr bilan ulg‘ayib, jamiyatda, hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘larmikan? Tilingizga ko‘chganini aytish, biror qadam tashlash oldidan shu haqda o‘ylab ko‘ring. Oilangizni asray olmabsiz, hech bo‘lmaganda, bolalarning «meni»ni asrang! Er-xotin bir-biringizni e’zozlamabsiz, farzandlaringizning shaxsini hurmat qiling! Bir nikohda yashab, baxt ko‘rmabsiz, tortgan azoblaringizni dilbandingizga ham ravo ko‘rmang! Oilangizni kim, nima sababga ko‘ra parokanda bo‘lganidan qat’i nazar ota-onalik burchingizni ado eting!

MUXLISA

Manba: «Sug'diyona» gazetasi