Facebook ijtimoiy tarmog‘ining foydalanuvchilaridan biri bo‘lgan jazoirlik shaxs farzandini 15-qavatda joylashgan uyidagi ayvon derazasidan tashqariga chiqarib suratga olgani va uni pastga uloqtirmaslik uchun «do‘st»laridan 1000 ta «like» so‘ragani katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.
Al-Arabiyaning xabar tarqatishicha, 15-qavat derazasidan tashqarida osig‘lik holatda suratga olingan bolakayning Facebook’dagi surati ostiga «1,000 ta like, aks holda uni yerga tashlayman», degan izoh qoldirilgan.
Bu noinsoniy xatti-harakat qisqa fursat ichida mamlakat politsiyasining ham diqqatini tortib, shafqatsiz ota qo‘lga olingan. Ayni paytda bola huquqlarini poymol qilish va farzandining hayotini xavf ostiga qoldirishda ayblanayotgan jinoyatchi 2 yilga qamoq jazosiga hukm qilindi.
Nomi oshkor qilinmagan ota suratlar panjara bilan himoyalangan ayvonda olingani, bu shunchaki o‘yin uchun qilinganini aytib, suddan shafqat qilishini o‘tinib so‘ragan. Ammo, sudya uning iddaolarini inobatga olmadi va bema’ni qilmishi uchun «like»boz otani qamadi.
So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik ruhiy kasallikka tenglashtirilgan. Yuqoridagi kabi holatlar ma’naviyati past insonlar tarmoqlarda naqadar tubanlashib borayotganliklarini isbotlab turibdi.