Facebook ijtimoiy tarmog‘i asoschisi Mark Sukerberg rafiqasi Prissilla Chan bilan 2015 yilda “Chan Zuckerberg Initiative” nomli xayriya fondiga asos solgan edi. Mazkur fond 21 sentyabr kuni San-Fransiskoda yig‘ilish o‘tkazdi.
Ushbu yig‘ilish davomida Mark Sukerberg va Prissilla Chan ayni vaqtda mavjud bo‘lgan barcha kasalliklarga qarshi kurashga qaratilgan tadqiqotlar uchun 3 milliard AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratishini ma’lum qilishdi. Bu mablag‘ 10 yil davomida taqdim etib boriladi.
Loyihaning birinchi bosqichida San-Fransiskoda “Biohub” nomli laboratoriya yaratish uchun 600 million dollar ajratiladi. Bu laboratoriyada Berkli, Kaliforniya, Stenford va San-Fransisko Universitetlarining malakali professorlari ish olib borishadi. Sukerberg barcha turdagi infeksion kasallikni aniqlashga qaratilgan chip yaratilishi haqida ma’lum qildi.
Mark Sukerberg o‘z chiqishi davomida agar ushbu loyiha amalga oshsa, insoniyatning o‘rtacha umr kechirish yoshi 100ga yetishini ta’kidlab o‘tdi.
San-Fransiskoda o‘tgan yig‘ilish davomida Microsoft asoschisi Bill Geyts ham ishtirok etib, so‘zga chiqdi. Bill va Melinda Geytsning xayriya fondi ham sog‘liqni saqlash borasida bir qator loyihalarni moliyalashtirgan. Xususan, 2014 yilda u OITS, sil va bezgak kasalliklariga qarshi kurashish maqsadida 10,2 milliard dollar miqdorida mablag‘ ajratgan.
Yuqorida qayd etganimizdek, Facebook asoschisi Mark Sukerberg va uning rafiqasi Prissilla Chan tomonidan yaratilgan “Chan Zuckerberg Initiative” xayriya fondi ularning farzandli bo‘lganligi munosabati bilan tashkil etilgan bo‘lib, u jahonning eng yirik xayriya fondlari qatoriga kiradi. Zaxira resursi 46 milliard dollarni tashkil etuvchi fond shu vaqtgacha maktab va ta’lim sohasidagi bir necha loyihalarga mablag‘ ajratgan.
Jahonga mashhur “Forbes” jurnalining mart oyda chop etilgan “Jahonning eng badavlat kishilari” reytingida Mark Sukerberg 6-o‘rindan joy olgandi. Ushbu jurnalning 22 sentyabrdagi axborotiga ko‘ra, Sukerbergning moliyaviy ahvoli 55,8 milliard dollarni tashkil etmoqda.
Manba: Qalampir.uz