«Sen Yolg‘iz Emassan» Fondi hamda Fransiyaning «Umid rishtalari» shifokorlar uyushmasi tomonidan 10–17 yanvar kunlari amalga oshirilgan navbatdagi xayriya tadbiri doirasida yurak nuqsonlari bilan tug‘ilgan 12 bolada jarrohlik operatsiyasi amalga oshirilib, 45 bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Bu haqda Daryo.uz yozmoqda.
Aksiya ota-ona qaramog‘isiz qolgan, kam ta’minlangan oiladan bo‘lgan turli yurak nuqsonlariga ega bolalarga kardiojarrohlik yordamini amalga oshirish maqsadida amalga oshirib kelinmoqda.
«Operatsiyalarni fransiyalik shifokorlar o‘zbekistonlik hamkasblari bilan birgalikda Toshkent shahridagi V. Vohidov nomidagi Respublika jarrohlik markazida amalga oshirdi. Hozirda, operatsiyadan so‘ng, bolalar shifokorlar nazorati ostida», — deyiladi xabarda.
«Umid rishtalari» uyushmasi shifokorlari mazkur xayriya tadbiri doirasida Toshkentga 5-marotaba tashrif buyurishi. Avval ular O‘zbekistonga 2015 yilning iyul va dekabrida hamda 2016 yilning aprel va sentyabr oylarida tashrif buyurgan edi. O‘tgan yilning may va noyabr oylarida esa o‘ta og‘ir yurak nuqsonlariga ega bo‘lgan o‘zbekistonlik bolalar fond tomonidan Fransiyaning Nant shahridagi pediatriya klinikasiga yuborilib, jarrohlik amaliyotidan o‘tib kelgan edi. Fond va uyushma hamkorligi mobaynida jami 35 nafar o‘zbekistonlik bola murakkab jarrohlik amaliyotidan o‘tdi.