Bolasini «erkalatib tashlagan»lar to‘g‘risida, albatta, eshitgansiz, yoki aksincha, «bolaga nafas olgani bermaydi»gan tanishlaringiz ham bordir. Aslida, bu ikki bir-biriga qarashning zamirida bir narsa – giperg‘amxo‘rlik yotadi. U esa... ruhiy zo‘ravonlikning bir ko‘rinishi, deb tasniflanadi, ruhshunoslar tomonidan.
Uning ikki turi mavjud
Birinchi turida, haddan ziyod mehr ko‘rsatiladi. Bunday oilada «kichkintoyi»ni xafa qilmaslik, qiynab qo‘ymaslik uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Kap-katta bolani kiyintirib, qoshiqda ovqatlantirib qo‘yish oddiy holat. Uning har qanday istagi so‘zsiz bajariladi. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday qiyinchiliklar kattalar tomonidan bartaraf etiladi, hech qanday sababsiz bola rag‘batlantiriladi.
Ikkinchi turida, ona – yosh «Farmonbibi» yoki ota – «Napoleon», ya’ni aytganlari aytgan, deganlari degan bo‘lishini istaydiganlardan. Bolalar ular o‘rnatgan qonun-qoidalarga so‘zsiz rioya etishi shart! Kattalar kichkintoydan butkul itoatni va bu itotgo‘ylikdan bola o‘zini baxtli his qilishi kerakligini talab qiladilar.
Sabablari nimada?
Aksariyat hollarda giperg‘amxo‘rlik ota-onalarning komplekslari va omadsizliklari zamirida vujudga keladi. Jumladan:
- o‘ziga past baho berish;
- atrofdagilar bilan chiqisha olmaslik (bunday muammoga duch keladigan ona yoki ota o‘z diqqatini butkul bolaga qaratadi);
- yolg‘izlikdan qo‘rqi;
- qarilikdan qo‘rqish;
- o‘zlarining yoshlikda mehrga to‘ymaganlari;
- bolaning hayotidan doimiy qo‘rquv va vahima.
Agar ota-onaning birortasi g‘amxo‘rlikni haddan ziyod oshirib yuborayotgan bo‘lsa, demak uning ruhiyatida biror salbiy o‘zgarish, masalan, stress yoki depressiyada bo‘lishi mumkin. (undov bilan)
Oqibatlari:
- bola mustaqil qaror chiqara olishga qodir bo‘lmay o‘sadi;
- ulg‘aysa-da, o‘zini yosh bola deb his qiladi;
- o‘ziga ishonchi bo‘lmaydi;
- omadsizlik, irodasizlik;
- kurashish nimaligini bilmaydi, bo‘sh-bayov;
- o‘ziga past baho berish;
- birovlarning fikri bilan yashash, izmiga tushib qolish;
- odamlar bilan munosabatga kirishishga qiynalish.
Eng oddiy belgilari:
- Ona doim bolasi nima kiyishi kerakligini aytadi;
- bola nimani va qanday ketma-ketlikda yeyishi kerakligini hal qiladi;
- ota-ona bolani qayerga aylantirishga olib chiqishini va u yerda nima bilan mashg‘ul bo‘lishini aniq biladilar;
- bola uy vazifalarini faqat otasi yoki onasi bilan birga bajaradi;
- ota-ona bolasi kim bilan do‘stlashishi mumkin, kim bilan mumkin emasligini hal qiladilar.
Statistik ma’lumotlarga qaraganda, ota-onalarning 40 foizi farzandlariga giperg‘amxurlik qilishar ekan.
Nima qilish kerak?
Agar haddan tashqari g‘amxo‘rlik sizga yot illat bo‘lmasa, quyidagi tavsiyalarimizdan foydalanishingiz mumkin:
1. Avvalo, farzandingizni emas, unga bo‘lgan munosabatingizni o‘zgartiring.
2. «Kattalarni gapiga kirsangchi», «quloqsiz», «qaysar» degan gaplarni qo‘llamaslikka harakat qiling.
3. Bolaning o‘ziga tanlov huquqini bering. Nima yeyishni, nimani kiyishni, qaysi o‘yinchoqlari bilan o‘ynashni, bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazishni, kim bilan muloqot qilishni o‘zi tanlasin.
4. Farzandingizning tanlovi va istaklarini hurmat qiling.
5. Bolaga erk bering. O‘zi do‘stlashsin, o‘zi dars qilsin. Agar muammolarga duch kelsa, – o‘zi maslahat so‘raydi. Ana o‘shanda ham ko‘rsatma emas, maslahat bering, tavsiyangizdan foydalanish yoki foydalanmaslik ham uning ixtiyorida.
Avval farzandingiz to‘satdan berilgan erkinlikka o‘rganolmay, esankirab qolishi mumkin. Axir u o‘zi qaror chiqarib, zimmasiga yuklangan vazifalarni mustaqil bajarishga o‘rganmagan. Biroq tez orada uning qanchalar to‘g‘ri qarorlar chiqara olishiga va uning qanchalar mustaqil harakat qila olishiga ajablanasiz.
NAZOKAT tayyorladi.
Manba: Darakchi.uz