Bugungi otalar – oilasi farovonligi uchun bir nechta vazifani, ishni og‘rinmasdan qiladigan, o‘zini o‘qqa-cho‘qqa uradigan, charchoq bilmaydigan fidoyilardir. Modomiki, ular orasida farzandiga ham ozgina vaqt ajratadigan dada bo‘lsa, bunday otalarga tekinga sut bersa arziydi.
Ayniqsa, yon-atrofimizda farzandi yosh go‘dakligida uni voyaga yetkazishda rafiqasiga yordamlashadigan erlar sonini hisoblash uchun qo‘l barmoqlari ham kifoya qilmoqda. Ammo shunday fidokor otalar ham bor ekan. Ayniqsa, otalarga farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanishi uchun 480 kunlik ta’til beradigan Shvedsiyada bunday otalar juda ko‘p ekan.
Yaqindagina ikkinchi marta farzandli bo‘lgan fotograf Johan Bavmen chinakam otalik nomiga munosib mana shunday insonlarning farzandlari bilan o‘tayotgan hayotini, betakror lahzalarni yoritishga ahd qildi. Buning uchun suratkashga 6 oy vaqt kerak bo‘ldi. Quyida siz farzandini cho‘miltirayotgan, ilk qadam tashlashiga guvoh bo‘layotgan, ovqatlantirayotgan otalarning his-hayajonlari, quvonchlariga guvoh bo‘lasiz.
Maykl Uinblad 35 yoshda. Mana 9 oydirki, Maykl yarim shtat asosida mehnat qiladi hamda vaqtining qolgan qismini farzandlari – 2 yoshli Matiss hamda 5 oylik Vivianne bilan o‘tkazadi. Uning hayotdagi eng muhim maqsadi farzandlari bilan mana shunday xushchaqchaq munosabatlarni bir umrga saqlab qolish. Oilada farzand tarbiyasi va g‘amxo‘rlikni faqatgina ayoli zimmasiga tashlamasdan, bu mas’uliyatli ishni bajarishda turmush o‘rtog‘iga tengma-teng yordamlashadi.
Lui Kulau 28 yoshda, rassom. U so‘nggi bir yildan buyon 1 yoshga kirgan o‘g‘li Elling tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanmoqda. Uning aytishicha, farzandni voyaga yetkazishda otaning o‘rni ham juda yuqori ekan. Aks holda, otaning oila uchun qilgan barcha sa’y-harakatlari zoye ketishi mumkin. “Hayotining aksariyat qismini faqat ishga bag‘ishlagan otalar kun kelib ko‘p narsani qo‘ldan boy berganlarini anglaydilar,” deydi Lui.
Jonas Feldt 31 yoshda. Jonas ham 1 yoshni qarshi olgan qizi Siri bilan birga deyarli bir yildan buyon birga. Asosiy vaqtini qizi uchun ajratishni ma’qul ko‘rgan ota farzandlariga g‘amxo‘rlik va mehribonchilik qilishni boshqa hamma narsadan ustun qo‘yadi.
Andris Bergstrom 39 yoshda. U farzandini voyaga yetkazish uchun 6 oylik ta’til olgan. Uning farzandlari otalariga onalariga ishonganchalik ishonadilar. Farzandlar bilan bo‘lish Andris uchun ham yoqimli. U tug‘ruqdan keyin betob bo‘lib yotgan turmush o‘rtog‘iga ko‘maklashishni maqsad qilib, bola parvarishidan ham yaxshigina xabardor bo‘lgan. Uning fikricha, bolalar baxtiyorligi oiladagi har qanday g‘am-tashvishning yo‘qolishiga sabab bo‘lar ekan.
Ola Larsson 41 yoshda. U oydan buyon o‘g‘li Gustav bilan birga. U ham ishxona tomonidan beriladigan ota-onalik ta’tilida. Uning fikricha, otaning oiladagi o‘z o‘rni farzandlar tarbiyasiga jiddiy yondashuvidan boshlanar ekan. "Farzand bizga beradigan yovimli tuyg‘ular chinakam yuksak tuhfadir," deydi u. Olaning aytishicha, farzandi uchun vaqt ajratadigan otalar bu ishlari uchun o‘zlaridan bir umrga minnatdor bo‘lishadi.
Xuan Kardenal 34 yoshda. Xuan so‘nggi 18 oyini farzandlari Ayvo hamda Alma uchun bag‘ishlagan. "Avvaliga farzandlarimga g‘amxo‘rlik qilishimni eshitgan hamma shubha bilan qaradi. Ammo o‘z bolalaringa mehribonlik qilish dunyodagi eng yoqimli tuyg‘u ekanini bilganim uchun ham bu ishda qiynalmadim," deydi u.
Markus Bergkvist 33 yoshda. U aslida mohir muhandis, o‘zi ishlayotgan kompaniyaga juda zarur edi. Ammo u farzandlari Ted va Sigge uchun vaqtini qizg‘onmadi. Uning fikricha, ota bo‘lish 1 kunlik vazifa emas. Ota bo‘lish insondan uzoq vaqt sabrni va beminnat ado etiladigan burchni talab etadi.