Jizzax shahrida o‘zbek tili va adabiyotini chuqur o‘qitishga ixtisoslashgan Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi maktab-internat ochildi. Bu haqda Daryo.uz xabar bermoqda.
Prezident 27 aprelda Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida adabiyotimizning ulkan namoyandalari Hamid Olimjon va Zulfiyaning adabiy merosini keng targ‘ib qilish, she’rlariga jo bo‘lgan ezgu tushunchalar mohiyatini yosh avlodga yetkazish lozimligini alohida ta’kidladi. Shu maqsadda shaharning bu ijodkorlar hayoti va faoliyati bilan bog‘liq hududida Hamid Olimjon va Zulfiya xiyoboni, xiyobon ichida Hamid Olimjon va Zulfiya maktabini tashkil etish taklifini ilgari surdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 23 iyundagi «Jizzax shahrida Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatni tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori bilan bu ezgu maqsad amalga oshirildi. O‘tgan besh oy davomida o‘zbek tili va adabiyotini chuqur o‘qitishga ixtisoslashgan maktab-internat uchun to‘rt qavatli zamonaviy bino qurib bitkazildi. Binoda keng va yorug‘ sinfxonalardan tashqari yuz o‘rinli yotoqxona va oshxona, faollar zali hamda boshqa xonalar bor. O‘quvchilar jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi uchun sport maydonchalari barpo etilgan.
1 oktyabrdan faoliyat boshlagan maktab-internatning 5, 6, 7, 8-sinflariga barcha tuman va shaharlardan sinov asosida 120 nafar iste’dodli o‘g‘il-qiz o‘qishga qabul qilindi.
Jamoatchilik vakillari, yoshlar, ota-onalar ishtirokida o‘tgan yangi maktabning ochilish marosimida ushbu muassasaning barpo etilishi viloyat madaniy hayotida katta voqea bo‘lgani ta’kidlandi.