Homiladorlik

Homiladorlik davrida yuzga dog‘ tushishining sababi nima?

Asosiy sabab bu homilador ayolning organizmidagi gormonal o‘zgarishlardir. Gormonlar ta’siri ostida terida melanin moddasi ko‘payib dog‘lar paydo bo‘ladi.

Shuning uchun dog‘lar nafaqat homiladorlik paytida balki organizmda gormonal o‘zgarishlar yuz berganda ham tushadi, masalan gormonal kontraseptivlardan foydalanish, abort, hayz kelish davrining buzilishi va hokazo. Bunday dog‘lar melazma deb ataladi. Odatda, melazmalar homiladorlikdan so‘ng, birinchi hayz kelishi bilan organizmning gormonal holati to‘g‘irlanganda yo‘qolib ketadi. Lekin gormonal holat yaxshilanib dog‘lar yo‘qolmasa, demak, bu xloazma dog‘i paydo bo‘lganidan dalolat beradi.

Dog‘ tushish ehtimoli quyidagi holatlarda oshadi:

- nasliy moyillik; - ayol terisining rangi to‘qligi; - terida yallig‘lanishning mavjudligi; - oshqozon-ichak kasaliklarining mavjudligi.

Quyoshdan ehtiyot bo‘ling!

Teriga dog‘ tushuruvchi melanin moddasi quyosh nurlari ostida yanada ko‘payish imkoniyati katta. Shuning uchun odatda dog‘ bahor-yoz faslida kuz-qish fasliga nisbatan ko‘proq tushadi.

Shuning uchun:

  • Bahor-yoz fasllarida homilador ayol, albatta, quyosh nurlariga qarshi kremdan foydalanishi zarur;
  • Kremning quyoshdan saqlash kuchi kamida SPF35 ga teng bo‘lishi va ultrabinafsha nurlaridan saqlay olishi lozim (krem idishida yozilgan bo‘ladi);
  • Agar quyosh nurlari ostida uzoq vaqt bo‘lish kerak bo‘lsa, kremni bir necha bor qayta surib turish lozim;
  • Ayrim moddalar teridagi melanin moddasini kuchaytirish imkoniyatiga ega. Masalan, dengiz bo‘yida apelsin yeganingizda u teringizga sachrasa, o‘sha joylarga dog‘ tushib qolishi mumkin.

Agar teringizga dog‘ tushganini sezsangiz, u bilan kurashishga shoshilmang. Vaqt o‘tib o‘zi ketib qolish ehtimoli katta.

Dog‘larni kosmetologik uslublar bilan ketkazish yo‘llari quyidagilardan iborat:

  • Yuzni oqartiradigan kremlar. Bunday kremlar tarkibida melanin moddasini yo‘q qiluvchi moddalar mavjud. Teringizga mos bo‘lgan kremni topib, ishlatib yuring, dog‘lar ancha bilinmay qoladi.
  • ELOS protsedurasi - bunda teriga chiroq yoki elektrik ta’sir qilinadi va dog‘lar bilinmay ketadi.
  • Lazer - teridagi melanin moddasini ishlab chiqaruvchi melanotsidlarni ko‘payishini yo‘q qiladi, dog‘lar kamayib yo‘q bo‘lib ketadi.

Terini oqartirish uchun tabiiy niqoblardan ham foydalansa bo‘ladi:

Bodringli niqob: bodringni qirg‘ichdan chiqarib, ozgina smetana qo‘shiladi va 1 choy qoshiq limon sharbati bilan aralashtiriladi. Terining dog‘ tushgan joylariga 15 daqiqaga qo‘yiladi. Bunday niqobni haftada 1-2 martagacha qilsa bo‘ladi.

Greypfrut sharbati: greypfrut sharbatini siqib, yuz terisiga tamponda suriladi. Yigirma daqiqadan so‘ng yuvib tashlanadi.

Petrushka sharbati: dog‘ tushgan joylarni petrushka sharbati bilan kuniga 3 mahal artiladi.

Manba: Uzbaby.uz