- Homiladorlik taqvimi: Birinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: Ikkinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: Uchinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: To‘rtinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: Beshinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: Oltinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: Yettinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: Sakkizinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: To‘qqizinchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: O‘ninchi hafta
- Homiladorlik taqvimi: 11-hafta
Homiladorlikning 12-haftasini shifokorlar bekorga bolaning birinchi yubileyi deb atamaydi. O‘zingizni tabriklashingiz mumkin: yo‘lning uchdan bir qismi o‘tib bo‘lindi, birinchi xavotirli uch oylik ortda qoldi. Homila tushishi xavfi ancha kamaygan, demak, siringizni qarindoshlar, do‘stlar va boshlig‘ingiz bilan ham bo‘lishishingiz mumkin.
Bu muddatda ayol ro‘yxatga kirib bo‘lgan, endi u 3—4 haftada bir marta shifokor huzurida bo‘ladi. Homiladorning ahvoli yaxshilanadi, bola esa faollik bilan o‘sishda davom etadi.
12-haftada nimalar sodir bo‘ladi?
Ertalabki ko‘ngil aynishi asta-sekinlik bilan sizni tark etadi, ba’zilar 12-haftada toksikozni butunlay unutib ham yuborishi mumkin. Ovqat, va nihoyat, sizga huzur bag‘ishlay boshlaydi. Tez-tez bovul qilishlar ham sizga azob bermay qo‘yadi. Ichak peristaltikasi (ichaklarning to‘lqinsimon kerilish yoki siqilish harakatlari) o‘z faolligini susaytiradi, demak, qabziyat yuzaga kelish ehtimoli yuqori.
Ayol yurak urishi tezlashganini sezishi mumkin, bu qon aylanishining tezlashishi bilan bog‘liq. Bachadon esa eniga 10 santimetrga kengaygan, kichik tos suyagi unga torlik qilib qolgan, shu tufayli u qorin bo‘shlig‘iga ko‘tariladi.
Yurak, o‘pka va buyrakka tushadigan og‘irlik ko‘payadi, shu tufayli qattiq charchash, me’yoridan ortiq yeyish kabi rejim buzilishlarini istisno qilish kerak.
12-haftada homila bilan bog‘liq o‘zgarishlar
Homila tobora odamga o‘xshab bormoqda, ammo uning boshi hamon tanasiga nisbatan kattaroq. Qo‘l-oyoqlari hali juda kichik bo‘lsa-da, shakllanib bo‘lgan. 12-haftada homilaning uzunligi 7—10 santimetrni, og‘irligi 15—20 grammni tashkil etadi.
Bolaning ichki organlari allaqachon shakllangan, demak infeksiyalar ham, dorilar ta’siri ham u uchun unchalik qo‘rqinchli emas. Uning qovoqlari, solinchaklari paydo bo‘lgan. Jajji barmoqlarida esa tirnoqchalar ham bor.
Bola labini burishtirishni, qo‘llarini musht qilib siqishni, yuzini bujmaytirishni, og‘zini ochib-yopishni biladi. U bovul qilishni o‘rgandi, shuningdek, o‘zini o‘rab turgan suyuqlikni yuta oladi. Miyasi ikkita yarim sharga ajralgan.
Kayfiyat juda o‘zgaruvchan tus oladi
Bu davrda kutilmagan bezovtalik xurujlari yoki kayfiyatning to‘satdan ko‘tarilib ketishi normal holat hisoblanadi. O‘sha-o‘sha gormonlar ushbu sohani nazorat qilishda davom etadi, shu tufayli his-tuyg‘ularning keskin o‘zgarishi kuniga bir necha martadan kuzatilishi mumkin.
Shifokorning ruxsati bilan homiladorlar uchun gimnastika bilan shug‘ullanish mumkin, bu organizmingiz uchun ham, ruhiyatingiz uchun ham foydali bo‘ladi.
Ovqatlanish qoidalari
Ovqatlanish ratsioningiz bu davrda xilma-xil bo‘lishi kerak: e’tiborni meva va sabzavotlarga qarating. Organizm hozir kletchatkaga har qachongidan ko‘ra ko‘proq ehtiyoj sezadi.
Kuniga ikki litrgacha suv iching. Shirin gazli ichimlik va qutidagi sharbatlarni sotib olmang, fast-fuddan ham uzoq yuring.
Ovqatlanish vaqtini o‘tkazib yubormang, kech bo‘lganda to‘yib yemang, aks holda qorinda og‘irlik paydo bo‘lib, tinch uxlay olmaysiz.
Ultratovushli tekshiruv
Bu davrda ultratovushli tekshiruvdan o‘tasiz. Bu jarayonda shifokor bachadon holatini, uning tonusini o‘rganadi, yo‘ldoshning joylashuvini aniqlaydi, dastlabki tug‘ruq sanasini belgilay oladi. Birinchi UTT davomida homilaning kattaligi, uning rivojlanish dinamikasi baholanadi.
Shuningdek, shifokor juda muhim axborotni oladi: rivojlanishning ehtimoliy patologiyalari yoki xromosoma anomaliyalari xavfini o‘rganadi. Bu UTTni o‘tkazib yuborish mumkin emas — u orqali ko‘p narsadan xabardor bo‘linadi.
Homiladorlikning 12-haftasidagi hissiyotlar
Qorningiz paydo bo‘lganini atrofdagilar hali sezmasa-da, o‘zingiz ko‘zguga qarab turib o‘zgarishlarni payqashingiz mumkin.
Ko‘krak yanada to‘lishadi va kattalashadi, natijada teri qichisha boshlashi mumkin. Siynabandingizni o‘zgartirish vaqti ham keldi. Bunda matoning sifatiga e’tibor bering, u maksimal darajada tabiiy bo‘lishi, paxta tolalaridan to‘qilgan bo‘lishi va badanga tekkanida yoqimsiz tuyg‘u bermasligi kerak.