Homiladorlik

Homiladorlik taqvimi: 19-hafta

Homiladorlikning 19-haftasida ko‘pchilik ayollar bola qimirlaganini allaqachon seza boshlaydi. Kimdir har bir harakatni aniq-tiniq eshitadi, kimdir esa “kapalaklar qanot qoqayotgani” haqida shunchaki taxmin qiladi. Bo‘lajak onaning vazni asta-sekinlik bilan ortmoqda, sonlar kengaymoqda.

Bola o‘smoqda, vazn to‘plamoqda, u tobora jajji odamchaga o‘xshab bormoqda. Homiladorlik o‘z ekvatoriga yaqinlashmoqda, bu esa xursand qilmay qo‘ymaydi.

19-haftada nimalar sodir bo‘ladi?

Uxlash vaqtida yotish holatini tanlash tobora qiyinlashmoqda. Qorin bilan yotish endi umuman mumkin emas, bu noqulay ham. Chalqancha yotish ham bo‘lajak onaga tavsiya etilmaydi: bachadon yurakning o‘ng bo‘lmasiga borib quyiladigan ustki va ostki venalarni siqib qo‘yishi mumkin, bu xavfli. Shunday qilib, yonboshlagan holda oyoqni biroz yig‘ib yotish variantigina qolmoqda. Oyoq tagiga yostiq qo‘yish mumkin.

Bachadon o‘sayotgani tufayli, bu tos suyagi va belda ba’zi og‘riqlarni keltirib chiqarishi mumkin. Suyaklar asta-sekinlik bilan ochilmoqda, bu doim ham og‘riqsiz bo‘lmasligi mumkin. Ammo bo‘lajak ona qorin ostidagi to‘lg‘oqsimon og‘riqdan ogoh bo‘lishi kerak, yengil og‘riqlar esa normal hisoblanadi.

Bir xil pozada uzoq vaqt o‘tirmang, suyanchig‘i bor kursilar bilan “do‘stlashing”. Shuningdek, oyoqlaringizni chalishtirib o‘tirmang, baland poshnadan esa albatta voz keching.

19-haftada homilaning rivojlanishi

Bolaning miyasi o‘smoqda va faol tarzda rivojlanmoqda. Bu homilaning harakatlariga o‘z ta’sirini o‘tkazadi: endi uning harakatlari ancha muvofiqlashgan bo‘lib, unda avvalgi tartibsizlik kamroq kuzatiladi.

19-hafta bronx tarmoqlari shakllanadigan davr, uning nafas tizimi takomillashmoqda. Shuningdek, bolaning yog‘ bezlari faollik bilan oqish-kulrang yog‘ ishlab chiqarmoqda, u homilani uni o‘rab turgan suyuqlik ta’siridan hamda patogen mikroorganizmlardan himoya qiladi.

Bolaning bo‘yni mustahkamlangan, endi u 180 gradusga burila oladi. 19-haftada bolaning bo‘yi 13—15 santimetrni, og‘irligi 200 grammni tashkil etadi. Hajmiga ko‘ra, u kartoshkani eslatadi.

Bola signal beradi

Endi hayotingizga o‘z farzandingizni his qilish va u bilan psixologik jihatdan bog‘lanish kabi hayratlanarli narsalar kirib keldi. U sizga ilk qimirlashlar ko‘rinishidagi signallarni yuboradi va siz bolaning haqiqatda mavjudligini tobora ko‘proq his qilib borasiz.

Onaning psixologik kayfiyati bu davrda xavotir uyg‘otmaydi. To‘g‘ri, u biroz charchashi mumkin, unga charchatadigan bir xil harakat tavsiya qilinmaydi. O‘zingizni va bolangizni seving, dam olish kerak bo‘lganida dam oling, ahvolingizga qarab, lozim ko‘rganingizda esa faol bo‘ling.

Asosiy taomnoma — bo‘tqalar va mol go‘shti

Hozir sizning taomnomangizda qovurilgan va yog‘li taomlar bo‘lishi kerak emas. Achchiq, dudlangan, notabiiy qo‘shimchalari bo‘lgan ovqatlar ham minimum miqdorda bo‘lishi kerak. Shuningdek, sho‘r narsalar va shirinliklarni ham qat’iy nazorat ostida iste’mol qiling.

Ko‘p miqdorda kalsiy va temirga ega mahsulotlar esa, aksincha, kundalik ratsioningizda doimiy bo‘lishi kerak. Bular grechka, so‘li yormasi, turshak, chernika, pomidor sharbati, go‘sht va boshqalardir.

Bo‘lib-bo‘lib tez-tez ovqatlaning, biroq tun bo‘lganida hech narsa tanovul qilmang.

Ultratovushli tekshiruv

Qondagi qand va gemoglobin miqdorini tekshirish, siydik tarkibini oqsilga tekshirish vaqti keldi. Agar zarurat bo‘lsa, shifokor homiladorni progesteron miqdorini tekshirish uchun yuborishi mumkin.

Homiladorlikning 19-haftasidayoq ikkinchi majburiy ultratovushli tekshiruvdan o‘tish mumkin. Shifokor bolaning yurak urishini tekshiradi, homilaning harakatlari faolligini baholaydi, patologiyalar diagnostikasini o‘tkazadi. Shuningdek, bachadon va homilaning kattaliklari belgilanadi, homilani o‘rab turgan suv holati baholanadi.

19-haftadagi hissiyotlar

Bachadon kattalashgani tufayli, ayolning yurishi ham o‘zgaradi. Bu bir necha oyga poshnali poyabzaldan voz kechishning ayni vaqtidir.

Teri to‘qimalari cho‘zilishiga qarshi kremdan foydalanishda davom etamiz, shuningdek, teri, soch va tirnoqlarni parvarishlaymiz. Tish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelsa, shifokorga boramiz. Vaqt o‘tavergani sari stomatologik kresloda uzoq vaqt o‘tirishingiz qiyinlasha boshlaydi.