Homiladorlik

Homiladorlik taqvimi: 23-hafta

Ajoyib ikkinchi uch oylik davom etmoqda. Ko‘plab onalar sochlari qalinlashgani, terisidan esa nur yog‘ilayotganini qayd etadi. Bu yerda rahmatni gormonlarga aytish kerak, ko‘rib turganingizdek, ular faqat toksikozgagina sabab bo‘lmaydi.

Nima yeyayotganingizga e’tiborli bo‘ling. Qabziyat va jig‘ildon qaynashini keltirib chiqaradigan yeguliklar hozir siz uchun taqiqlangan. Oyoqlaringizda og‘irlik hissi paydo bo‘lishi mumkin. O‘zingizni charchatmang va qulay oyoq kiyim kiying.

23-haftada nimalar sodir bo‘ladi?

Bu davrda ayollar asosan o‘zini yaxshi his qiladi, ammo ba’zi noqulayliklar kuzatilishi mumkin. Chunonchi, dumg‘aza yoki ko‘krak sohasida og‘riqlar yuzaga kelishi mumkin, agar ular kuchsiz bo‘lsa, xavotirga o‘rin yo‘q. Lekin agar ular sizga azob berayotgan bo‘lsa, buni albatta shifokorga aytish kerak.

Oyoqlardagi og‘irlik paylar cho‘zilishi bilan bog‘liqdir. Ortopedik patakli poyabzalni tanlang, oyoqlaringizga dam bering, uzoq vaqt yurmang va tik turmang.

Ba’zi ayollar uchun 23-hafta — varikozning boshlanishi. Bunga vena qon tomirlari devorining bo‘shashishi sababchidir. Varikozni o‘z vaqtida payqab, ehtimoliy asoratlarni kamaytirish mumkin.

23-haftada homilaning rivojlanishi

Ushbu muddatda ko‘pchilik onalar bolaning nafaqat qimirlaganini sezadi, balki uning tirsak va tovonlarini aniq-tiniq his qiladi. Ushbu davrda ba’zan qimirlashlar shunchalik kuchayadiki, ular bo‘lajak onaga ba’zi noqulayliklarni tug‘dirishi mumkin. Bolaning og‘irligi 450 grammga, bo‘yi 20 santimetrga yetadi. Hajmiga ko‘ra, u baqlajonni eslatadi.

Tadqiqotlar 23-haftada bola tushlar ko‘ra boshlashini isbotlaydi. Uning harakatlari ancha aniq bo‘lib qoldi, u atrofdagi olam bilan qiziqadi — kindikni siltab tortadi, o‘zini siypab ko‘radi.

Hozircha bola juda ozg‘in, u qariyaga o‘xshaydi. Ko‘zlari ochilgan, u yorug‘lik va qorong‘ilikni ajrata oladi. Homila keskin tovushlar, shovqindan qo‘rqadi, unga onaning mayin ovozi va allasi yoqadi.

Foydali oziq-ovqatlarni tanlang

Qabziyat, jig‘ildon qaynashi, gemorroy — ushbu davrda ko‘p kuzatilishi mumkin. Bunday holatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan narsalarni iste’mol qilmang. Qovurilgan, achchiq, dudlangan va shirali taomlardan nari yuring. Ortiqcha vazndan ogoh bo‘ling, homiladorlikning 23-haftasida 6,5 kilogrammgacha semirish normal hisoblanadi. Ortiqcha vazn ba’zi kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin, homiladorlikning o‘zi ham ancha qiyinroq kechishi mumkin.

Boshoqli o‘simliklar, bug‘doy non, mol go‘shti, qaynatilgan baliqdan esa voz kechish kerak emas. Juda shirali ichimliklarni ichmang, fastfuddan voz keching.

23-haftada ultratovushli tekshiruv

Ushbu muddatda umumiy qon va siydik tahlillari olinishi mumkin. Agar hali ikkinchi ultratovushli tekshiruvdan o‘tmagan bo‘lsangiz, u aynan hozir o‘tkaziladi.

Yo‘ldosh, homilani o‘rab turgan suv, homila rivojlanishidagi nuqsonlar bor-yo‘qligini aniqlash bilan birga, bolaning jinsini ham bilish mumkin. Hozir homiladorlik muddatini uncha aniq bo‘lmasa-da, belgilash mumkin, shu tufayli ushbu UTTni qoldirish kerak emas.

23-haftadagi hissiyotlar

Ushbu davrda bo‘lajak onaning terisi ultrabinafsha nurlarga o‘ta ta’sirchan bo‘lib qoladi, shu tufayli oftobda qorayish kuchli tarzda dog‘lar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Ko‘krak uchlari qoraygan, qorin ostidagi chiziqcha ham qora bo‘lib qolgan. Bularning barchasi normal hisoblanadi.

Ayol soch va tirnoqlari juda tez o‘sayotganini payqashi mumkin. Gormonlar sizga soch turmagi va manikyurni yaxshilash imkoniyatini taqdim etdi.

Faqat qulay bo‘lgan kiyim-kechak va poyabzallardan foydalaning, o‘z holatingizni chiroyli buyumlar bilan namoyon qiling.