Homiladorlik

Homiladorlik taqvimi: 24-hafta

24-hafta  ona uchun yangi hissiyotlar vaqti. Bola tezkorlik bilan vazn to‘play boshlaydi va siz buni his qilasiz. Bu paytda bo‘lajak onani oyoqdagi og‘irlik, oshqozon va siydik pufagi sohasidagi noqulaylik bezovta qilishi mumkin. O‘z-o‘zingizga g‘amxo‘rlik bilan munosabatda bo‘lish orqali homiladorlikning bunday muqarrar qo‘shimcha ta’sirlarini yengishingiz mumkin.

24-haftada nimalar sodir bo‘ladi?

Onaning organizmi bolaning barcha ehtiyojlariga moslashib boradi. Hozir bola ona qornida o‘zini qulay his qilib, rivojlanishi va o‘sishi — eng muhimi. Shu tufayli onaning o‘zi unchalik yoqimli bo‘lmagan hissiyotlarni boshidan o‘tkazishi mumkin, bular, masalan, bel va orqadagi og‘riqlardir. 24-haftada qorin kattalashadi va og‘irlik markazi siljiydi. Homiladorlikkacha sport bilan shug‘ullangan onalar uchun bunday o‘zgarishlar qo‘rqinchli emas. Ular hech qanday og‘riqni ham his qilmasligi mumkin. Homiladorlar uchun fitnesga qatnayotgan onalarga ham xuddi shunday oson bo‘ladi.

Bandaj taqish vaqti keldi. Bu orqangiz uchun ham foydalidir, bunday moslama teri cho‘zilishlaridan himoya qiladi. Qulay poyabzal esa oyoqlaringizning dam olishiga yordam beradi, axir ular shundoq ham katta og‘irlikni ko‘tarmoqda.

Ko‘plab onalar ushbu davrda jig‘ildon qaynashidan shikoyat qiladi. Haqiqatan ham, ichki organlar siljishi tufayli, zarda yuzaga kelishi mumkin. Undan qutulish uchun kichik porsiyalarda yeyishga harakat qiling.

24-haftada homilaning rivojlanishi

Go‘dakning organlari va tizimlari shakllanish jarayonini yakunlamoqda. Ularning rivojlanish va takomillashish vaqti keldi. Bolaning reflekslari va sezgi organlari yanada faolroq ravishda rivojlanmoqda. Homila yorug‘likka reaksiya ko‘rsata oladi, o‘zini o‘rab turgan suv ta’mini biladi, onaning kayfiyatini sezadi.

Bola 16—20  soat davomida uxlaydi, uning rejimi onaniki bilan mos tushmasligi ham mumkin. Uning tanasi hali juda ozg‘in bo‘lishiga qaramay, harakatlari ancha keskin bo‘ladi. Bolaning qimirlashlari orqali ona uning nima qilayotganini payqashi mumkin. U kechalari juda faol bo‘lishi mumkin, ammo ona uni hozirdanoq allalasa bo‘ladi.

24-haftada bolaning og‘irligi 350—400 grammni, bo‘yi 25—30 santimetrni tashkil etishi mumkin. Hajmiga ko‘ra, u makkajo‘xorini eslatadi. Ona qorni unga tobora torlik qila boshlaydi, shu tufayli uning harakatlari va siltanishlarini yanada aniqroq his qila boshlaysiz. Bularga e’tiborli bo‘ling: ba’zan bola o‘tirgan holatingiz yoki baland ovozda gapirayotganingizdan shikoyat qilib signal berayotgan bo‘ladi.

Ratsion qanday bo‘lishi kerak?

24-haftada boshoqli o‘simliklar, dimlab pishirilgan sabzavotlar, qatiq mahsulotlari, parhez go‘sht, mevali salatlar iste’mol qilish tavsiya etiladi. Qovurilgan va dudlangan taomlar esa, xuddi shirinliklar va xamirli ovqatlar kabi ortiqcha vazn sababchilaridir. O‘z istaklaringizga yon bosish natijasida tug‘ruqdan keyin chiroyli qomatga erishish uchun mashaqqatli kurash olib borishga to‘g‘ri keladi.

24-haftadagi hissiyotlar

Ushbu muddatda bir hafta ichida homilador taxminan 300—500 gramm vazn yig‘ishi mumkin, bundan oshib ketishi kerak emas! Uyda elektron tarozi bo‘lsa, juda yaxshi — siz vaziyatni nazorat ostiga olishingiz mumkin. Shiddat bilan vazn yig‘ish asoratlarni keltirib chiqaradi, tug‘ruq vaqti uchun ham bu yaxshi narsa hisoblanmaydi.

Shuningdek, 24-haftada ter bezlari o‘ta yuqori miqdorda ter ajratib chiqarishi mumkin. Tarkibida sun’iy konservant va qo‘shimchalari ko‘p bo‘lgan dezodorantlardan foydalanish kerak emas. Homiladorlar uchun mo‘ljallangan kosmetik vositalarni ishlatganingiz ma’qul: ularning tarkibida spirt, paraben va silikonlar bo‘lmaydi.

Soch, tirnoqlar va terining ahvoli bu davrda yaxshi bo‘ladi va hech qanday xavotirni keltirib chiqarmaydi. Ayolning salomatligi ham yaxshi, yuzidan nur taralib turadi. Shunday bo‘lishda davom etishini istasangiz, ko‘proq sayr qiling va kamroq yeng.