Homiladorlik

Homiladorlik taqvimi: 25-hafta

25-haftadan so‘ng homila tushishi xavfi ancha pasayadi, deb hisoblashadi. Shunday ekan, ushbu davrni bo‘lajak ona uchun psixologik ahamiyatga ega deyish mumkin. Muddatidan avvalgi tug‘ruq ham bolaga yashab ketish imkoniyatini beradi.

Ayol tezkorlik bilan vazn to‘plamoqda, u allaqachon 6—7 kilogrammga semirgan, tug‘ruqqacha sizga yana ko‘pi bilan 5 kilogramm yig‘ish “ruxsat beriladi”. Homila esa ushbu muddatda bachadonda boshini pastga qaratgan holda to‘g‘ri holatni egallagan. Agar bunday bo‘lmagan taqdirda ham, u hali bunga ulguradi.

25-haftada nimalar sodir bo‘ladi?

Homiladorlik gullab-yashnagan davr davom etmoqda: ba’zan darmonsizlansangiz-da, oyoq kiyimingizni o‘zingiz kiya olyapsiz va unchalik tez charchab qolmayapsiz.

Har hafta siz 350 grammgacha semirasiz, ushbu marradan oshmaslikka intiling, o‘z vazningizni nazorat qiling. Tuzni suiiste’mol qiladigan ayollar shishishga moyil bo‘ladi. Bu shunchaki yoqimsiz yoki xunuk holat bo‘lib qolmay, xavfli hamdir. U gestozni keltirib chiqarishi mumkin.

Homiladorlikning 25-haftasida qorin yanada kattalashadi. Endi ko‘rik chog‘ida shifokor qorin aylanasini o‘lchaydi, homilaning yurak urishini eshitib ko‘radi va uning bachadondagi holatini aniqlashi mumkin bo‘ladi.

25-haftada homilaning rivojlanishi

Ushbu muddatda bolaning bo‘yi 30 santimetrga, og‘irligi 700 grammga yetadi. Endi uning bo‘yidan ko‘ra, vazni ko‘proq orta boshlaydi. Siz bola hiqichoq tutayotganini sezishingiz mumkin. U o‘zini o‘rab turgan suyuqlikni tez-tez yutib turadi, shunda u oshqozonni to‘ldirib, diafragmani qo‘zg‘atadi. Bolaning hiqichog‘idan xavotirga tushmang, biroq u haqda shifokorga xabar berishni ham unutmang.

Homilaning o‘pkalari shakllanib bo‘lgan, endi bu yerda shiddat bilan surfaktant shakllanmoqda. Aynan ushbu modda tug‘ruqdan keyin bolaning o‘pkalari yozilishini ta’minlaydi.

Bolaning qimirlashlarini kecha-yu kunduz his etasiz, sizlarning uyqu va dam olish grafiklaringiz bir-biriga mos tushmasligi mumkin.

Ko‘p-ko‘p dam oling, uxlang va ijobiy hissiyotlarga beriling

O‘zingizni ishlarga ko‘mib tashlamang. Ushbu davrda ko‘plab ayollarning xatosi shuki, ular hamma narsaga ulgurishga intiladi. O‘zingizni juda yaxshi his qilayotgan bo‘lsangiz-da, gardaningizga zarur bo‘lganidan ortiqcha mas’uliyat olish kerak emas. Sizning ko‘proq dam olishga, yaxshi uyquga, ijobiy hissiyotlarga ehtiyojingiz bor. Yaqinlaringizning har qanday yordamini minnatdorlik bilan qabul qiling va ko‘mak so‘rashdan uyalmang.

Hozir uzoq muddatli loyihalarni boshlamang — tug‘ruq ta’tili yaqinlashmoqda, o‘shanda siz vaqtingizni faqat oila bilan o‘tkazish, uy ishlari va boshqa yoqimli tashvishlar bilan shug‘ullanishni istab qolasiz.

Ovqatlanish: ko‘proq suv, kamroq tuz

Hech qanday yangi qoidalar yo‘q: sifatli, muvozanatlashgan holda va bo‘lib-bo‘lib ovqatlaning. Katta-katta porsiyalarda yesangiz, jig‘ildon qaynashidan qochib qutulolmaysiz. Suv ichishni cheklamang, biroq gazlangan ichimliklar va qutilarda sotiladigan sharbatlarga yaqinlasha ko‘rmang. Tuz iste’molini ham keskin kamaytiring, aks holda shishishlar sizni uzoq kuttirmaydi.

Odamga taomning yangi mazasiga ko‘nikish uchun bir-ikki hafta kifoya. Sog‘liq uchun foydali bo‘lgan odat — tuzni kam solish yoki umuman solmaslikka o‘rganing.

Homiladorlikning 25-haftasidagi hissiyotlar

Ortiqcha vazndan tashqari (aniqrog‘i, hozircha ortiqcha bo‘lmagan vazn), tashqi qiyofangizda boshqa alohida o‘zgarishlar kuzatilmaydi.

Homiladorlik osudalik bilan kechmoqda, hech qanday yoqimsiz hissiyotlar yo‘q, onaning kayfiyati ko‘pincha yaxshi. Ushbu muddatda muddatidan avvalgi tug‘ruq xavfi deyarli yo‘qoladi. Shunday ekan, asabiylashmang va ko‘proq dam oling!

Hozir sochlaringiz ajoyib ko‘rinishga ega ekanligiga e’tibor qarating, homiladorlik gormonlari ularga go‘zallik va mustahkamlik ato etdi. Ammo ularni bo‘yash tavsiya etilmaydi, natija ham mukammal bo‘lishiga kafolat yo‘q. Gormonal qayta qurilish o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi — yakuniy rang qanday bo‘lib chiqishi haqida oldindan aytib bo‘lmaydi.