Homiladorlik

Homiladorlik taqvimi: 26-hafta

Ikkinchi uch oylik o‘z yakuniga yetmoqda. Bo‘lajak onaning qorni allaqachon kindikdan 6 sm yuqorida joylashgan. Bir tasavvur qiling-a, ayni paytda bachadoningiz o‘rtacha tarvuz kattaligiga teng.

Tug‘ruqqa tayyorgarlikni boshlash vaqti keldi, maxsus kurslarga yozilishingiz mumkin. Atrofdagilar homiladorligingizni sezib bo‘lgan, ular qorningizning shakliga qarab qiz yoki o‘g‘il kutayotganingiz haqida xulosa qilishi mumkin. Aslida esa qorinning shakli qanday bo‘lishi ayolning tos suyagiga bog‘liq: agar u tor bo‘lsa, 26-haftada qorin uzunchoq ko‘rinishda bo‘ladi.

26-haftada nimalar sodir bo‘ladi?

O‘sib borayotgan qorin nafas olishingizni qiyinlashtirib qo‘yadi, nafas qisilishi yuzaga keladi, doimiy ravishda chuqur nafas olish istagi tug‘iladi. O‘z poyabzalingizni mustaqil tarzda kiyish qiyinlashib boradi, yurishingiz o‘zgaradi.

Bu muddatga kelib, vazningiz 9 kilogrammgacha ortishi mumkin, bu normal holat. Belingiz, oyoqdagi og‘irliklar bezovta qilishi mumkin. Ko‘proq dam oling, uzoq vaqt sayr qilmang va uzun navbatlarda turmang. Hozircha shifokor ko‘rigidan ikki haftada bir marta o‘tasiz, ammo sizda homiladorlar kamqonligi yoki piyelonefrit xavfi aniqlansa, shifokorga ko‘proq borishga to‘g‘ri keladi.

Maxsus bandaj taqing, teri cho‘zilishlariga qarshi kremlardan foydalaning. Agar sizda soxta dard yoki homilaning haddan ortiq tarzda ko‘p qimirlashi kuzatilsa, xavotirlanmang. Biroq bu haqda shifokorga aytgan ma’qul, ayniqsa, dard tez-tez sodir bo‘layotgan bachadon gipertonusi bilan birgalikda qayd etilsa.

26-haftada homilaning rivojlanishi

Ushbu haftada homilaning bo‘yi 32 sm, og‘irligi deyarli 900 grammga yetadi. U juda faollashib qolgan, va siz buni his qilasiz. Ba’zan bolaning tepishlari ancha og‘riqli bo‘lishi mumkin (ayniqsa, ular jigar yoki siydik pufagiga borib tegsa).

Bola yog‘ to‘plamoqda, uning terisi biroz ochroq tusga kirgan. Uning asosiy sezgilari ta’m va tovushlardir. Unga yoqimli sokin musiqa, onaning mayin ovozi, tabiatning go‘zal tovushlari yoqsa ajab emas. Shovqin-suron esa bolakayni qo‘rqitib yuborishi mumkin.

Bola ona qornida uning yurak urishini, qonning tomirlar bo‘ylab yurishini eshitadi, bular u uchun qadrdon tovushlardir. Buni esda tuting, bola tug‘ilganidan so‘ng injiqlik qilganida, uni bag‘ringizga bosib, shu tariqa tinchlantirishingiz mumkin. U onaning yurak urishini eshitadi va o‘zi uchun odatiy bo‘lib qolgan tovushni taniydi.

O‘zingizni stresslardan nari tuting

Holatingiz bilan bog‘liq ba’zi o‘zgarishlar sizni xafa qilishi mumkin. Biroq bu qiyinchiliklarning barchasi abadiy emas, tez orada siz umuman boshqa tashvishlar dunyosiga sho‘ng‘iysiz. Bor diqqatingizni o‘z betobliklaringizga qaratmang, diqqatingizni jamlash uchun boshqa ob’yektlarni toping.

Va, albatta, yaqinlaringizdan sizga tayanch bo‘lishni, sizni qo‘llab-quvvatlashni so‘rang. O‘zingizni ortiqcha urintirmang. O‘zingizni turli stresslardan nari tuting, hozir ular siz uchun ortiqcha.

Porsiyalarni kamaytiramiz

Ko‘ngil aynishi va jig‘ildon qaynashi — ushbu muddatda tez-tez uchrashi mumkin. Buning hayratlanarli joyi yo‘q: bachadon boshqa organlarga bosim o‘tkazadi, ularni siljitadi, hazm qilish tizimi ham joyidan surilishga majbur bo‘ladi. Bundan sizni bo‘lib-bo‘lib ovqatlanish qutqaradi. Yaxshisi, tez-tez kam-kamdan (musht kattaligidagi porsiyalarda) yeng.

Hozir uyda tayyorlangan ovqat ma’qulroq, biroq u ham achchiq, sho‘r, dudlangan va qovurilgan yeguliklarni istisno qilishi kerak. Shirali va xamirli taomlarni kam-kamdan yeyish mumkin. Ziravorlarni ham suiiste’mol qilmagan ma’qul, axir qorningizdagi bola o‘zini o‘rab turgan suvni yutadi, u esa siz yegan ovqat ta’miga ega bo‘ladi.

26-haftadagi hissiyotlar

Avvalgi kiyim-kechaklaringizga sig‘ishingiz amri mahol. Hatto, poyabzalni ham bu muddatda kattarog‘idan xarid qilishga to‘g‘ri kelishi mumkin. Biroq bu siz chiroyli va latofatli bo‘lmay qoldingiz degani emas. Hozirgi qomatingizni keng va uzun chakmonlar yoki noqulay tor shimlar emas, bo‘lajak onalar uchun maxsus kiyimlar orqali chiroyli qilib ko‘rsatish mumkin.