Homiladorlik

Homiladorlik taqvimi: 35-hafta

Bola ona qornida yetilmoqda, uning barcha organlari allaqachon ishlamoqda. Tez orada u tos suyagi sohasiga tusha boshlaydi, shunda onaning nafas olishi, nihoyat yengillashadi.

35-haftada ona to‘liq “jangovar shaylik” holatida bo‘lishi kerak. Doim o‘zingiz bilan ayirboshlash kartasini olib yuring, telefoningiz quvvat olgan va hisobida mablag‘ bo‘lsin. To‘g‘ri, hali biroz erta, ammo aytib bo‘ladimi?

35-haftada bolaning o‘lchamlari

35-haftadan boshlab bola haftasiga 200—220 grammdan vazn yig‘adi, hozir esa uning og‘irligi 2,4—2,6 kg, bo‘yi 46—47 sm ga yetgan. Bolaga o‘z “uyi” tobora torlik qilib bormoqda, u harakatlanish uchun avvalgidek erkinlikka ega emas. Uning hozirgi o‘mbaloq oshishlari ko‘proq dumalashni eslatadi.

Bolakayning tirnoqlari o‘sgan, 35-haftada uzlar shunchalik uzunlashganki, bola qorningizdayoq o‘zini bilmasdan tirnab olishi mumkin.

Bu davrda badandagi tuklar yo‘qoladi, yog‘ to‘qimalari ko‘payishda davom etadi. Endi ushbu to‘qima eng ko‘p yelka atrofida paydo bo‘la boshlaydi, natijada homilaning yelkachalari jajji bolakaylarga xos yoqimtoy ko‘rinish oladi.

Ushbu haftada bola o‘zi uchun eng qulay holatni o‘zil-kesil tanlab oladi va o‘zi tug‘iladigan vaqtga qadar shu holatda qoladi. Ko‘pincha 35—36-haftada bolalarning ko‘pchiligi to‘g‘ri o‘rnashadi: boshini pastga qilib, yuzini onaning beliga qaratgan holda. Miya suyaklari hali birikmagan, ular tug‘ruq yo‘llaridan o‘tishda biroz qiyshayishi mumkin, bu tug‘ruq jarayonini ancha osonlashtiradi. Boshini pastga qilib yotish bolangiz uchun qulay holat, bu davrda uning g‘o‘janak bo‘lib yotib olishi ham normal holatdir.

Agar bola ag‘darilib olmasa ham, tashvishlanmang, tug‘ruq jarayoni normal holatda kechishi kerak. Tajribali akusherlar shunday bo‘lishi uchun qo‘lidan kelgancha harakat qiladi.

35-haftada qorin tosh qotadi

Muddat ancha katta va ushbu haftada ko‘pchilik uchun noqulaylik hissiyotlari yuzaga kelishi mumkin: ayolni vaqti-vaqti bilan oyoqdagi og‘riqlar yoki qorin ostidagi tortishishlar bezovta qiladi. Albatta, bola kattagina bo‘lib qolgan, u siqilmoqda, ona qorni doimiy ravishda tarang holatda turadi. Ba’zi ayollarda qorin tosh qotishi, oyoqlar shishishi, charchoq hissi paydo bo‘lishi mumkin.

Biroq ushbu belgilarni yengillashtirish yoki ulardan butunlay qutulish ham mumkin. Buning uchun kamharakat hayot tarzidan voz keching, deyarli har 10—20 daqiqada yurib turish kerak. Shuningdek, oyoq-qo‘llarda shish paydo bo‘lmasligi uchun ko‘p suyuqlik ichish kerak emas. Ertalablari va kun davomida homiladorlar uchun yengil jismoniy mashqlarni bajarish, shuningdek, to‘g‘ri va kam-kamdan ovqatlanish ham katta foyda beradi.

35-haftadagi tug‘ruq

Bola yetilib bo‘ldi, endi u dunyoga kelishini kutayotgan oddiy chaqaloqqa aylangan. Homiladorlikning 35-haftasidagi tug‘ruq normal holat hisoblanmasa-da, sarosimaga ham tushish kerak emas. Hozir asosiysi — fursatni o‘tkazib yubormaslik. Agar to‘satdan belda davriylik xususiyatiga ega og‘riqlar paydo bo‘lsa, ajralmalar kelsa yoki qorin tosh qotganini sezsangiz, yaxshisi, darhol bu haqda shifokorga xabar bering. Ushbu muddatda tug‘ruq boshlanib qolsa ham, barchasi yaxshi kechadi.

Dadil homiladorlik

35-hafta — maksimal ijobiy kayfiyat va ishonch davridir. Agar bo‘lajak tug‘ruq jarayoni haqida sizda qandaydir qo‘rquvlar paydo bo‘lsa, ularni tarqatib yuboring. Kechqurun yaxshi film ko‘ring, tinchlantiruvchi musiqa tinglang, o‘zingiz ham kuylashni unutmang: bolalarga onaning qo‘shiqlari doim yoqadi.