Homiladorlik

Homiladorlik taqvimi: 40-hafta

Tug‘ruqni kutmoqdamiz va endi kun emas, soat sanamoqdamiz. Tug‘ruq har qanday lahzada boshlanib qolishi mumkin.

Bola o‘zini qanday his qilmoqda?

Bolaning tanasi bachadondagi butun bo‘shliqni egallagan, uning harakatlari sekinlashadi, faollik uchun unga joy yetishmaydi.

Bolaning og‘irligi hozir 3,2—3,8 kg, bo‘yi 50—54 smni tashkil etadi. Bu aynan tug‘ruqbop o‘lchamlar. To‘g‘ri, qiz bolalar o‘g‘illarga nisbatan yengilroq bo‘lib tug‘iladi, lekin ulardan biroz uzunroq bo‘lishi mumkin.

Hozir uning ko‘krak bezlari biroz shishib turib, bu ko‘p miqdordagi estrogen bilan bog‘liq, ammo tug‘ruqdan keyingi bir necha hafta ichida hammasi normallashadi. Yangi tug‘ilgan qiz bolalarda xuddi shu estrogen natijasida qindan ajralmalar kelishi mumkin. Hali tug‘ilmagan bolalarning ichagida yig‘ilgan mekoniy steril hisoblanadi, biroq tug‘ruqdan so‘ng darhol ichakka turli mikroorganizmlar joylashib oladi.

Chaqaloq qanaqa bo‘ladi?

Endigina tug‘ilgan chaqaloqlar g‘alati ko‘rinishga ega bo‘ladi: boshchasi noto‘g‘ri shaklda bo‘lishi mumkin (u 1—2 kun ichida to‘g‘rilanadi); terisi tabiiy bo‘lmagan rangda — ko‘kish kulrangdan tortib, qoramtir yoki sarg‘imtir ham bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, bolaning terisi smazka, sizning qoningiz yoki mekoniy bilan qoplangan bo‘ladi.

Bundan tashqari, chaqaloqning badanida dog‘lar yoki qasmoqlar ham bo‘lishi mumkin, ular vaqt o‘tishi bilan izsiz yo‘qoladi.

Chaqaloq baqirib yig‘lashi kerak

Har bir yangi tug‘ilgan chaqaloq o‘zining dunyoga kelganini bildirgan holda baqirib yig‘lashi kerak. Har bir baqiriq bilan u o‘zining birinchi nafasini oladi, o‘pkalarini yozadi va mustaqil nafas olishni boshlaydi.

Agar bola qichqirishni xohlamasa, uning dumbasiga yengilgina urib, bunga rag‘batlantirish kerak.

Ona o‘zini qanday his qilmoqda?

Bachadon o‘z cho‘qqisiga yetib, qov simfizidan 36—40 sm, kindikdan 16—20 sm masofada joylashgan.

Qorin terisi shunchalik qattiq cho‘zilganki, sizda vaqti-vaqti bilan qichishish hissi paydo bo‘ladi. 40-haftada shilliq to‘siq ko‘chib tushadi, dardlar seziladi.

Ushbu haftada onalar chaqaloq nega haligacha tug‘ilmaganidan xavotirga tusha boshlaydi. Tinchlaning, bola bunga ruhiy va jismoniy jihatdan tayyor bo‘lganidagina tug‘iladi.

Ikkinchi tug‘ruq

Homiladorlikning 40-haftasida ikkinchi tug‘ruq birinchisidan farq qilishi aniq. Buni har qanday ginekolog tasdiqlaydi. Biroq tug‘ruq davomiyligini hech kim oldindan ayta olmaydi. Ikkinchi tug‘ruq vaqtida bachadon bo‘ynining ochilishi ancha tezroq sodir bo‘ladi, chunki organizm bularning barchasini boshidan kechirib ko‘rgan. Shu tufayli dard davom etadigan vaqt birinchisiga qaraganda qisqaroq bo‘ladi.

40-haftada qorin tosh qotadi

Statistikaga ko‘ra, ayollarning ko‘pchiligi aynan shu davrda tug‘adi. Homiladorlik muddati katta, bola dunyoga kelishiga juda kam vaqt qoldi. Shu tufayli, agar 40-haftada qorin tosh qotsa, tez-tez va davriy tarzda dardga o‘xshash og‘riqlar paydo bo‘lsa, qorin pastga tushsa — bularning barchasi tug‘ruq jarayoni boshlanganidan darak berishi mumkin.

Eng muhim payt

Tug‘ruq vaqtini kutar ekansiz, xotirjam bo‘lishga urining. Mayda-chuyda narsalarga asabiylashmang. Yaxshi kayfiyatni saqlab qoling. Dardlar tutayotgan paytda bo‘shashish va to‘g‘ri nafas olish usullarini amalga oshiring. Sarosimaga tushmang va shoshib qolmang, avvaldan o‘ylab qo‘ygan rejangizga qarab ish tuting.