Ultratovushli tekshiruv (UTT) orqali bola jinsini aniqlash ko‘plab bo‘lajak ota-onalar uchun tekshiruvning eng kutilgan bosqichidir. Shifokor uchun ham tug‘ilajak bolaning jinsini bilish muhim.
Ba’zi ota-onalar jinsni aniqlashdagi ehtimoliy xatolar bilan qiziqadi, ular haqiqatan ham kuzatilishi mumkin. UTT homilani batafsil ko‘rib chiqish imkonini beradi, biroq hatto UTT ham jinsiy organlarning tasvirini aniq-ravshan ko‘rsatmaydi. Zamonaviy uskunalar va 3—4 d formatidagi UTT imkoniyatlari adashish darajasini ancha kamaytirdi.
Ayni paytda bola jinsini UTT bo‘yicha 12 haftalikdayoq taxminan aytish mumkin, ammo shifokor jinsni ancha aniq qilib 20—22 haftalikda tekshirib bera oladi. Ushbu muddatga kelib, tasvir ancha tiniqroq aks etadi, barcha organlarni yaxshilab ko‘rish mumkin, qog‘onoq suvi ham 3—4 d tasvirlar uchun yetarlicha bo‘ladi.
Xo‘sh, shifokor nimaga qaraydi? O‘g‘il bolalarni, shubhasiz, jinsiy olat va moyak xaltachasi, qiz bolalarni esa jinsiy lablar tasviri orqali aniqlashadi. Chot sohasi turli kesimlar bilan ko‘rib chiqilishi kerak. 3—4 d formatida UTT bilan jinsni tekshirish yuzaki rekonstruksiya rejimini hisobga oladi. Erkak jinsini aniqlashda kuzatiladigan xatolar chot sohasida kindik ilmoqlari yoki barmoqlar borligi tufayli kelib chiqishi mumkin. Jinsni to‘g‘ri aniqlashni jinsiy lablarning shishganligi ham qiyinlashtirishi mumkin. Tug‘ilajak chaqaloqning bachadondagi noqulay joylashuvi ham jinsiy organlarni yaxshilab ko‘rishga yo‘l qo‘ymaydi.
Statistikaga ko‘ra, UTT orqali tekshirilganda bola jinsining to‘g‘riligi homiladorlikning turli muddatlarida quyidagicha aniqlikda bo‘ladi:
11-haftada — 46—91,7%
12-haftada — 53,8—100%
13-haftada — 57,8—100%
14-haftada — 80—94%
Homiladorlik muddati qanchalik katta bo‘lsa, qanday jinsdagi farzand kutayotganligingizni bilish ehtimoli shunchaki yuqori bo‘ladi.
Bolaning organlari hali yaxshi rivojlanmagan bo‘lsa, jins UTT orqali qanday aniqlanadi? Homiladorlikning 11—14-haftasida shifokor nafaqat aynan jinsiy organlarga qaraydi, balki jinsiy bo‘rtmacha va umurtqaning bel-dumg‘aza qismi orqali o‘tadigan gorizontal chiziq orasidagi burchakni ham baholaydi. Agar burchak 30 gradusdan ortiq bo‘lsa, jins erkak, 30 gradusdan kichik bo‘lsa, ayol bo‘ladi.
Ta’kidlash joiz, bolaning jinsini nafaqat ota-onaning qiziqishini qondirish uchun, balki germafroditizmga yo‘l qo‘ymaslik uchun ham aniqlashadi.
Ma’lumot uchun, germafroditizm — organizmda bir vaqtning o‘zida yoki birin-ketin erkaklar va ayollar jinsiy belgilari va reproduktiv a’zolarining bo‘lishi.