13 iyun kuni O‘zbekiston hukumat portali qoshida «Hukumat bolalar nigohida» (kids.gov.uz) nomli sayt ishga tushdi, deb Kun.Uz xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, ushbu sayt 2016 yil - «Sog‘lom ona va bola yili» doirasida bolalarga «hukumat» va «davlat» tushunchalarini o‘rgatish, siyosiy hamda huquqiy bilimlarini shakllantirish maqsadida yaratildi.
6 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan sayt o‘zbek va rus tillarida ishlaydi.
Zulfiya va Bobur ismli sayt qahramonlari bolalarni O‘zbekiston, uning chegarasi va qo‘shnilari, bolalarning Konstitutsiyada belgilangan huquqlari va boshqa qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishtirib boradi.
Asosiy sahifada “O‘yinlar” bo‘limi veb-saytda joriy etilgan barcha o‘yinlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tish uchun yaratilgan.
Sayt Informatsion texnologiyalar va kommunikatsiyani rivojlantirish vazirligi qoshidagi UZINFOCOM markazi tomonidan ishlab chiqilgan.