25 yanvar kuni “Hukumat bolalar nigohida” veb-saytining (www.kids.gov.uz) ingliz tilidagi talqini ishga tushirildi. Bu haqda Qalampir.uz xabar bermoqda.
“Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda bilim berishning ilg‘or uslublarini joriy etish yo‘li bilan, o‘sib kelayotgan yosh avlodning chet tillarda erkin so‘zlasha oladigan mutaxassislar sifatida shakllanishlariga shart-sharoit va imkoniyatlar yaratishni yanada takomillashtirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda “O‘zinfokom” kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish markazi boshchiligida “Hukumat bolalar nigohida” (www.kids.gov.uz) veb-sayti endilikda ingliz tilida ham o‘z faoliyatini davom ettira boshladi”, deyiladi portaldagi axborotda.
Ushbu veb-sayt 2016 yil – “Sog‘lom ona va bola yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan bolajonlarda “Davlat” va “Hukumat” haqida tasavvurlar, O‘zbekiston haqida umumiy tushunchalar hamda bolajonlarning huquqiy bilimlarini shakllantirishga hizmat qilish maqsadida ishlab chiqilgan edi.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur veb-sayt O‘zbekiston Respublikasidagi yurtimizda ishlab chiqilgan shu turkumdagi ilk loyiha hisoblanadi.
Veb-saytda O‘zbekiston Respublikasi va hukumat tuzilishi haqida umumiy ma’lumotlar sodda matnlar va rasmlar yordamida tasvirlab berilgan.