Kutubxona

Ikki qiz haqida ertak

Bir qizcha bo‘lgan ekan. Kunlardan bir kuni onasi yovvoyi kartoshka kavlab kelgani o‘rmonga yuboribdi. Qizcha belkuragi bilan savatni qo‘liga olib, o‘rmonga boribdi va chakalakzorga kirib qolibdi. Chakalakzorda oq qirchumolining ini va inning tagida uya bor ekan. Qizcha uya atrofini timirskilab yovvoyi kartoshka qidira boshlabdi, bir vaqt belkuragi sonidan chiqib ketib, to‘ppa- to‘g‘ri haligi uya ichiga borib tushibdi Qizcha harchand urinmasin, belkurakni ololmabdi, shundan keyin baqirib odamlarni yordamga chaqira boshlabdi. Birdan qalin chakalakzordan katta yo‘lbars chiqib kelibdi, uning boshini yara bosib, yiringlab ketgan ekan. --Hoy qiz, yanglishmasam, yordamga chaqirding, shundaymi? Men senga yordam berishga tayyorman,belkuragingni hozir olib beraman. Lekin, sen boshimdagi yarani yiringdan tozalashing lozim bo‘ladi. Menga boshqa iltifoting kerak emas, - debdi yo‘lbars. --Voy buvajon- ey! Siz faqat menga belkuragimni olib bering., men esa siz uchun hamma narsani ado etishga tayyorman. Yo‘lbars belkurakni olib beribdi-da, qizcha va’dasini ustidan chiqarmikin degan xayolda sabr qilib qarab turibdi. Qizcha uchi o‘tkir tayoqchani olib, yarani yiringdan tozalay boshlabdi. Yo‘lbars undan: --Hoynahoy, terimdan qo‘lansa hid kelsa kerak-a?—deb so‘rabdi. Haqiqatan ham putos bog‘lagan yaralardan chiqqan hidga chidab bo‘lmaskan, ammo qizcha: --Yo‘q, yo‘q, buvajon, hecham unday emas,-deb javob beribdi. Yo‘lbars qayta-qayta so‘rasayam, qizcha uni savoliga bir xilda javob qilibdi. Qizcha o‘z ishini tugatishi bilan birdan yo‘lbarsning terisi o‘zgaribdi, butunlay yangilanib, yaralardan tozalanib yaltirab turganmish. Yo‘lbars qizga: -Savatingni menga ber, senga yaxshigina qilib yovvoyi kartoshka solib berman,-debdi. Qizcha o‘zi to‘qigan savatchasini uzatibdi, yo‘lbars unga ko‘rsatmay savatga sof oltin va kumushlarni to‘ldirib solib, ustini yaxshilab berkitibdi-da, qizchaga: --Mana, ol savatchangni,tez uyingga bor.borganingdan keyin aka va opalaringni, qarindosh-urug‘laringni chaqirib, eshikni ichkaridan mahkam bekitgin-da, so‘ng savatchani och,--debdi. Qizcha yo‘lbarsga minnatdorchilik bildirib, u bilan xayrlashibdi, uyga kelib aka-opalari, qarindosh-urug‘larini chaqiribdi, eshikni ichkaridan mahkam yopib, savatchasini ochibdi. Qarasa, savatchasi oltin va kumushga limmo-lim emish! Oradan ko‘p vaqt o‘tmay bu yangilikdan qo‘shnisi xabardor bo‘lib qolibdi, uning ham qizi bor ekan, u qiziga dashnom berib, qarg‘ay ketibdi: --Boshqalarga bir nazar tashla! O‘rmondan savat-savat oltin, kumush olib kelib aka-ukalariga in’om qilyapti. Sen bo‘lsang yovvoyi kartoshkadan bo‘lak hech narsa topa olmaysan. Belkurakni ol-da, oq qirchumolilarning iniga bor, qo‘shni qiz nima qilgan bo‘lsa, sen ham shunday qil, - deb qizini uydan quvib chiqaribdi. Qo‘shni qiz o‘rmonga yetib boribdi. U belkurakni sonidan ajratib olib qirchumolilarning iniga uloqtirib, yo‘lbarsni yordamga chaqira boshlabdi, yo‘lbars kelgandan keyin uning har qanday istagini bajo keltirishga sidqidildan va’da beribdi. Yo‘lbars belkurakni olib beribdi-da, bu xizmati evaziga yaralarini yiringdan tozalashni undan iltimos qilibdi. Qo‘shni qiz ishga kirishganda, yo‘lbars undan: -Hoynahoy, terimdan qo‘lansa hid kelsa kerak?- deb so‘rabdi. -Voy buvajon, nimasini aytasiz, shunday jirkanjliki! -Hay, mayli. Bo‘ldi qila qol. To‘qilgan savatchangni menga ber, men senga biror narsa solib beraman,-debdi yo‘lbars. Qo‘shni qiz darhol savatini unga uzatibdi. Yo‘lbars uning savatiga to‘ldirib zaharli ilonlarni solib, bunday debdi: --Uyga borganingdan keyin, onangni chaqir-da, eshikni ichkaridan yaxshilab berkitib ol, keyin savatingni och. Qo‘shni qiz xuddi yo‘lbars aytganday qilibdi. Uyga kelgandan so‘ng onasini chaqiribdi, ona-bola oltinu kumushlarni bo‘lishib olamiz, degan xayolda savatning og‘zini ochishibdi. Qarashsa, u yerdan dahshatli zaharli ilonlar chiqib kela boshlabdi. Ona –bola oyoqlarini qo‘llariga olib qochishibdiki, boshqa bu joylarda ular qoralarini ko‘rsatishmabdi. Tiling boshingga etadi, deganlari shu bo‘lsa kerak. Kxmer xalq ertagi