Kutubxona

Ikkinchi xotinmi yo birinchi farzand. Qay biri qadrliroq?

Turmushga chiqyapsiz! Balki turmush o‘rtog‘ingiz sizgacha ma’lum hayotiy tajribaga ega, uylangan va hatto, birinchi nikohdan farzandlari ham bordir. Xotin sobiq bo‘lishi mumkin, ammo farzandlar emas. Siz buni yaxshi tushunasiz. Ammo nazariy jihatdan tushunish boshqayu, shu sharoitning ichida yashash boshqa. Tabiiyki, qator muammolar yuzaga keladi. Quyida ulardan ayrimlarini hayotiy misollar asosida ko‘rib chiqamiz.

«ERIM O‘G‘LIDAN ORTMAYDI»

— Turmushga chiqayotganimda erimning birinchi nikohdan o‘g‘li borligini bilardim. Ammo uni sevganim uchun bunga u qadar e’tibor bermaganman. Erim to‘ydan oldinoq farzandini juda yaxshi ko‘rishini va undan hech qachon voz kechmasligini aytgandi. To‘ydan bir hafta o‘tar-o‘tmas u o‘g‘lini tanishtirish uchun olib keldi. Erim u bilan ko‘p vaqtini o‘tkazadi, ikki gapining birida uni eslaydi, dam olish kunlari uning oldiga chopadi. Men yangi kelinchak esa qaynona-qaynotamning xizmatidan ortmayman. Erim bilan bir joyga sayr uchun chiqish ham orzu. Chunki uning butun bo‘sh vaqti o‘g‘li bilan band. Nima qilsam ekan-a?

MALOHAT, Toshkent shahri

SUG’DIYONA: Nima qilishingiz kerakligini balki ruhshunos yoki oilashunos mutaxassis aytar. Men oddiy bir ayol sifatida eringiz yaxshi ota ekanini ta’kidlay olaman, xolos. O‘zingiz ham farzandli bo‘lsangiz, bilingki, eringiz hech qachon uni tashlab qo‘ymaydi va undan voz kechmaydi.

RUHShUNOS: Albatta, to‘ygacha bir-biringizga ko‘proq e’tibor bergansiz. Ammo birga yashay boshlagach, hayot o‘z oqimiga tushadi. Endi ish, ro‘zg‘or tashvishlari, ota-ona, qarindosh-urug‘, farzandlar va do‘stlar uchun vaqt ajratish kerak. Siz bir umrga turmush o‘rtog‘ingiz uchun olamning markazi bo‘lib qolmaysiz-ku. Agar eringizning o‘g‘li bilan uchrashishi siz uchun muammo darajasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, demak, siz uni qizg‘onayapsiz. Yosh bolaga rashk qilyapsiz. Aytish mumkinki, bu noo‘rin rashk. Turmush o‘rtog‘ingizning hayotida sizning µam, o‘g‘lining µam o‘z o‘rni bor. Bu ikki o‘rin hech qachon bir-biri bilan raqobatlasholmaydi. Yaxshisi, u bolaga mehr berishga urinib ko‘ring. Axir, to‘ygacha uning borligini bilgansiz-ku.

«BOLA BAHONA, DIYDOR G‘ANIMAT»

— Erimning birinchi turmushdan ikki farzandi bor. To‘yimizdan keyin ularni ko‘rgani uncha ko‘p bormasdi. Aliment to‘lardi, kattaroq xarajatlari chiqqanda qarashib yuborardi. Yana tug‘ilgan kunlarida sovg‘alar… Xullas, hammasi me’yorda edi. Oradan bir necha yil o‘tdi, men ham ikkita farzand ko‘rdim. Bu orada qaynonam bilan muammolar paydo bo‘ldi. Erim esa negadir bolalarini tez-tez yo‘qlaydigan, ular bilan ko‘p vaqt o‘tkazadigan bo‘lib qoldi. Nazarimda, u bola bahona birinchi xotini bilan uchrashyapti. Chunki tunov kuni ularning allaqaysi kafeda bir dugonam ko‘ribdi. Bolalar bilan tushlik qilishayotgan ekan. Nahotki erim meni tashlab, birinchi xotiniga qaytsa?

FARIDA, Samarqand shahri

SUG’DIYONA: Ko‘pchilik ayollar erlarining birinchi turmushidagi farzandlari bilan muloqot qilishini istashmaydi. Sabab, bola bahona eri birinchi xotini bilan muloqot qiladi, deb o‘ylashadi. Farzandlarning ahvolini so‘rashlar, betob bo‘lsa, birga kasalxonada  tong ottirishlar, bola uchun muhim tadbirlar, sanalar (maktabni bitiruv kechasi, institutga imtihon topshiradigan kun…)da uning yonida birga bo‘lishlari... Ammo bir bolaning ota-onasi bo‘lgach, uchrashmaslikning, bir-birini yo‘q deb hisoblashning µam iloji yo‘q.

RUHShUNOS: Eringizga ishonasizmi? Agar ishonmasangiz, sizga faqat vaqt va tiyrak aql yordam berishi mumkin. Lekin tabiatan rashkchi ayol bo‘lsangiz, eringizning ahvoliga voy. Siz uni nafaqat birinchi ayoliga, umuman, hamma ayollarga rashk qilishingiz tayin. Bu yerda bolalarning hech aybi yo‘q. Ular sabab ham, bahona ham bo‘lolmaydi. Haddan ortiq badgumonligingizning sabablaridan yana biri – o‘zingizga nisbatan ishonchning yetishmasligi. O‘ziga ishongan ayol eri uni tashlab, birinchi xotiniga qaytishi mumkinligini xayoliga ham keltirmaydi. Agar jozibangiz va maftunkorligingizga shubhangiz bo‘lsa, o‘zingizni parvarishlang, shirinso‘z bo‘ling, qaynonangiz bilan munosabatlaringizni yo‘lga qo‘ying, xullas, ortiqcha vahimalar bilan eringizni uydan bezdirmang.

«TUG‘IShINGNI ISTAMAYMAN!»

— Har kim oila qurayotganida uvali-juvali bo‘lishni orzu qiladi. Men ham shunday niyatlar bilan turmushga chiqqandim. Ammo birinchi turmushim befarzandlik tufayli uzoqqa bormadi. Ikkinchi bor uch farzandi bilan ajrashgan odamga tegdim. Oz fursat o‘tmay, homilador bo‘ldim. Quvonchim cheksiz edi. Ammo erim kutilmaganda seni tug‘mas ayol deb o‘ylab uylangandim. Menga uch farzand yetadi, bolani oldirasan deb turib oldi. Qanaqasiga onalik baxtidan voz kechishim mumkin? Boshqa tomondan, aytganini qilmasam, erim meni qo‘yib yuboradi, bolam otasiz o‘sadi. Meni yomon ko‘rsanglar ham aytay, erimning farzandlarini ko‘rgani ko‘zim yo‘q! O‘shalar bo‘lmaganida, erim bolamni tug‘ilmayoq nobud qilish fikriga tushmasdi.

GULBAHOR, Denov shahri

SUG’DIYONA: Oila qurayotganingizda eringiz sizga nima uchun uylanayotganini bilmaganmidingiz? U aynan tug‘masligingiz uchun sizni tanlaganini aytmaganmidi? Agar aytmagan bo‘lsa, umuman nomard odam ekan. U farzandingizga otalik qilishga arzimaydi. Bu mening shaxsiy fikrim. Xo‘sh, mutaxassis nima derkin?

RUHShUNOS: Albatta, ahvolingizni tushunaman. Eringizning farzandlarini yoqtirmasligingiz tabiiy va bunga hammadan ham turmush o‘rtog‘ingiz aybdor. Ammo to‘ydan oldin shu masalani ko‘tarib, muhokama qilib olish kerak edi. Boshqa tomondan olib qaraganda,  farzandingiz dunyoga kelgach, vaziyat o‘zgarishi mumkin. Eringiz bolalarini yaxshi ko‘rar ekan, tug‘ilajak go‘dak ham uning farzandi. Ko‘rgach mehri tushadi, albatta. Sizni bola bilan tashlab qo‘ymaydi. Faqat bolam tug‘ilsa erim u farzandlaridan soviydi, deb xomta’ma bo‘lmang. Ha, u sizning bolangiz bilan ko‘proq vaqtini o‘tkazadi, chunki sizlar bilan birga yashaydi. Ammo to‘ng‘ichlarini avvalgidek sevishda davom etaveradi. Nima bo‘lganda ham, sizni bo‘lajak onalik baxti bilan tabriklayman va eringizning tug‘ilajak farzandiga munosabati o‘zgarishidan umidvorman. Balki u ikki oiladagi farzandlar o‘rtasida sarson bo‘lib qolishdan qo‘rqayotgandir. Erkaklar bu masalada shunaqa qo‘rqoq bo‘lishadi. Biroq ishonchim komilki, bu o‘tib ketadi va hammasi yaxshi bo‘ladi.

«SIZ VA UNING BOLALARI»

— Modomiki, turmush o‘rtog‘ingiz birinchi oilasidan farzandlarini juda yaxshi ko‘rar va ular bilan aloqani uzmas ekan (buning yomon tomoni yo‘q, aslida), siz oilaviy muhitni yaxshilash va turmush o‘rtog‘ingizga muhabbatingizni namoyon etish uchun uning farzandlari bilan munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishingiz kerak. Busiz iloji yo‘q. Ammo hammasida me’yor va samimiylik bo‘lishi kerak. Ularga ortiqcha mehribonlik va soxta e’tibor ko‘rsatmang, bola buni sezadi, sizdan ko‘ngli soviydi. Yaxshisi, asta-sekin u bilan til topishishga harakat qiling. Darslari, kelajakdagi rejalari bilan qiziqing. Faqat qimmatbaho sovg‘alar berib, bolaning mehrini sotib olishni aslo o‘ylamang. Bu bilan kichkintoyda o‘zingizga nisbatan iste’molchi munosabatini shakllantirasiz. Ya’ni u sovg‘alar uchun siz bilan muloqotda bo‘ladi, xolos. Qo‘lingizdan kelsa, uni yaxshi ko‘ring. Unutmang, ma’lum bir yoshga yetgach, u hammasini tahlil qilib ko‘radi va sizning niyatingizu intilishlaringizni to‘g‘ri baholab, minnatdor bo‘ladi.

Manba: Darakchi.uz