Salomatlik

Immunitet mustahkamligi uchun…

Go‘dakning salomatligini to‘g‘ri tuzilgan menyu yordamida ham mustahkamlashingiz mumkin. Kuz-qish mavsumi uchun «Foyda va xilma-xillik!» shiorini taklif etamiz. Tabiiy sabzavotlar va mevalardagi vitaminlar hamda mineral moddalar dorixonada sotib olingan tayyor preparatlarga qaraganda organizm tomonidan yaxshi o‘zlashtiriladi. Albatta, sovuq mavsumda tanlov ancha cheklangan: bozordan malina yoki tarvuz sotib ololmaysiz. Keyin bu shart ham emas! Odatdagi olma – vitaminlarning ajoyib manbai hisoblanadi. Bundan tashqari, undan ko‘plab shirin taomlarni tayyorlasa bo‘ladi. Shu mavsumda topiladigan mahsulotlardan har xil taomlarni o‘ylab toping. Bunda biz ham sizga yordam beramiz. Quyidagi ana shunday mahsulotlarning bir nechtasini keltiramiz.

1. Sut Ushbu mahsulotda oqsil moddasi, yog‘lar, uglevodlar va mineral moddalar mo‘l.

  • Go‘dakka haddan tashqari yog‘li sut bermang (1,5 yoki 2,5%li sutni xarid qiling).

2. Yogurt va kefir Sut kislotasidagi tirik bakteriyalar (probiotiklar) ichakdagi optimal bakterial florani saqlab turish uchun juda zarur. Bundan tashqari, ular immunitetga ham ijobiy ta’sir qiladi.

  • Kefir xarid qilayotganda bolaning yoshini ham hisobga oling. Qatiq mahsulotlarini achitqi yordamida o‘zingiz mustaqil ravishda tayyorlaganingiz ma’qul.
  • Kefir – 8 oylikdan boshlab.
  • Yogurt – 1,5 yoshdan keyin.

3. Asal Bu shirinlik shifobaxsh xususiyatlarga ega: u qon-tomir tizimiga, yurakka ijobiy ta’sir qiladi, immunitetni mustahkamlaydi va shamollashni davolaydi. Antibakterial xususiyatga ham ega. Uni juda ehtiyot bo‘lib berish kerak! Agar bolada toshma paydo bo‘lsa, yoki qorni og‘risa, asal berishni to‘xtating.

  • Farzandingiz uchun jo‘ka (lipa) va grechka asalini tanlang. Choyga bir qoshiqdan solib haftada ko‘pi bilan 2 marta bering.
  • Bir yoshdan keyin tavsiya etiladi.

4. Sabzi To‘q sariq rangli ushbu sabzavot juda kuchli shifobaxsh mahsulot hisoblanadi. Undagi beta-karotin ko‘z uchun juda foydali. Shuningdek u umumiy zaiflik va anemiyada foydali bo‘lib, organizmga viruslarga qarshi kurashishda yordam beradi.

  • Bolaga qirg‘ichdan chiqarilgan yoki yangi siqilgan sharbatini (unga selderey va biroz o‘simlik moyidan qo‘shing) taklif qiling. Qaynatib pishirilgan sabzi ich ketishda yordam beradi.
  • 7 oylikdan boshlab berish mumkin.

5. Kurka go‘shti Parhez go‘sht – eng foydali mahsulotlardan biri hisoblanadi (uni odatda allergiyasi bor bolalarga tavsiya etishadi). Uning tarkibida juda ko‘p miqdorda temir, rux, magniy moddalari, B guruhi vitaminlari, oqsil moddasi mavjud. Anemiyaning oldini oladi, organizmni mustahkamlaydi.

  • Yumshoq go‘shtni tvorog, saryog‘ va qirg‘ichdan chiqarilgan pishloq bilan aralashtirib bering.
  • Kurka go‘shtini kamida bir soat pishiring va albatta birinchi bulonni to‘kib tashlang.
  • 8 oylikdan boshlab tavsiya etiladi.

6. Petrushka ko‘kati Bir choy qoshiq maydalangan ko‘kat go‘dakning mineral va vitaminlarga bo‘lgan bir sutkalik ehtiyojini qondiradi. Petrushkada deyarli barcha vitaminlar mavjud (C, E, B guruhi vitaminlari, A provitamini hamda ko‘p miqdorda temir, kalsiy, kaliy va fosfor moddalari bor). Ushbu ko‘katshamollash va grippda katta yordam beradi.

  • Mayda to‘g‘ralgan ko‘katni bolaning taomiga soling (sho‘rvalar, ragu, teftel, sabzavotli pyure).
  • Sho‘rvaga – 7 oylikdan boshlab.
  • Buterbrodlarga – bir yoshdan keyin.

7. Lavlagi Shirin sabzavot yallig‘lanishni davolaydi, anemiyaning oldini oladi, asab tizimi faoliyatini yaxshilaydi. Suvda pishirib olingan lavlagiga o‘simlik moyi qo‘shib tayyorlangan salat ishtahani ochadi.

  • Uni go‘dakka kasal paytida bering (ayniqsa tomog‘i og‘riganida). Bu taom juda yengil hazm bo‘ladi va yutganida tomog‘ini og‘ritmaydi.
  • 9 oylikdan boshlab.

8. Dengiz balig‘i Suvlar malikasi bola organizmiga to‘yinmagan yog‘ kislotalarini etkazib beradi. Ular bolaning asab tizimi va miya faoliyatiga ijobiy ta’sir qiladi hamda immunitet mustahkamlanishiga yordam beradi. Baliqlar ichida losos, forel, paltus, treska, skumbriya va seldlarni xarid qilgan ma’qul.

  • Immunitetni kuchaytirish uchun pediatrlar baliq moyini tavsiya etishadi. Shuningdek unda kaltsiyni yaxshi o‘zlashtirishda zarur bo‘ladigan D vitamini ko‘p. Kapsulalarda sotiladigan baliq moyini berish qulayroq.
  • 10 oylikdan boshlab (agar farzandingizda allergiya bo‘lmasa).

9. So‘k yormasi Bo‘tqa vitaminlar va mineral moddalarga boy. U juda yaxshi xazm bo‘ladi, ovqat xazm qilish trakti faoliyatini yaxshilaydi. Ammo bunda ehtiyot bo‘ling: bolada glyutenga allergiya bo‘lsa, uni bermang!

  • Baland haroratli xastaliklarda suyuq bo‘tqani suvda tayyorlang..
  • 7 oylikdan boshlab.

10. Olmalar Ushbu meva o‘zining foydali tarkibini deyarli butun qish davomida saqlaydi (fevralda vitaminlari qolmaydi). Olma ovqat hazm qilish faoliyatini yaxshilaydi, ichakdagi bakterial florani tartibga soladi.

  • Anemiya, charchoq, baland harorat, shamollash va grippda hamda kasallikdan keyin qirg‘ichdan o‘tkazib yoki bo‘lakchalar ko‘rinishida bering.
  • 7 oylikdan boshlab.

11. Piyoz va sarimsoq Ushbu g‘aroyib sabzavotlar bakteriyalarni o‘ldirib, organizmni mustahkamlaydigan fitontsidlarga ega.

  • Piyoz va sarimsoqni ozroq miqdorda sho‘rvaga qo‘shing. Yoshi kattaroq farzandingizga esa o‘sayotgan bargchalarini taklif qiling. • Qaynatib pishirilgan holatda – 7 oylikdan boshlab.
  • Pishmagan holatda — 1,5 yoshdan boshlab.

12. Pomidorlar Qizil sinor mineral va vitaminlarga boy. Tez-tez kasal bo‘ladigan bolalarga tavsiya etiladi.

  • Ushbu sabzavot pishmaydigan mavsumda tomat sharbati yaxshi foyda beradi.
  • 10 oylikdan boshlab beriladi.

Manba: Avitsenna.Uz