Salomatlik

Jaziramada bolalarni qanday parvarishlash kerak?

Yozda barchamiz ham issiqdan lohas tortamiz. Jajji bolalar qanday qiynalishini tasavvur qilish ham qiyin. Tashqaridagi havo harorati tobora oshib borayotgan paytda nima qilish kerak: bola o‘zini yaxshi his qilayotganini qanday bilish mumkin? Bu borada maslahatlarga quloq tuting.

Jaziramada bolaning rejimi qanday bo‘lishi kerak?

Bahor va kuzda bolalar bilan iloji boricha ko‘proq sayr qilish tavsiya etiladi, yozda esa rejimga o‘zgartirishlar kiritgan ma’qul. Bolalar (ayniqsa chaqaloqlar) soat 11 dan 16—17 gacha bo‘lgan davrda to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlari ostida bo‘lishi kerak emas. Sayrlarni ertalab yoki kechga yaqin amalga oshirgan ma’qul, bunda ochiq joydan ko‘ra, daraxtlar biroz soya tashlagan joyni tanlagan yaxshiroq.

Bolani sayrga qanday kiyintirib chiqarish kerak?

Yosh bolaning terisi juda ta’sirchan, ularda melanin pigmenti (oftobda qorayish asosi) yaxshi ishlab chiqarilmaydi, shu tufayli quyoshda kuyib qolish xavfi katta. Shifokorlar bolani sayrga chiqarishda qo‘l va oyoqchalarini yopib turadigan kiyim kiydirishni maslahat beradi. Shu bilan birga, uni o‘ta qizitib yubormaslikka harakat qiling: termoregulyasiyada muhim rolni bajaruvchi teri nafas olishi va sovishi kerak. Soyaboni yelkani yopib turadigan bosh kiyim haqida unutmang. Ultrabinafsha nurlarni deyarli o‘tkazmaydigan tabiiy matolardan tikilgan kiyimlarni tanlang (sintetika nurlarning 20—50 foizini o‘tkazadi). Jaziramada bolalar aravachasining ustini to‘r bilan yopmang — bola uning tagida nafas ololmaydi. Aravachaning ichkarisiga yetarlicha havo borayotganiga ishonch hosil qiling.

Suyuqlik ichish rejimi o‘zgaradimi?

Terlaganda bolaning organizmi suyuqlik yo‘qotadi, ushbu talafotni to‘ldirish uchun bolaga tez-tez ichimlik berish kerak. Ko‘pchilik bolalar va kattalarda ham jazirama vaqtida ishtaha pasayishi — tabiiy hol. Bir yashar bolaga tushlik vaqtida kompot va mevalar berish mumkin, sho‘rva va go‘shtli taomlarni esa tushki uyqudan keyin yedirish mumkin (havo salqinlashgach, ishtaha yaxshilanadi).

Cho‘miltirish kerakmi?

Jaziramada bolani har kuni ikki-uch marta cho‘miltirish kerak. Kun davomida bolaning badanini vaqti-vaqti bilan ho‘l sochiq bilan artib turish mumkin. Katta suv havzalarida suvning kimyoviy tarkibi yaxshi bo‘lmagani sababli, u yerda bir yoshgacha bo‘lgan bolalarni cho‘miltirish tavsiya etilmaydi. Yaxshisi, bolalar basseynini shishiring va uni vodoprovod suvi bilan to‘ldiring.

Harorat rejimini qanday normallashtirish kerak?

Agar ventilyator yoki konditsionerni yoqish imkoniyati bo‘lsa, bu yaxshi — faqat ularning shamoli to‘g‘ri bolaga kelib urilmayotganiga e’tibor bering. Yuqorida aytib o‘tilganidek, bolani shunday kiyintirish kerakki, u qizib ketmasin, aks holda salqin havo kelib urilishi natijasida, bola shamollab qolishi mumkin. Bolaning isib ketayotganini payqash qiyin emas — yuzchasi qizaradi, peshonasi terlaydi, sochi nam bo‘lib qoladi.

Bolaning terisini qanday parvarish qilish kerak?

Jaziramada bolalar ko‘proq terlaydi, ularning badani bo‘rsib qolmasligi uchun suvda tez-tez cho‘miltirish va “havo vannasi” qabul qilish kerak. Suv terini quritadi — unga bolalar kremi yoki yog‘idan surib qo‘yish kerak. Ammo taglik ostidan qalin qilib surilgan krem terining nafas olishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Bolalar terisini himoya qilish uchun dermatologlar ultrabinafsha nurlardan himoya bo‘yicha yuqori faktorga ega oftobda kuyishdan himoya qiluvchi bolalar kremidan foydalanishni maslahat beradi.