Mavzu yuzasidan atrofimdagi oilalarni kuzatib, bu borada har kim turlicha firklashining guvohi bo‘ldim. hayron qoldirgani, jinsiy tarbiya deganda, aksariyat ota-onalar shaxsiy gigiyena qoidalarini tushunishadi, xolos. Aslida esa bolalarning jinsiy tarbiyasi juda nozik masala. Tanlagan mavzumiz ko‘lami shu qadar kengki, bolalar ruhiyati bilan birga salomatligiga ham urg‘u berib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Xo‘sh, to‘g‘ri tarbiya usulini tanlash uchun ota-onalar nimalarga e’tibor berishlari lozim? Asosiy vazifalari nimalardan iborat? Bugun shu haqida.
Mutaxassisimiz: tibbiyot fanlari doktori, seksapatolog Dilmurod Irgashev
- O‘G‘IL BOLA
TARBIYa YO‘RGAKDAN BOShLANADI....
Ahamiyat bergan bo‘lsangiz farzand dunyoga kelgach, ayolga bolani qanday emizish va yo‘rgaklash tushuntiriladi-yu, jinsiy a’zolari rivojlanishida nimalarga e’tibor berilishi aytilmaydi. Aksariyat hollarda biror muammo yoki nome’yoriy holatni sezishsa ham, beparvolik «biroz ulg‘aysin o‘tib ketadi» deyishadi. Vaholanki, bola jinsiy tarbiyasini to‘g‘ri olib borish uchun har bir ota-ona jinsiy a’zolar tuzilishi, rivojlanishi kabilarni ham bilishi kerak.
ILK KO‘RIK: MUHIM MAVZU!
Ko‘p ota-onalar o‘g‘il farzandlarining jinsiy a’zolariga ahamiyat berishmaydi. Bir-biriga to‘g‘ri tushganmi, biror nuqsoni yo‘qmi, tuxum joylashuvi me’yoridami... Yo‘q, bular o‘rniga chillagurazongami, yig‘ingami oshiqishadi. Shifokorlar o‘g‘il bolaning chillasi chiqqach, bolalar andrologiga olib borishni tavsiya etishadi. hatto hech qanday bezovtalik bo‘lmasa ham. Agar bolaning jinsiy a’zosida biror bir nome’yoriy holat aniqlansa, 2 yoshgacha kerakli muolajalar bajarilsa, keyinchalik muammolardan holi bo‘ladi.
NEChA YoShDA QANDAY?
Jinsiy tarbiya nazdingizda hojatxonaga borib kelishni o‘rgatish, tahorat qilish bilan kifoyalanib qolsa, xato qilasiz. O‘g‘il bola tarbiyasini yosh davrlariga bo‘lib chiqsak, quyidagicha taqsimlanishi mumkin.
....2 yoshgacha: o‘g‘il bola o‘z jinsini anglashi, «o‘g‘il bola» ekanligini tushunishi lozim. Buning uchun esa «sen o‘g‘il bolasan, mard bo‘l» kabi so‘zlar ayni muddao. O‘g‘il bolaga hos o‘yinlar, ertak kitoblar, yetakchilik qobiliyatini shakllantiruvchi qahramonlarni misol keltirish lozim. Mayli, o‘g‘lingiz Betmen, O‘rgimchak odamga havas qilsin, urishmang. Alpomish, Jaloliddin Manguberdi kabi timsollarni bilsayu undanda yaxshi. Muhimi unda o‘z jinsi haqida tasavvur bo‘ladi.
....5 yoshdan so‘ng: jismoniy kuchini to‘g‘ri yo‘naltiring. Ana shunda atrofidagi voqea-hodisalarga to‘g‘ri munosabatda bo‘ladi. Mehnat qilishga o‘rgating. Biror hunarga qiziqdimi, shashtini qaytarmang. Bilagidagi kuchi to‘g‘ri yo‘naltirilsa, ortiqcha fikrlarga chalg‘itmaydi.
....10-11 yosh: o‘g‘il bolada shaxs shakllana boshlaydi. O‘zini yanada mustaqil his etishi va buni boshqalarga ko‘rsatishga intilishi tabiiy hol. Buni ota-onalar to‘g‘ri tushunishlari kerak.
Xarakterni shakllantirishning jinsiy tarbiyaga qanday dahli bor, deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz kerak. Jinsiy tarbiya aynan fe’l-atvor tarbiyasidan boshlanadi. Yuqorida davr ko‘rsatmalari esa balog‘at davridagi jinsiy tarbiya uchun asos bo‘ladi.
ENDI U «QO‘RQMAS BOTIR»!
Balog‘atga yetish davrida o‘g‘lingizni ertak qahramonlari bilan tarbiyalagan bo‘lsangiz, bu davrga kelib, qahramonlik xarakterini shakllantirishingiz lozim. Unutmang, ayni shu davrda o‘g‘il bola qizlar bilan muomala qilish, o‘zini qanday tutishi kabilarga qiziqadi. Ba’zida «dadam bilan bir-biringizni sevasizmi» kabi savollarni eshitib qolasiz. Bu yoshiga mos qiziquvchanlik. Sizning vazifangiz esa sevgi va bir-birini yoqtirish o‘rtasidagi farqni to‘g‘ri tushuntirish. Bu holatda nimalarni his etishi, hayajonini qanday boshqarishni o‘rgatishingiz, misollar keltirishingiz lozim.
O‘G‘LIMIZ ULG‘AYDI...
Qaxramonlar timsoli, botirlikdan o‘tib va nihoyat balog‘at davriga ham yetib keldik. Bu paytda o‘g‘il bolada jinsiy moyillik asta-sekin paydo bo‘la boshlaydi. Tushida ehtilom qilish ham sodir bo‘ladi. Bu tabiiy hol. Bilgan taqdiringizda ham vahima qilib, tergamang. O‘g‘il boladagi bunday jinsiy o‘zgarishlarni otasi tushuntirishi shart. Sof muhabbat, uni his etganda nimalar yuz berishi, qay holatda qiz bola bilan muomala qilish, nimalarga yo‘l qo‘ymaslik, oila qurish kabilar asosiy mavzulardir. Jinsiy yetilish davrini boshidan o‘tkazayotgan yigitlar uchun romanlar asqotadi. Agar o‘g‘lingiz istasa, tarbiyaviy ahamiyatga molik turli romanlarni taklif eting. Mutolaa qilib ko‘rsin. O‘g‘il bola o‘zidagi o‘zgarishlar haqida yaqinlaridan to‘g‘ri ma’lumot olmas ekan, albatta tashqaridan manba axtaradi.
OTASI HAM O‘RNAK BO‘LSIN!
hamma oilada ham er-xotin tortishuvi uchrab turadi. Ammo o‘g‘il-qiz o‘stirayotgan ota-onalar, hech qachon bolalar ko‘z o‘ngida bir-birin haqorat qilmasligi kerak. E’tibor bersangiz, yosh oilalarda erkakning qadrsizlanishi, ayolning xo‘rlanishi bolalikdagi xotiralar sabab yuz beradi. O‘g‘lingizga o‘rnak bo‘ling, erkaklar! Onasini urib, haqoratlab, zinodan tiyilmasangiz, haqiqiy erkaklik, ayollar bilan yaqinlik haqida qanday gapirasiz?! «Sizdek bo‘lmayman» demaydimi dilida?!
«O‘G‘IL BOLALAR BILAN O‘YNAMA!»
To‘g‘ri, qizingizni tashqi ta’sirlardan asrab-avaylab, turmushga uzatishni niyat qilasiz. Ammo o‘ylab ko‘ring, o‘g‘il bola haqida to‘g‘ri tushuncha berayapsizmi? 4-5 yoshli qizaloqni «qo‘shnining o‘g‘li bilan o‘ynama, uyat bo‘ladi» deb unda qanday taassurot paydo qilayapsiz?! Bu yoshda qizchangiz ishtonchang yurish uyat, be’mani qiliq qilish uyat, kattalarga gap qaytarish uyat deb biladi. O‘g‘il bola nimasi bilan uyatli deb o‘ylamaydimi? Shifokorlar tajribasida to‘ydan so‘ng kuyov bilan qo‘shilolmaydigan kelinchaklar uchrab turadi. Sababini o‘rgansangiz, bolalikda otasi yoki onasi qo‘rqitgan: «o‘g‘il bola qo‘lingga tegib ketsa, homilador bo‘lib qolasan».
- QIZLARDA
QIZ BOLA UChUN ONASI MA’SUL!
Kichikligidan qiz bola o‘g‘il boladan nimasi bilan ajralib turadi, yurish-turishi, kiyinishidan tortib, muomalasigacha tushuntirishi kerak. Ona bu borada farzandiga o‘zi o‘rnak bo‘lishini unutmasligi lozim. Balog‘at davriga qadam qo‘yayotgan qizga hayz haqida batafsil ma’lumot berish lozim. hayz ko‘rgandan so‘ng yuzaga keladigan jinsiy a’zolardagi o‘zgarishlar, ko‘kraklar kattalashishi haqida ham xolis fikr yuritish kerak.
«ODAMLAR NIMA DEYDI?»
Qiz bolani bolalar ginekologiga olib borish ko‘pchilik oilalar uchun erish tuyuladi. «Eshitgan odam nima deydi?! Qizining aybi bor ekan demaydimi?! Turmushga chiqayotganida ko‘rinsa bo‘ldi-da». Xafa bo‘lmang-u, dunyoqarashi keng bo‘lgan odam, avvalo, gap-so‘zlar ta’siriga tushib qolmaydi. Ahir farzand sog‘lig‘i hammasidan ustun-ku! Qiz bola 11-12 yoshga yetgach, jinsiy a’zolarini ko‘rikdan o‘tkazish foydadan holi bo‘lmaydi.
«MINI YuBKA KIYaR QIZLAR...»
Kichikligida hech narsa qilmaydi deb, kalta yubka, tor shim kiydirasiz qizingizga. Ammo balog‘at davriga qadam qo‘ygan qiz bola qomatini ko‘z-ko‘z qilishi emas, siporoq kiyinishi lozim. Bu ham jinsiy tarbiyaning muhim bo‘lagi hisoblanadi. O‘smir yigit sonining yarmigacha ochiq, ko‘kraklariga yopishib turgan liboslarni kiygan qizlarni ko‘rib, shahvati qo‘zg‘ashi mumkin. Chunki bu davrda o‘g‘il bolada jinsiy moyillik ustunlik qiladi. Ammo hislarini tushunmaydi.
TAShQI TA’SIRLARDAN HIMOYaLASh KERAKMI?
Bugun internet, uyali telefon apparatlaridagi turli dasturlarga bolalarning kirib-chiqishi oson bo‘lib qolgan. To‘g‘ri, e’tiborli ota-onalar farzandlari necha soat kompyuterda shug‘ullanadi, kim bilan telefonda so‘zlashadi diqqat qiladi. Ammo besh qo‘l barobar emas-da. Garchi behayo suratlar qonunan ta’qiqlangan bo‘lsa ham yoshlar ongini zaharlaydiganlar topiladi. Unutmang, behayo filmlar yoki suratlarga qiziqib qolgan bola, keyinchalik bu ta’sirdan chiqib ketolmasligi mumkin. Bu esa oilaviy hayotida asoratsiz o‘tmaydi.
BUVASIGA YuKLAMANG!
Gohida «o‘g‘limda ehtilom bo‘ldi. Ammo tushuntirishga uyalayapman. Buvisiga aytaman, o‘g‘il o‘stirgan tushuntiradi» degan gaplarni eshitamiz. Mutaxassislar bu fikrni yoqlashmaydi. Buviyu bobosi tibbiyot sohasidan boxabar bo‘lsa, balki uddalashi mumkindir. Ammo jinsiy tarbiya masalasida ota-onadan o‘zgasi mas’ul bo‘lolmaydi. Nozik masalalarni siz emas, qaynona-qaynotangiz yoki ota-onangiz tushuntirsa, farzandingiz bilan orada masofa paydo bo‘lishi mumkin.
Muxtasar aytganda, jinsiy tarbiya avvalo bola xarakterini to‘g‘ri shakllantirishdan boshlanadi. Bu ishni faqat siz, ya’ni o‘g‘il va qizni tarbiyalayotgan ota-ona bajarishingiz mumkin.
Manba: Darakchi.uz