Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “Barkamol” bolalar sport va dam olish oromgohida yoz mavsumida bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish bo‘yicha hududiy seminar bo‘lib o‘tdi, deb Uz24.Uz xabar bermoqda.
Tadbirda oromgohlarda bolalarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari ta’minoti, ularning sanitariya-gigena talablariga javob berishini nazorat qilish, ta’lim-tarbiya va sog‘lomlashtirish ishlarini yuqori darajada tashkil etish, malakali pedagog-kadrlar bilan ta’minlash borasidagi ishlar atroflicha muhokama qilindi.
O‘zAning xabariga ko‘ra, joriy mavsumda Toshkent shahrida 62 bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi faoliyat ko‘rsatib, ularda 43 mingdan ortiq o‘quvchi hordiq chiqaradi. Mehribonlik uylarining barcha tarbiyalanuvchilari statsionar oromgohlarda dam oladi. Toshkent shahar kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi bilan hamkorlikda 2016 yilgi mavsumda faoliyat ko‘rsatadigan 26 statsionar oromgohning pedagog-kadrlarga talabi hisobga olinib, tajribali pedagog-kadrlar ro‘yxati shakllantirildi.
Mavsumda intellektual, texnik ijodkorlik, badiiy ijodiyot, ekologik va ijtimoiy moslashuv kabi yo‘nalishlardagi ixtisoslashtirilgan oromgohlar faoliyat ko‘rsatadi. Chet tili to‘garaklari dasturlari takomillashtirilib, pedagog-kadrlar uchun 5 nomdagi metodik qo‘llanma va tavsiyalar tayyorlandi.