Homiladorlik

Kesarcha kesishning ijobiy va salbiy jihatlari

Kesarcha kesish qorin bo‘shlig‘ida qilinadigan operatsiya bo‘lib, unda bola onaning qorin devoridagi kesilgan joy orqali chiqarib olish yo‘li bilan dunyoga keladi. Bolani bunday usulda dunyoga keltirish nafaqat operatsiya o‘tkazishga majbur qolgan ayollar soni ko‘pligi, balki ko‘plab ayollarning tug‘ruq jarayonidagi azoblardan qochib, uni tez va o‘zlari uchun qulay o‘tkazishga bo‘lgan intilishi tufayli ommalashib ketdi. Aynan shu tufayli ayollarning bir qismi kesarcha kesishni o‘z xohishiga ko‘ra tanlaydi.

Biroq homiladorlik va tug‘ruq — tabiiy jarayon bo‘lib, tos suyagining torligi, onaning yoshi, bolaning bachadondagi noto‘g‘ri joylashuvi va boshqa tibbiy ko‘rsatkichlar tufayli mustaqil ravishda tug‘ish mumkin bo‘lmagan holatlardagina operativ aralashuvga murojaat qilgan ma’qul.

Kesarcha kesish qanday hollarda tavsiya etiladi?

  • tos suyagi tor bo‘lganida (II—IV darajali torlik);
  • bachadon miomasi, tuxumdonlar shishi bo‘lsa;
  • bachadon yorilishi xavfi bo‘lsa;
  • yo‘ldosh barvaqt ko‘cha boshlasa.

Bundan tashqari, homilaning ko‘ndalang yoki teskari joylashuvi, gestoz, tug‘ruq faoliyatining zaifligi, gipoksiya (kislorod yetishmasligi) yoki homilaning yurak disfunksiyasi ham operatsiya uchun sabab bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Operatsiya qilishning ijobiy va salbiy jihatlari

Kesarcha kesish — ancha keng tarqalgan operatsiya. Statistikaga ko‘ra, har beshinchi chaqaloq ana shu usulda dunyoga kelgan. Tabiiy ravishda savol tug‘iladi: agar bunday tug‘ruq shakliga shunchalik ko‘p murojaat qilinsa, demak uning o‘ziga xos afzalligi bordir? Bunga aniqlik kiritishga harakat qilamiz. Kesarcha kesishning barcha afzallik va kamchiliklarini ona, bola va shifokor nuqtai nazaridan ko‘rib chiqamiz.

Kesarcha kesishning ijobiy tomonlari

Ona uchun:

  • ko‘p soatlab davom etadigan dardning yo‘qligi;
  • mustaqil tug‘ish imkoniyati bo‘lmaganida hayot va sog‘liqni saqlab qolish;
  • jinsiy hayotning tezroq qayta tiklanishi;
  • qin mushaklarining cho‘zilishi, chot to‘qimasining yirtilishi, gemorroyning kuchayishi kabi muammolarning yo‘qligi.

Bola uchun:

  • tabiiy tug‘ruqning imkoni bo‘lmaganida hayotni saqlab qolish.

Shifokor uchun:

  • ko‘proq pul to‘langani uchun operatsiya yoqimliroq va tug‘ayotgan ayolga ko‘proq e’tibor talab qilinadi.

Kesarcha kesishning salbiy tomonlari

Ona uchun:

  • har qanday operatsiya — organizmga aralashuvdir, demak, salbiy oqibatlar, asoratlar xavfi bor;
  • tuqqan ayol ruhiy jihatdan o‘zini ona sifatida his qilmaydi, chunki miyaga tug‘ruq yakunlangani haqida signal bormaydi;
  • emizish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi mumkin;
  • narkozdan o‘ziga kelish va choklar bitib ketishi jarayoni ancha noqulaylik tug‘diradi;
  • tuqqan ayolning bachadoni qisqarishi uchun tabiiy tug‘ruqdagiga nisbatan ko‘proq vaqt talab etiladi;
  • ayolning qornida xunuk chandiq qoladi.

Bola uchun:

  • bola oddiy tug‘ruqdagiga nisbatan dunyoga tezroq keladi: qon bosimining keskin tushishi, atrof-muhitning keskin o‘zgarishi — u uchun stress;
  • chaqaloq bunday tug‘ruqdan so‘ng moslashishi qiyinroq kechadi;
  • bunday bolalarning sog‘lig‘i biroz zaifroq bo‘ladi.

Shifokor uchun:

  • tug‘ruq muvaffaqiyatli kechishi uchun mas’uliyat to‘liq uning bo‘ynida.