Kichkintoy yoshiga yetgach, onalarni «qanday ovqatlantirsam ekan?» degan savol o‘ylantiradi. Bolaning birinchi yoshidagi tanovuli kelgusidagi rivojlanish jarayoniga ta’sir etadi. Aynan mana shu vaqtdan boshlab bolalar taomnomasini foydali mahsulotlar bilan to‘ldirib borish kerak. Biroq bu ishni qadamma-qadam bajarish kerakligini ham unutmang. Zero, bola organizmi hali yosh, unga ortiqcha kaloriyalar bilan bosim o‘tkazish sog‘lig‘i uchun zararli. Yoshiga yetgan bolaga qanday mahsulotlar foydaliligi haqida bilishni istasangiz, suhbatimizga qo‘shiling.
Ovqatlanish tartibi
Yoshiga to‘lgan bola ruhiyatida yeguliklarni rangi, ko‘rinishi va mazasiga ko‘ra ajratish holati mavjud. Shu sabab shokolad va rang-barang konfetlar bolalar diqqatini tezda jalb qiladi. Bolangiz uchun kun davomida iste’mol qilinadigan mahsulotlarni uning harakatiga ko‘ra tuzib chiqing (o‘ynash vaqti, uxlash mahali, uyqudan so‘ng kabi) Shunda taomnomaga qo‘shilgan yangi mahsulotlar bola oshqozoniga og‘irlik qilmay, yaxshi hazm bo‘ladi. Bir kunlik ovqatlanish tartibi quyidagi bo‘lishi mumkin:
- Birinchi nonushta: iloji boricha sutli aralashma (quruq aralashma ko‘rinishidagi tayyor bo‘tqalar) bo‘lsin. Agar bolangiz hali ham emizikli bo‘lsa, ona sutidan foydalanish mumkin.
- Ikkinchi nonushta: guruchli yoki manniy yormasidan tayyorlangan sutli bo‘tqalar.
- Tushlik: suyuq va quyuq ovqatlarni ketma-ketlikda bering. Bir gal yog‘siz sabzavotli sho‘rva bo‘lsa, yana birida bug‘da tayyorlangan go‘shtli taom bo‘lishi lozim.
- Tushlikdan keyingi tanovul: bu vaqtda bolangiz uyqudan uyg‘onib, qorni biroz ochiqqan bo‘ladi. Unga mevali bo‘tqa yoki tovorog va yog‘siz smetana aralashmasidan berishingiz mumkin.
- Kechki ovqat: kattalar uchun tayyorlangan taomlarning hammasi ham 1 yoshli bolaga to‘g‘ri kelavermaydi. Unga yengil hazm bo‘luvchi kartoshka bo‘tqasi, go‘shtli teftel yoki bug‘da tayyorlangan kotlet kabi taomlardan berish mumkin.
Bolakayga taomnoma tuzayotganda mahsulotlar tarkibida tuz miqdori kamroq bo‘lishiga ahamiyat bering.
Manba: Darakchi.uz