Emizikli ayol borki ertami-kechmi bolakayni ona sutidan ajaratish bilan to‘qnash keladi. Ba’zi bolajonlar bu davrdan oson va ko‘nikimli o‘tsalar, ayrimlarda esa o‘rgangan odatidan voz kechish oson bo‘lmaydi. Ayniqsa tungi emizish vaqti ayrim bolakaylarning ovunishi juda qiyin. Xo‘sh, ana shunday muammo bilan yuzma-yuz turgan onalar bolaning ruhiyatini jarohatlamay vaziyatni nazorat qilishlari uchun qanday usullardan foydalanishlari mumkin. Bu haqda oliy toifali shifokor-pediatr, laktolog Nafisa Sultonova tanishtiradi.
Qachon emizishdan chiqargan ma’qul?
Ba’zi onalar farzandalari yoshiga to‘lgach emizish befoyda, xuddi so‘rg‘ichdek gap-da, deyishadi.Aslida esa aynan bir yoshdan ikki yoshgacha bo‘lgan davr bolakayning organizmi uchun foydali bo‘lib, davomli bo‘lishi talab qilinadi. Me’yorda bolangizni ikki yoshigacha emizsangiz yetarli. To‘g‘ri va yetarli darajada ona suti bilan oziqlangan bolakay kelajakda turli muammolardan xoli bo‘ladi. Masalan ona s uti bilan me’yorida oziqlangan bolalarda:
- Jismoniy va aqliy salohiyati yaxshi rivojlangan bo‘ladi;
- Ateroskleroz xavfi kamayadi;
- Immuniteti mustaxkamlanadi;
- Gapertoniya,qandli diabet, leykoz, me’da faoliyati bilan bog‘liq turli xil kasalliklar xavfi nisbatan kamayishi tibbiyotda isbotlangan.
Onalar diqqatiga!
- Jiddiy sabab yoki bolaning ona sutini qabul qilmaslik holati kuzatilmasa, 4-8 oylik davrda emizishdan ajratish mumkin emas. Bu vaqtda rivojlanayotgan yosh organizm uchun ona suti tarkibidagi foydali elementlar juda muhim.
- Ko‘krakdan ajaratish uchun avval o‘zingiz tinchlanib oling! Sizdagi hotirjamlik bolangizning ortiqcha bezovta bo‘lmasligini ta’minlaydi.
- Tez va bir vaqtning o‘zida ko‘krakdan ajratish to‘g‘ri emas.Bu ishni sekin-asta bolaning e’tiborini boshqa narsalarga jalb qilish orqali bajargan ma’qul. Ko‘pi bilan ikki xafta mobaynida sutdan chiqarishga erishish mumkin.
- Bahor va kuz fasli emizishdan ajratish uchun ayni muddao.Yozda esa ona suti bolkayni turli xil me’da infeksiyalaridan himoyalaydi. Shu bois yoz mavsumida emizishdan chiqarishni o‘ylamang.Yaxshisi ayni vaqtda bu ishni bajaring yoki kuzning boshlarigacha bir oz kuting.
- Farzandingiz oldida ko‘krak qismi yopiqroq bo‘lgan liboslarda ko‘rining.Bu uning diqqatini jalb qilmaydi. Agar emishni xumor qilsa, tayyor bo‘tqa, nimtatir shirin choy yoki mevali sharbatlarga chalg‘iting. Bu ham yordam bermasa unda navbatdagi usullarni birma-bir sinab ko‘rishingiz mumkin.
- Agar farzandingizni istisnosiz 6 oygacha faqat ona suti bilan emizib, o‘z vaqtida oz-ozdan qo‘shimcha ovqat qo‘shib borsangiz, 2 yoshga yetgach qo‘shimcha ovqlatlarga talabi sekin-asta ortib boradi. Bu esa bolani ona sutidan ajralishini osonlashtiradi.
- Agar bolaning talabiga mos, yetarli darajada emizilmasa, 2 yoshdan keyin ham ona sutiga bo‘lgan talabi kuchli bo‘ladi. Bu paytda esa bolani ona sutidan ajratish qyinlashishi mumkin. Shu kabi holatlar yuz bersa, bolangizni emizishni davom ettiring. Bunda sut tarkibi o‘zgarmay, kerakli ozuqani ta’minlaydi.
Farzandingizdan uzoqlashmang!
Ko‘pchilik onalar farzandlarini bir-ikki kunga xolasi, buvisnikiga berib, emizishdan chiqarmoqchi bo‘lishadi. Ruhshunoslar bu davrda ona-bola muloqoti va bolaning ona mehri va ko‘magini his eiib turishi g‘oyat muxim deya ta’kidlashadi. Demakki, bolani o‘zingizdan uzoqlashtirib vaziyatni nazorat qilolmaysiz. Yaxshisi uning yonida bo‘lib, tinchlanishi va o‘zgarishlarni qarshi olishiga ko‘maklashing.
Bo‘tqa,shirin choy yoki ..
Har birida meyo’r bo‘lishi lozim. Ona sutinng o‘rniga hadeb shirin choy bersangiz bola bir xil ta’mli narsaga o‘rganib qoladi. Bo‘tqalar ham kerakli ozuqani ta’minlamasligi mumkin. Yaxshisi bolangizning bir kunlik taomnomasini tuzing. Masalan, ertalabki nonushta uchun guruchli bo‘tqa bo‘lsa, birozdan so‘ng mevali sharbat berish mumkin. Maxsulotlar rang-barang va bolaning diqqatini jalb qiladigan ko‘rinishda bo‘lsa, ta’midan oldin ko‘rinishi bilan qiziqtiradi.Oz-ozdan turli yeguliklardan ta’tib ko‘rsa,ta’m bilish retseptorlari faollashadi.
Achchiq qalampir yoki rangli surtma....
Ko‘krakka achchiq qalampir yoki iod, zelenka kabi surtmalarni surtish orqali bolani qo‘rqitish har doim ham kutilgan natijani beravermaydi. Qolaversa, bunday usullar boshqa muammolarni ham keltirib chiqarishi mumkin.Misol uchun:
- Oshqozon tabiiy mikroflorasining buzilish va qorin og‘riqlarining kelib chiqishi;
- Bolaning ruhiyatiga zarba bo‘lib, onasiga nisbatan ishonchi yo‘qolishi mumkin.
Ba’zi bolalar hatto qo‘rqitgangizga ham qaqramy, baribir ko‘krak tutishingiz talab qilishadi. Bunday bolalarga sabr-toqat bilan “kurashish”dan boshqa ilojingiz yo‘q. Agar bosim o‘tkazishni davom ettirsangiz, keyinchalik farzandingiz tajang va qaysar xarakterini namoyish etishi mumkin. Qo‘rqitishlaringiz kor qilmadimi, unda bolangiz o‘z hoxishi bilan ko‘krak sutidan voz kechishini kuting.
Kunduzgi sayr
Kunduzgi emizish vaqtida sayrga olib chiqib, tasavvurini kengayishiga ko‘maklashing. Bu vaqtda biron meva yoki sabzavotlardan tayyorlangan bo‘tqalardan foydalanish mumkin. Iloji bo‘lsa, kunduzgi uyqusidan avval sayrga chiqsangiz, yengil charchoq paydo bo‘lib, tinch orom oladi. Bunday sayrlarni kechki vaqtda ham bajarish mumkin. Ayniqsa bolalar maydonchasida o‘tkazilgan vaqt farzandingizning e’tiborini chalg‘itib, emishi kerak bo‘lgan vaqtlar orasini uzaytirishga yordam beradi.
Tungi xarxasha...
Eng mushkuli ham aynan shunisi. Bolakay ona ko‘kragini xuddi so‘rg‘ichday qabul qilib, uxlashga odatlangan bo‘lsa, sutdan chiqishi oson bo‘lmaydi. Bu vaqtda injiqlik qilishi, uxlashga qiynalishi mumkin. Agar emizishdan chiqarishga ahd qilgan bo‘lsangiz, barcha qaysarliklariga sabr bilan chidashingizga kerak. Tungi maxal eringizdan yordam so‘rang. Tayyor bo‘tqa yoki qaynatilgan iliq suv solingan shishachadan bolakayni ovuntirishga ko‘maklashisin. To‘g‘ri oson bo‘lmasligi mumkin. Ammo sekin-asta uddalash mumkin. Bordiyu kichkintoy 2-3 kun tinmay injiqlik qilib, allamaxalgacha uyqusini topolmasa, unda ko‘krakdan ajratishga shoshilmaganingiz ma’qul.
Aloxida yotoqxona...
Bolalarda ona sutining ta’mi va hidiga nisbatan refleks yaxshi shakllangan bo‘ladi. Agar kichkintoy siz bilan uxlasa ana shu ta’m unga tinchlik bermaydi. Iloji bo‘lsa emizishdan chiqarayotgan vaqt uni aloxida xonaga o‘tkazing. Boshqa farzandlaringiz bo‘lsa, ular bilan bir yotoqqa joylang. Agar birinchingiz bo‘lsa, xonaga tungi yoritgich va yotoqhona krovatiga bolalar uchun mo‘ljallangan biror musiqali o‘yinchoqni qo‘ying. Musiqali o‘yinchoq bolakayning diqqatini o‘ziga jalb qilib, tinchlanishiga yordam beradi.
Muloqot qiling...
Kichkintoyning qaysarliklariga qo‘rslik bilan javob qaytarishning foydasi yo‘q. Emishni istayotgan bolangizni turtkilaymay, uni tizzangizga oling. Yelka va kuraklarini ohista silang, yoqimli so‘zlar bilan erkalang. Bolakay har bir so‘zingizni o‘zicha tushunadi. U bilan bolalarcha suxbatlashib, taom yoki yegulik yeyishiga ko‘maklashing. Ertak qaxramonlari yoki o‘zi sevib tomosha qiladigan multqaxramon qiyofasini jonlantirib, ovqatlantiring. Ishonchli chiqishi uchun o‘zingiz ham u bilan birga tamaddi qiling. O‘yin tariqasida olib borilgan bu usul bolaning ruhiyatini jarohatlamay,yangi tanavvulga ko‘nikishiga yordam beradi.
“Hech biri yordam bermayapti..”
Ayrim bolakaylar bilan hech qanday usullar foyda bermaydi. Baribir o‘z bilganlaridan qolmay hech bo‘lmaganda kechasi onasini emib, uxlashadi. Ko‘kargingizni bog‘laganingiz, surtmalar surganingiz xatto aloxida xonada yotqizganingiz ham kor qilmaydi. Shifokorlar hech biri yordam bermasa, bolakay o‘z hohishi bilan emishdan qolishini kutish kerak deyishadi. Bu jarayon ancha cho‘zilishi ham mumkin. Biroq bolakayning rivojlanishi bilan tasavvuri kengayib, kun tartibi ham o‘zgarib boradi. Shundan kelib chiqib, ko‘krakdan ajarilish asta-sekin o‘z-o‘zidan unut bo‘lishi ham mumkin.
Yon daftaringiz uchun!
- Yaxshi ma’lumki, sutni ko‘paytirish uchun ko‘proq suyuqlik ichib, yaxshi ovqatlanish maslaxat beriladi. Ko‘krakdan ajratayotganda esa aksincha kamroq suyuqlik ichib, shirin va mazali yeguliklardan biroz kamaytiring. Ozgina parhez ushlasangiz sut tarkibi va mazasi ham o‘zgarib, bolakayning ta’m bilish hususiyati tayor maxsulotlarga qaratilishiga erishish mumkin.
- Bola emishdan yuz o‘girsa, sut kelishi tuxtaydi, deyishadi. Bordiyu emishdan chiqarganingizdan keyin ham ko‘kragingiz to‘lishda davom etsa, shifokorga murojaat etib, maslahatlashing. Zarur hollarda bir necha preparatlar buyurilishi mumkin.
- Emizishni to‘xtatganingizdan so‘ng ko‘krakni siqqaningizda oz-oz suyuqlik chiqishi mumkin. Bu normal holat bo‘lib, organizmning o‘zgarishiga muvofiq sut bezlari asta-sekin me’yoriy ko‘rinishiga keladi.
Manba: Darakchi.uz