Bilasizmi?

Kichkintoyning kun tartibi

Go‘dak hayotida kun tartibi alohida ahamiyatga ega, chunki bu jarayon unda dastlab shartli va keyinchalik shartsiz reflekslarni vujudga keltiradi. Uyqusi, uyg‘oqligi, emizish va cho‘miltirish amallarining ma’lum tartibda ketma-ket bajarilishi tufayli chaqaloqning kun tartibi oqilona taqsimlanadi.

Olimlarning ilmiy izlanishlari natijasiga ko‘ra, dunyoga kelgan chaqaloq dastlabki 2 soat mobaynida, ayniqsa dastlabki 30 daqiqa ichida ilk marta emizilsa, uning immun tizimi yuqori darajada bo‘lar ekan. Shuningdek bu hol go‘dakda yuqumli kasalliklarga moyillikni 2-3martaga kamaytiradi. Keyinchalik uchinchi, beshinchi, oltinchi hafta mobaynida, ya’ni qirq kunlik chilla davrida bola bir kecha-kunduz 20 soatgacha uxlashi taqozo qilinadi. Bu borada aytish joizki, Yevropa mamlakatlarida chilla davri 14 kunni, Rossiyada esa 28 kunni tashkil etadi.

Uxlashga sarf etilgan soatlardan qolgan vaqt go‘dakni emizish, uyg‘oq bo‘lish va cho‘miltirish jarayonlariga sarf etiladi. Bu davrda bola kunduzi har 3 soatda 7 marta, kechasi esa 6 soatdan so‘ng emiziladi. Onaning ko‘krak bezlari emizishdan avval qaynatilgan iliq suv bilan yuvilib, toza sochiq bilan artiladi.

Bolani chilla davrida ilk bor cho‘miltirish uning “kindigi tushib”, yaraning o‘rni tuzalgach bajariladi. Muolajani boshlashdan avval uni cho‘miltirishga mo‘ljallangan idish (tog‘ora)ni issiq suvda sovunlab yuvish va undan keyin qaynoq suv bilan chayish ma’qul. Go‘dak terisi nozik bo‘lganligi sababli ular uchun maxsus ishlab chiqarilgan bolalar sovunidan foydalanish maqsadga muvofiq. Tog‘ora iliq, ya’ni harorati +36-37 daraja bo‘lgan suv bilan to‘ldiriladi. Shundan so‘ng bolani ehtiyotlik bilan ko‘tarib, suvga tushiriladi va yumshoq mochalka bilan badani, qo‘l-oyoqlari ishqalab, yuviladi. Shuni unutmaslik kerakki, kichik yoshdagi bolani cho‘miltirishga mo‘ljallangan tog‘orani boshqa maqsadlarda, jumladan katta yoshdagi bolalarni cho‘miltirish yoki kir yuvishga ishlatmaslik kerak.

Bolaning ichi kelganidan so‘ng albatta tanosil a’zolarini iliq qaynagan suv bilan yuvish tavsiya etiladi. U 2-3 oylik bo‘lganida bir kecha-kunduzlik uyqusi kech soat 18-30 dan to ertalabki soat 6 gacha davom etishi lozim. Bu davrda bolani bir kecha-kunduzi har 3,5 soatdan so‘ng 6 marta emizish kerak. Cho‘miltirish muolajalari har kuni, ayniqsa emizishdan oldin amalga oshirilgani ma’qul.

Go‘dak 5-6 oyga to‘lgach, uni kunduzi 90 daqiqadan 3 marta, kechasi esa soat 20.00 dan to ertalab soat 6.00 gacha uxlatish tavsiya etiladi. Bu oylarda bolani bir kecha-kunduzi har 4 soatdan so‘ng emizish kerak.

Bola 8-12 oyga to‘lgach, uni kunduzi 90 daqiqadan uxlatish kerak. Uning kechasidagi uyqusi 20-00 dan to ertalabki soat 6-00 gacha davom etadi. Bu davrda bolani kunduz paytida har 4 soatu 30 daqiqadan so‘ng 4 marta emiziladi. U 1-1,5 yashar bo‘lgunicha esa kunduz kunlari 90 daqiqadan 2 marta, kechasi esa 10 soatgacha uxlatiladi.

Tavsiyalar o‘z vaqtida bekamu-ko‘st amalga oshirilsa, bola odatiy kun tartibiga moslashib, salomatligi yuqori darajada bo‘ladi.

Botir SAIDOV, mutaxassis.

«Sihat — salomatlik jurnali»

Manba: Avitsenna.Uz