Ko‘p farzandli onalarga bolalarining har biriga g‘amxo‘rlik qilish va ularni nazorat qilib borish oson emas. Bunday onalarning kuzatishlari shuni ko‘rsatadiki, bunday oilalarda eng muhimi aniq tartib va qoidalarning mavjudligidir. Agar bu qoidalarga barcha amal qilsa, onalar uchun barcha vazifalarga ulgurish ancha osonlashadi.
Shunday qilib, ko‘p farzandli onalarga quyidagilar ko‘makchi bo‘la oladi:
- O‘yinchoqlardagi tartib. Agar ularning har biri o‘zining qutisiga ega bo‘lsa, ularni keyin taxlab qo‘yish ham oson bo‘ladi. Agar bolangizga ham ularni qanday o‘z joyiga joylashtirishni o‘rgatsangiz, biroz vaqtdan so‘ng, u sizning harakatlaringizni takrorlay boshlaydi.
- O‘yinchoq va turli buyumlarning kamligi. Bolalar o‘z vaqtini maroqli o‘tkazishi uchun juda ko‘p o‘yinchoq shart emas. Ular turli boshqa buyumlar bilan ham o‘ynab, ijodiy rivojlanib boradi.
- Bir haftaga mo‘ljallangan taxminiy menyu, muzxonada esa yarim tayyor mahsulotlar, bolalarni ham ovqat tayyorlash va uy yig‘ishtirish ishlariga jalb etish va albatta kun tartibi.
- “Ijod qilish qutichasi” bolalarning qo‘li yetmaydigan joyda saqlanishi lozim. Bolalar turli narsalar yaratishi uchun mo‘ljallangan buyumlardan faqat onasining nazorati ostida foydalanishi mumkin.
- Katta yoshdagi bolalar va turmush o‘rtog‘imiz hamda “Siz menga yordam bering, men sizga qarashib yuboraman” degan so‘zlar. Ularga ham turli “muhim” ishlarni ishonish kerak. Masalan, do‘konga xarid uchun chiqish, dorixona yoki poliklinikaga borib kelish.
- Kir yuvish mashinasi, multivarka, yon daftarcha va magnit doskasi.
- Sayrlar. Bu vaqtni maroqli o‘tkazishning ajoyib usuli hisoblanadi! Sayr davomida turli qiziqarli mashg‘ulotlar (qushlar va o‘simliklarni ko‘zdan kechirish, bulutlarni kuzatish) bilan band bo‘lish mumkin.
Ko‘p farzandli onalarning eng asosiy xulosasi shuki, yangi tayyorlangan sho‘rva va pirogsiz, xonadoningizdagi bolalarga xos tartibsizlik bilan yashash mumkin, biroq mehr-muhabbatsiz yashab bo‘lmaydi!
Maqolani tayyorlashda “Ya Happy mama” saytidan foydalanildi.