Bilasizmi?

Lego bolalarga mo‘ljallangan ijtimoiy tarmoqni ishga tushirmoqda

Lego kompaniyasi 13 yoshdan kichik bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan Lego Life ijtimoiy tarmog‘ini ishga tushirmoqda, deb yozmoqda Engadget nashri.

Servis o‘z ishlash mexanizmi bilan Instagram ijtimoiy tarmog‘ini yodga soladi. Unda bolalar o‘zlari legodan yasagan o‘yinchoqlarning suratlarini o‘zaro ulashishlari, shuningdek, konsruksiyalarni yasash bo‘yicha o‘tkaziladigan muhokamalarda qatnashishlari mumkin.

Lego Life tarmog‘ining direktori Roba Louning qayd etishicha, yosh bolakaylar o‘zlari yaratgan ijod namunalarini nafaqat oila yoki do‘stlar bilan, balki butun dunyo bilan baham ko‘rishni istaydilar. Biroq ayni bunday formatdagi ijtimoiy tarmoqlar mavjud emas. Birinchi bosqichda bolakay ota-onasining elektron pochtasi yordamida o‘ziga Lego ID  yaratishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, bolalarga tarmoqda turli niklar ostida foydalanishga ruxsat beriladi.

Yuklangan rasmlar atroflicha moderatsiyasidan o‘tkaziladi. Kompyuter, birinchi navbatda, odam yuzi aks etgan rasmlar, shaxsiy ma’lumotlar va boshqa tafsilotlarni olib tashlaydi. Tarmoqqa faqat lego bilan aloqador rasmlar yuklanadi.

Hozirda servisning iOS va Android platformasidagi ilovalaridan AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya kabi 4 ta mamlakatda foydalanish mumkin.