Salomatlik

Madad-shifo: “qizimni emlatgandim, ichi surayapti..."

— Rejali emlash taqvimi bo‘yicha navbatdagi vaksina qilingandi. Ammo shundan keyin qizalog‘imning tobi qochib, 3-4 kuncha ichi ketdi. Endi bo‘lsa, kunora ichketardan aziyat chekadi. Nahot bu emlashning ta’siri bo‘lsa?! Bunday vaziyatlarda biror dori bersa bo‘ladimi, masalan, diareyani to‘xtatadigan yoki o‘zi o‘tib ketishini kutish kerakmi?

Matluba Beknazarova, Toshkent viloyati

Magina ARTIKOVA, shifokor-pediatr:

— Aslini olganda har qanday emlash jarayoni go‘dak organizmi uchun og‘irlik qilishi mumkin, negaki, bu holat bola immun tizimiga ta’sir ko‘rsatadi. Emlashdan keyingi o‘zgarishlar sifatida tana haroratining ko‘tarilishi, ich surishi, qayt qilish kabilar kuzatilishi mumkin va bunday vaziyatlarda pediatr bilan maslahatlashib, kichkintoy ahvolidan boxabor bo‘lib turish kifoya. Vaksina tarkibidagi mikroorganizmlar go‘dak me’da-ichaklar shillig‘ini ta’sirlantiradi, shuning evaziga bolada ich surishi kelib chiqadi.

Bezovtalik paytida ichaklar mikroflorasini yaxshilovchi preparatlar berilgach, ich kelishi to‘xtashi lozim. Agar bunday bo‘lmasa va ich surishi bir sutkadan ko‘proqqa cho‘zilsa, bola axlatining rangi ko‘kimtir tusda (tarkibi suyuq, shilimshiq aralash) bo‘lsa, davolovchi shifokorga murojaat qilinadi.

Manba: Darakchi.uz