Bilasizmi?

Maktab bozorlarida noqonuniy chop etilgan darsliklar sotilmoqda

Maktab bozorlarida darsliklarni noqonuniy chop etib, sotuvga chiqarish holatlari kuzatilmoqda. Bu haqda Matbuot va axborot agentligi xabar beradi.

Bu o‘z navbatida, bilim olish sifatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. O‘quv darsligi sifatida taqdim etilgan kitoblar haddan tashqari kichik formatda, imloviy va uslubiy xatolar bilan, sifatsiz qog‘ozlarda chop etilmoqda. Bunday kontrafakt mahsulotlar «Solnechniy» («Ilm shu’lasi») bozoridan viloyatlarga mashina-mashina qilib tashib ketilyapti.

Bozorlarda shuningdek, chizsang yirtilib, bo‘yasang ranglari chaplashib ketadigan rasm daftarlari, katak va yozuvlarini ko‘z bazo‘r ilg‘aydigan, muqovasida milliy ma’naviyatga mutlaqo zid turli suratlar aks etgan daftarlarni ham uchratish mumkin.

Shu bois Matbuot va axborot agentligi Bosh prokuratura, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, «O‘zstandart» agentligi, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va boshqa tashkilotlarni hamda jamoatchilikni mazkur muammoni bartaraf etishda hamkorlikka chorlaydi. Amaldagi qonun hujjatlariga chap berayotgan bu kabi «tadbirkor»lar faoliyatini tartibga solish, ularga nisbatan keskin ta’sir choralarini qo‘llashni aslo kechiktirib bo‘lmaydi. Zero, ushbu muammo yosh avlod taqdiri, uning ertangi kuni bilan bevosita bog‘liq.