Bilasizmi?

Maktab o‘quvchilari qachondan qishki ta’tilga chiqishi e’lon qilindi

Odatda Yangi yil kirib kelishi arafasida O‘zbekistondagi barcha maktablarda o‘quv yilining ikkinchi choragi o‘z yakuniga yetib, o‘quvchilar qishki ta’tilga yo‘l oladi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi joriy yilning 28 dekabridan 2017 yilning 11 yanvariga qadar maktab o‘quvchilari uchun qishki ta’til berilishini e’lon qildi. Bu haqda Qalampir.uz xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga qaraganda, qishki ta’til davomida barcha ta’lim muassasalarida o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga qaratilgan turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, intelektual musobaqa va ko‘rgazmalar tashkil etiladi.

Shuningdek, 28 dekabrdan 11 yanvarga qadar umumiy o‘rta ta’lim maktablari va “Barkamol avlod” bolalar markazlarida sport va fan to‘garaklari muntazam ravishda o‘tkaziladi.

Maktab o‘kuvchilarining hayotidan muhim o‘rin olgan bilimlar bellashuvi tanlovining maktab bosqichi hamda 5-9-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Umid nihollari” sport musobaqasining tuman (shahar) bosqichlari ham qishki ta’til kunlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot o‘rnida, ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tasarrufida 9692 ta umumta’lim maktabi mavjud bo‘lib, ularda 4,6 mlndan ortiq o‘quvchi ta’lim oladi.

Unda 1-5 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi munosabati bilan qo‘shimcha ta’til e’lon qilingani sababli talabalar orasida tarqalgan qishki ta’til qisqartirilishi haqida mish-mishlarga oydinlik kiritilgan.