Maktab boshlanishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Aqliy mehnat jadallashgan vaqtlarda maktab o‘quvchisining taomnomasini biroz o‘zgartirish – unga ko‘proq yengil hazm bo‘luvchi oqsillar va C vitaminiga boy bo‘lgan oziq-ovqatlar qo‘shish lozim bo‘ladi.
Tuxum
O‘rtacha kattalikdagi bitta tovuq tuxumida 6—8 grammgacha yengil hazm bo‘luvchi oqsillar mavjud. Shuningdek uning tarkibi asab tizimining rivojlanishi va faoliyati uchun zarur bo‘lgan letsitinlar va xolinga ham juda boy. Ayniqsa qaynatilgan tuxum juda foydali. Tuxumni kolbasa, vetchina yoki bekonlar bilan emas, balki sabzavotlar bilan yeyish tavsiya qilinadi.
Baliq va dengiz karami
Dengiz balig‘i va dengiz karami tarkibida oqsildan tashqari juda muhim mikroelement hisoblanuvchi yod ham bor. Bu mineral miya faoliyati va qalqonsimon bez gormoni bo‘lgan tiroksinlar uchun javob beradi. Agar organizmda yod yetishmasa, bola tez va qattiq charchaydi, lanj va karaxt bo‘lib qoladi. Baliq tarkibida go‘shtdan farqli ravishda murakkab tolalar bo‘lmaydi, shuning uchun u oson hazm bo‘ladi.
Ishlov berilmagan va qoramtir yormalar
Grechka, gerkules, kinoa, ishlov berilmagan guruch – bular murakkab uglevodlar, kletchatkalar va B guruh vitaminlarining boy manbalari hisoblanadi. Har bir bo‘tqa foydali mikroelementlar va vitaminlardan tashkil topgan. Shuning uchun ularni navbati bilan berish tavsiya qilinadi. Bo‘tqalarni sabzavotlar bilan yegan ma’qul.
Tvorog, pishloq va achitilgan sut mahsulotlari
Tvorogning muhim xususiyatlaridan biri – uning tarkibidagi kalsiy va fosfor miqdorining tengligi. Kalsiyning aynan shunday mutanosib miqdori yaxshi hazm bo‘ladi va tishlar, sochlar, mushaklar va asab tizimi holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shuningdek, bolalarga tvorogdan tashqari yangi pishloqlar va achitilgan sut mahsulotlari ham tavsiya qilinadi.
C vitaminiga boy bo‘lgan sabzavotlar va mevalar
Bulg‘or qalampiri, qora qorag‘at, kivi, sitruslilar va tuzlangan karam – organizmdagi ko‘plab muhim jarayonlarda ishtirok etuvchi C vitaminiga boy bo‘lgan oziq-ovqatlar hisoblanadi. Ko‘rish qobiliyati, tomirlar egiluvchanligi, temirning singdirilishi, to‘qimalarning bitishi va infeksiyadan himoyalanish C vitamini mavjudligiga bog‘liqdir.
Manba: Daryo.uz