Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, maktabga qatnaydigan bolaning fe’l-atvori bog‘chaga boradigan uka-singlisidan ancha farqlanadi. Chunki farzandingiz sekin-asta katta bolalalr dunyosiga kirib borayapti. Biroq bolaning yoshi ulg‘aygani sari fe’lidagi o‘zgarishlar va boshqa ta’sirlar sabab turli muammolar yuzaga kela boshlaydi. Ularga to‘g‘ri yechim topish esa ota-ona va pedagoglarning zimmasida.Boshlang‘ich sinfdagi va o‘smir yoshdagi maktab o‘quvchilariningruhiyati hamda yoshiga xos o‘zgarishlar yuzasidan quyidagi holatlarni aniqladik.
«Maktabga borishni xohlamayman»
Kichik yoshdagi bolaning maktabga borishni xohlamasligi ko‘p hollarda unga yetarli mehr-muhabbat yetishmayotganidan darak beradi. Ehtimol u siz bilan birga dars tayyorlashni istayotgandir? Qiziqishlari haqida bildirgisi kelayotgandir-u, ammo sizda bu ishlar uchun vaqt yetarli emasdir? O‘smirlik ostonasidagi bolalar ruhiyati o‘zgaruvchan bo‘ladi. Shu bois ularning maktabga borishni istamasliklarini chetdan sinchiklab kuzatish va muammoni tinch yo‘l bilan hal etish kerak.
- Maktabda: agar farzandingizning tashqi ta’sir sabab o‘qishga ishtiyoqi susaygan bo‘lsa, o‘z ustida ishlashi va qobiliyatlarini namoyish etishi uchun sharoit yarating. Biroq yuqori sinf o‘quvchisini dars jarayoniga kirib kuzatish to‘g‘ri emas. Bolangiz bu holatdan o‘zini noqulay his etib, aksiga ish ko‘rishga o‘tadi. Agar uning noroziliklari davom etaversa, boshqa maktabga o‘tkazishdan o‘zga chorangiz yo‘q.
- Uyda: farzandingiz bilan ko‘proq suhbatlashing, uning nima istayotgani, qanday maqsadlari, qiziqishlari borligi haqida so‘rang. Birga dars tayyorlang, bilmaganlarini hayotiy tajribangizdan kelib chiqib tushuntiring.
«O‘qib kim bo‘lardim?
Puldor bo‘lish uchun o‘qish shart emas!»
Boshlang‘ich sinf o‘quvchisining pul topishga qiziqishi biror film namoyishi yoki mashhur insonlarga taqlid yuzasidan kelib chiqadi. Bu o‘tib ketadigan holat. Ammo o‘smir yoshdagi bola uchun jiddiy e’tibor zarur.
- Maktabda: moliyaviy masalalar yechimi va daromad topish uchun hisob-kitob kabi masalalar yuzasidan ma’ruzalar olib boorilsa, bola o‘zini qiziqtirgan ma’lumolarga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, pul topish uchun qanday bilim talab qilinishi ham tushuntirilib borilsa, bolada asta-sekin kerakli xulosa shakllanadi.
- Uyda: o‘smir yoshdagi bolalarning o‘qishga bo‘lgan qiziqishi pul topish bilan o‘rin almashayotganining turli sabablari bo‘lishi mumkin. Masalan, oilaviy munosabatlar, tashqi muhit ta’siri va hokazo. Bu holatda bolani to‘g‘ri yo‘naltirish uchun omadli, ishbilarmon va asosiysi, farzandingiz hurmat qiladigan biror tanishingizni u bilan suhbatga jalb qiling. Ishning ko‘zini yaxshi biladigan hech bir ziyoli inson «o‘qimagin» deya maslahat bermaydi.
«O‘qituvchimni yoqtirmayman»
Odatda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ko‘proq e’tibor talab qilishadi. Dars beruvchi muallim unga yetarli darajada e’tibor qaratmasa, u o‘zini ortiqchadek his eta boshlaydi va bilim berayotgan insonni o‘zidan uzoqlashtirish tuyg‘usi paydo bo‘ladi. Bu holatda ota-onalar farzandlariga vaziyatni to‘g‘ri tushuntirib, uning qarashlarini o‘zgartirishlari lozim. Shu bilan birga, o‘qituvchining dars berish jarayonini ham kuzatib, zarur hollarda u bilan ham suhbatlashish darkor.
Katta yoshli bolanig o‘qituvchisini yoqtirmasligi uchun jiddiy asos bo‘lishi lozim. Ehtimol o‘qituvchi tomonidan ko‘pchilikning oldida tanqid, izza qilinishi bola ruhiyatiga salbiy ta’sir etgandir. Bu vaziyatda sizning harakatingiz xolis bo‘lishiga axamiyat bering. Sinfdoshlarining o‘qituvchi haqidagi fikrlarini o‘rganing. Lekin bu ishingizdan farzandingiz xabar topmasin. Bordiyu bolangizdan tashqari boshqalar ham o‘qituvchining harakatlaridan norozi bo‘lishsa, bu haqda maktab ma’muriyati bilan suhbatlashing. Agar farzandingizning o‘ziga tegishli muammoga duch kelsangiz, o‘qituvchisi bilan uni yuzma-yuz qilib, muammoga nuqta qo‘ying.
Tortinchoqlik, o‘zidan uyalish...
Kichik yoshdagi bolalar fikrlarini ochiq-oydin bayon etishlari uchun ularga shunchaki imkoniyat berilmasa, tortinchoqlik paydo bo‘ladi. Yoki ba’zi hollarda ota-ona tomonidan «nimani ham bilarding, hali bola bo‘lsang» qabilidi ish tutilsa ham bola mustaqil fikrlashdan cho‘chib qolib, uyatchanlik yuzaga keladi.
O‘smirlar bilan muloqotda iloji boricha tashqi ko‘rinishi, fikrlashi, yoshiga nisbatan bo‘layotgan o‘zgarishlar xususida tanqid qilmaslik kerak. Shundoq ham bu yoshdagi o‘g‘il-qizlar o‘zlaridagi o‘zgarishlardan uyalib, tortinishadi. Agar ularni tanqid qilaversangiz, bu kelgusida ba’zi komplekslar shakllanishiga zamin yaratadi. O‘g‘il bolaga «Ovozing do‘rillab qolibdi» yoki qiz bolalarga «Bo‘ying qayoqqa qarab o‘sib ketayapti, engashibroq yur», kabi tanqidlar kamsitishdek tuyuladi. Bordiyu o‘zidan uyalish hissi o‘spirinlikda ham davom etsa, keyinchalik o‘ziga bo‘lgan ishnochning pasayishi kuzatilishi mumkin. Bunday vaziyatda ota-onalar va murabbiylar bolaning qiziqishlaridan kelib chiqib, biror mashg‘ulot yoki sport turiga jalb etishlari lozim.
Mustaqil fikrlay olmaslik
Farzandingiz kelajakda atrofdagilardan tortinmasligi uchun hozirdanoq fikr-mulohazalarini ochiq-oydin bildirishga o‘rgating. Ahamiyat began bo‘lsangiz, darsda javob berish uchun chiqqan aksariyat bolalar mavzuni yaxshi bilsalar-da, ko‘pchilik oldida so‘zlashga tortinishadi. Bu holat bolaning uyatchanligidan emas, balki fikrini bildirishda ko‘rinmas to‘siqlardan o‘ta olmasligi bilan izohlanadi.
- Maktabda: fikrini bemalol bildira olmaydigan bolalar uchun maxsus ochiq darslar tashkil etib, debatlar (savol tashlanib, hamma ishtirokchining fikri eshitiladi) uyushtirilishi kerak. Bu holatda o‘qituvchidan ham e’tibor talab qilinadi. Agar bolaning fikrini to‘g‘ri-noto‘g‘ri bo‘lsa ham oxirigacha tinglab, so‘ng mulohazangizni aytsangiz, u sizdan tortinmaydi.
- Uyda: ehtimol oilangizda bolaning so‘zi tinglanmay, fikrlari inobatga olinmas. «Mening aytganim bo‘ladi, og‘zingni yum» kabi so‘zlar bola ruhiyatida ta’qiqlarni kuchaytirib, mustaqil biror nima aytishi uchun mone’lik qiladi. Unutmang, bola tarbiyasida uning qiziqishlari va dunyoqarashini ham hisobga olish, zug‘um o‘tkazmaslik kerak.
O‘zaro musobaqalashish
Bu muammoni ota-onalarning o‘zlari yuzaga keltirishadi. «Akangga o‘xshasang bo‘lmaydimi? Namuncha bo‘shsan?! O‘rtog‘ingni qara, qanday pishiq, puxta!» Agar bir dumalab bola bo‘lib qolganingizda bunday taqqoslashlar qanday ta’sir etishini eslagan bo‘lardingiz. Birgina mana shu so‘zlar sabab bola maktabda ham boshqalardan ustun bo‘lishga intiladi. Uning bu harakatlari tirishqoqligidan bo‘lsa-ku yaxshi, ammo fe’liga salbiy ta’sir ko‘rsatsa, ulg‘ayganida ham pand berishi mumkin.
- Maktabda: «Nega Anvarga o‘xshab javob berishni bilmaysan? O‘rgan undan!» kabi taqqoslashlar deyarli har bir sinf mashg‘ulotida yangraydi. Pedagoglar boshqa sinfdoshini o‘rnak qilib ko‘rsatib, bolani yaxshi o‘qishga jalb etishni istashadi. Ammo hamma vaqt ham bola buni to‘g‘ri tushunmaydi. Bolalarni bir-birlari bilan musobaqalashishga emas, hamjixatlikda ish qilishga o‘rgatish lozim.
- Uyda: har bir bolaning o‘z dunyosi, hayoti va kelajagi bor. Ularni boshqalarga taqqoslab, o‘zgartira olmaysiz. Farzandingizni boricha qabul qiling. Unutmang, aka-uka, opa-singilni taqqoslab, bir-biriga qarshi qilish emas, birgalikda ko‘p narsaga erishishi mumkinligini uqtirib tarbiyalash lozim.
Mushtumzo‘r
Maktab o‘quvchilari orasida mushtumzo‘rlar ko‘plab topiladi. Ayniqsa, boshlang‘ich sinflar bilan xayrlashib, yuqori sinflarga o‘tayotgan paytda bolalar o‘rtasida eng kuchlilari ajralib chiqib, ular jismoniy kuch bilan hamma ishni hal qilsa bo‘ladi, deb o‘ylashadi. Ular bilan tushuntirish ishlari olib borilmasa, kelajakda bunday bolalardan kuchli shaxs chiqmaydi. Ba’zida shunchaki omadsiz inson bo‘lib, chetda qolishlari ham mumkin.
- Maktabda: jismoniy kuch bilan ko‘p narsaga erishib bo‘lmasligini omadli, hurmat-e’tibordagi kishilar misolida to‘g‘ri tushuntirish kerak. Jamiyatda o‘rnini topish uchun bilim va saviya kuchli bo‘lsagina haqiqatan ham kuchli shaxs deya e’tirof etilishini singdirish lozim.
- Uyda: mushtumzo‘r bola tarbiyasida otaning o‘rni katta. Kimningdir burnini qonatib kelgan o‘g‘lingizdan faxrlanib, keyingi safar boshini yorib kelishiga sabab bo‘lasiz. Qarabsizki, sizning ruhlantirishingiz bilan kelgusida jinoyatga qo‘l urishi ham hech gap emas. Kuch-quvvati to‘lib-toshib ketayotgan bo‘lsa, biror mashg‘ulotga qiziqtiring. Misol uchun, sport to‘garaklariga qatnasin.
Kasb tanlash muammosi
14-15 yoshli bolani kasb tanlashga majburlash to‘g‘ri emas. Bu yoshda farzandingiz ko‘zingizga ancha ulg‘aygandek ko‘rinsa-da, aslida u hali bola. Qiziqishlari ham shunchalar ko‘pki, qay birini tanlashni ham bilmaydi. Agar tashqaridan bosim o‘tkazilaversa, to‘g‘ri kelganini tanlab, keyin afsuslanib yurishi mumkin. Bolaning qiziqishlari bilan hisoblashish ularning amalga oshishi uchun imkoniyat yaratib berish ham ota-ona, ham pedagoglarning vazifasidir.
- Maktabda: bola kasb tanlashda adashmasligi uchun kichikligidan uning qiziqishlari haqida surishtirib, imkoniyatini o‘rganish kerak. Bunda pedagogning asosiy vazifasi kasblarning moliyaviy xarakteri emas, mas’uliyati va jamiyatdagi o‘rni, foydasi haqida ma’lumot berishdir.
- Uyda: «Men shu joyda o‘qiy olmagandim, endi sen o‘qiysan», Deya o‘zingiz erisholmagan kasbga bolangiz qiziqmasa, uni majburlamang. Ehtimol uning qiziqishlari umuman boshqachadir. Kasb faqat pul topish uchun tanlanmaydi. Qachonki qilayotgan ishi o‘zi uchun qadrli bo‘lsa, jamiyatda ham o‘rnini topadi. Buning uchun ota-onaning vazifasi bolani to‘g‘ri yo‘naltirish va yutuq-kamchiliklarida ham ruhlantirishdan iboratdir.
Manba: Darakchi.uz