Maktab o‘quvchisining hayotini qanday yengillashtirish mumkin? Ayniqsa, farzandingiz endigina maktab ostonasiga qadam qo‘ygan bo‘lsa… Barcha jonkuyar ota-onalarni ushbu savol qiynasa kerak. Quyidagi maslahatlar ularga yordam berishi mumkin.
- Bolangizni birinchi sinfga berganda, bir vaqtning o‘zida boshqa to‘garak yoki mashg‘ulotga bermang
Bola uchun “katta” hayotning, ya’ni maktab davrining boshlanishi hayajonli davr hisoblanadi. Agar u maktabdan keyin sayr qilish, dam olish va undan keyin shoshilmasdan, darslarini tayyorlash imkoniga ega bo‘lmasa, uning sog‘lig‘ida jiddiy muammolar yuzaga kelishi mumkin.
- O‘g‘lingiz yoki qizingiz biror narsaga diqqat-e’tiborini 15 daqiqadan ortiq qarata olmasligini yodda tuting
Shu sababli darslarini birga tayyorlash davomida 15 daqiqa shug‘ullangandan so‘ng, bir muddat tanaffus qilib, biroz dam oling. Masalan, biror qiziqarli jismoniy mashq bajarish yoki sho‘x musiqaga bir necha daqiqa raqsga tushish mumkin.
Uyga vazifalarni yozuvdan boshlagan ma’qul. Bunday mashg‘ulotlarning davomiyligi bir soatdan oshmasligi lozim.
- Televizor, kompyuter va boshqa shu kabi ko‘zga og‘irligi tushadigan mashg‘ulotlar kuniga bir soatdan ortiq davom etmasligi lozim
Buni dunyoning barcha mamlakatlaridagi aksariyat ko‘z shifokorlari tavsiya etadi.
4. Farzandingizni tez-tez maqtab turishni unutmang Birinchi o‘quv yili davomida bola ota-onasining qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj bo‘ladi. Chunki aynan shu davrda farzandingiz o‘qituvchilari va sinfdoshlari bilan shaxsiy munosabatlarini shakllantiradi. U kelajakda o‘ziga ishonadigan inson bo‘lib ulg‘ayishini istasangiz, uni albatta maqtab turing!
- Bolani keskin uyg‘otish tavsiya etilmaydi
Agar farzandingiz tongda qiyinchilik bilan o‘rnidan tursa, buning uchun uni “uyquchi” deb atash yoki koyish yaramaydi. Uni uyg‘otish davomida mehribonlik va iliqlik mujassam muhitni yaratishga harakat qiling. Masalan, radioni ovozini balandlating, uning sevimli musiqasini qo‘ying. Agar uni budilnikdan foydalanishga o‘rgatsangiz va bu jarayonga qiziqarli o‘yin tusini bersangiz yanada ma’qul hisoblanadi.
Shuni yodda tutingki, bolani biror ishni bajarishga qanchalik shoshiltirsangiz, u shunchalik imillay boshlaydi. Bu bola organizmining unga ma’qul kelmagan vazifaga qarshi kurashish uchun tabiiy reaksiyasidir.
- Odat tusiga aylangan savollarni bermang
Farzandingizga odatiy savollarni bermang. Masalan, “Maktabdagi o‘qishlaring qanday? Qanaqa baholar olding?” kabi. Olgan baholari ota-onasi uchun kutilgan natija emasligini bilgan bola uchun bu kabi savollar haqiqiy qiynoqqa aylanadi. Aksincha, uni sinchkovlik bilan kuzatib, uning ahvolini yuzidagi ifodadan anglab olishga harakat qiling.
Uning biroz dam olishiga imkon bering, shundan keyin biror yordamingiz tegishi mumkinligiga aniqlik kiriting.
Farzandingiz uchun uni qo‘llab-quvvatlashingizni bilish va har qanday vaziyatda uni tushunishga tayyor ekanligingizni anglash juda muhimligini unutmang!
Maqolani tayyorlashda “Vospitay!” sayti ma’lumotlaridan foydalanildi.