Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda Toshkent shahri maktablaridan birida «tajriba sifatida 11 yillik ta’limni qayta tiklash zarurligini» ta’kidlagan edi. Xalq ta’limi vazirligi «keng jamoatchilikning bu boradagi fikrini o‘rganish uchun» so‘rovnomani ham o‘tkazishga ulgurdi. Kutilgandek, keng jamoatchilik 11 yillik ta’limni qayta tiklashni “ma’qulladi”. Xullas, «keng jamoatchilikning talablariga binoan» kollej va litseylarni bekor qilib, sovet davridagidek, 11 yillik o‘zimizning «qadrdon» ta’lim tizimiga qaytish muqarrarga o‘xshaydi. Ammo bu taxlit ortga tisarilish dunyoda ta’lim sohasida kechayotgan olamshumul o‘zgarishlardan chetda qolishga sabab bo‘lishi mumkin.
Barcha o‘tmishga emas, kelajakka ko‘z tikkan, taraqqiy etish istagida bo‘lgan millatlar 12 yillik ta’lim tizimini tanlayotgan bir vaqtda biz zamonaviy shart-sharoitlarda samarasizligini ko‘rsatgan 11 yillik tizimga qaytayotganimizga sabab nima? Bu savolga muxtasargina qilib, o‘rta ta’lim tizimidagi tanazzul, deya javob berish mumkin. Maktab (kollej va litseylar) o‘z funksiyasini bajarmayapti. Biroq ba’zilar o‘ylaganidek, sovet modelidagi 11 yillik o‘rta maktab tizimiga qaytish ta’lim sifatini yaxshilamaydi.
11 yillik maktab ta’limi tarafdorlarining fikricha:
- Voyaga yetmagan bolalar ota-onasi, mahalla-ko‘yning ko‘z oldida bo‘ladi, yurish-turishi, kiyinishi, o‘zini tutishi nazoratda bo‘ladi.
- Yotoqxona, transport, yashash va o‘qish uchun sarflanadigan mablag‘lar tejalishi hisobiga oila byudjetiga foyda.
- Maktablar har bir aholi punktida bo‘lgani bois transport muammosi bo‘lmaydi, davomat yaxshilanadi va bu darslar o‘zlashtirilishini yaxshilaydi.
- Maktablarda 10–11 sinflarning joriy etilishi o‘quvchini maktab dasturidan chalg‘imagan holda bilim olishiga imkon yaratadi, ya’ni kasb-hunar tizimidagi qo‘shimcha mutaxassislik fanlari bo‘lmagani bois, o‘quvchida oliy ta’limga tayyorlanish uchun vaqt ortadi, qolaversa, o‘rta-maxsus ta’lim tizimida o‘quvchilar bir yil ko‘proq vaqt yo‘qotmoqda.
- Kollej bitiruvchilarini ishga joylashtirishdek «teatr»dan qutulamiz. Qolaversa, o‘rta-maxsus kasb-hunar ta’limi tizimidagi ta’magirliklarga barham beriladi. Bu fuqarolarning va yoshlarning hukumatga nisbatan ishonchini qaytaradi.
- Nihoyat, eng muhimi, qarovsizlik, nazoratsizlik oqibatida yuz berayotgan yoshlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish, erta tug‘ruq, turli oqimlarga qo‘shilib qolish va voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi jinoyatchilik kamayadi.
Ushbu iddaolardan tashqari (ular aynan iddao, zero «unday bo‘ladi, bunday bo‘ladi»dan o‘zga gap yo‘q), aksariyat izohlarda uchrayotgan 11 yillik ta’limning eng muhim afzalligi bu – «Sovet Ittifoqida biz shunday o‘qiganmiz, shu ta’lim tizimi bilan Belka va Strelkani kosmosga uchirganmiz» ekan.
Endi nega ikki yuzga yaqin davlatdan 163 nafari maktablarini 12 yillik ta’limga o‘tkazayotgani sabablarini ko‘rib chiqaylik:
- Zamonaviy dunyo taraqqiyotining muhim qonuniyatlaridan biri ta’lim vaqti tobora uzayib borayotganidir. Ko‘proq millatlar bejizga maktab ta’limini 12 yillik tizimga (boshlang‘ich – 4 yil, o‘rta – 5 yil va o‘rta maxsus -3 yil kollej yoki litsey) o‘tkazmayapti. O‘quvchi o‘zlashtirishi zarur bo‘lgan ma’lumotlar hajmi yildan yilga kattarib bormoqda – uni o‘zlashtirish, yangi qobiliyat va malakalarga ega bo‘lish tobora ko‘proq vaqtni va yangi mazmunni talab qilayapti.
- Dunyoda 12 yillik maktab ta’limiga asoslangan muayyan xalqaro ta’lim standarti shakllangan. AQSh, Kanada, Yaponiya, Shvetsiya, Fransiya o‘rta maktabida – 12 yil, Germaniya, Chexiya, Italiya, Shveysariyada – 13 yil, Niderlandiyada – 14 yil o‘qiladi. Rivojlangan davlatlarning barchasida oliy o‘quv yurtiga kirish uchun kamida 12 yillik o‘rta ta’lim talab qilinadi. Basharti biz 11 yillik ta’limga qaytsak, o‘zbek maktabining bitiruvchisi xorij universitetiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kira olmaydi, yana bir-ikki yil ularning maktabida o‘qib berishga majbur bo‘ladi. Xususan, shunday muammoga men ham duch kelganman. Germaniyaning Heydelberg universiteti tanlov komissiyasi o‘zbek maktabi attestatini 11 yillik bo‘lgani uchun tan olmagan. Yana bir yil o‘zbek oliy o‘quv yurtida ham o‘qiganim jonumga oro kirgan, o‘sha bir yil 12 o‘rta ta’lim yili o‘rniga o‘tgan.
- Kasb-hunar kollejlari o‘quvchini o‘z qobiliyat va qiziqishlari asosida mehnat bozori talablariga moslashishini yengillashtiradi.
- Post-sovet davlatlari ham 12 yillik tizimga yo allaqachon o‘tgan, yo o‘tishni niyat qilgan. Xususan, Ukraina (2018) va Qozog‘iston (2020) ham tez orada bu tizimga o‘tishni rejalashtirgan. Biz Rossiyaga taqlid qilishni, undan ilhomlanishni yaxshi ko‘ramiz. Lekin Rossiyaning o‘zida ham sovet o‘rta ta’lim modelidan voz kechib, 1 4 (boshlang‘ich maktab), 5 10 (o‘rta) va 11 12 (yuqori) formulasiga o‘tish niyati bor. Xo‘sh, ular shunday qilsa, biz yana axmoq bo‘lib, 12 yillikka qaytamizmi? Nahotki shunchalar betayin bo‘lsak!
Ta’limning maqsadi voyaga yetmaganlarni mahalla-ko‘yning ko‘z oldida saqlash, yurish-turishi, kiyinishi, o‘zini tutishini nazorat qilish yoki yoshlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish, erta tug‘ruq, turli oqimlarga qo‘shilib qolish kabi vajlar bilan ularni «doimiy infantil yosh bola» statusida saqlab qolish emas. Ta’lim tizimining maqsadi sipo, oq ko‘ylak, qora shim kiygan olomonni yetishtirish ham emas.
Ta’lim tizimining bosh maqsadi mustaqil fikrlaydigan avlodni shiddat bilan o‘zgarayotgan global dunyoda yashab ketishga tayyorlash, ularni boshqa mamlakatdagi tengqurlariga nisbatan raqobatbardosh qilish va shu orqali millatning ravnaqini ta’minlashdir. Yoshlari kasbsiz, mahorat va malakasiz, mustaqil fikrlamaydigan, o‘rganishni o‘rganmagan millatlar zaiflashib, boshqa millatlarga yem bo‘lishini tarix 1001 marta isbotlab bergan.
Mana shu tarixdan saboq chiqargan holda O‘zbekiston zamon talablariga javob berish maqsadida 12 yillik ta’lim tizimini post-sovet hududida birinchilardan bo‘lib joriy etdi. Birinchi prezident Islom Karimov 1990 yil 3 avgustda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlardan birida respublikada barcha sohalar qatori ta’lim tizimi ham butunlay izdan chiqqani, o‘quv muassasalari achinarli ahvolga kelib qolganini aytib o‘tgan edi. 1997 yilda qabul qilingan «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi zamonaning kun tartibidagi muammolarni hal etish uchun o‘z davrining ilg‘or va uzoqni ko‘zlagan tashabbusi bo‘lganini boshqa post-sovet respublikalari ham endigina – bizdan 20 yil keyin bu yo‘ldan yurishni rejalashtirgani ko‘rsatib turibdi.
Lekin ta’lim tizimidagi islohotlar ko‘zlanganidek amalga oshirilmadi yoki allaqachon ma’nan eskirdi. Bizga hozir ta’limning yangi islohoti kerak, lekin bu islohot o‘quv yillar sonini qisqartirish yoki ko‘paytirishdan iborat bo‘lmasligi lozim.
Ta’lim islohoti asosiy yetti savolga yechim topilgandagina muvaffaqiyatli bo‘ladi:
- Nimani o‘qitish kerak
- Kim o‘qitishi kerak
- Qanday o‘qitish kerak
- Nega o‘qitish kerak
- Islohotlarni qanday boshqarish kerak
- Bu islohotlar moliya va inson kapitali nuqtai nazardan qanchaga tushadi
- Va oxirida, islohotlar orqali qanday natijaga erishamiz
11 yillik ta’limga qaytish tashabbusi yuqoridagi savollarga javob bermaydi. Bir yil qisqartirdik ham deylik, bundan maktablardagi ta’lim sifati ajib holda yaxshilanib ham qolmaydi. Maktab ta’limidagi bugungi achinarli vaziyat – jamiyatda so‘nggi o‘n yilliklarda kechayotgan ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlarning oqibatidir. Demak, maktab islohoti ham kompleks yondashuvdan iborat bo‘lishi kerak va yuqoridagi savollarga javob berishi shart.
Lekin bunday yondashuvni paypaslab topgunimizcha, buyuk mashaqqat va moliyaviy qurbonliklar evaziga erishilgan institutsional bazani, kasb-hunar kollejlari va o‘rta-maxsus litseylar tarmog‘ini «demontaj» qilmaslik kerak. Qo‘yliqdagi ko‘prikni buzgan edik, qayta quryapmiz. Ta’lim tizimini ham shunday taqdir kutayotgan bo‘lmasin, tag‘in.
Sardor Salim
Manba: taraqqiy.uz