Bilasizmi?

Maktabgacha ta’lim muassasalari ta’lim berishning yangi tizimiga o‘tadi​

27 avgust kuni Maktabgacha ta’lim vazirligi Toshkent shahrida «Ilk qadam» o‘quv dasturi taqdimotini o‘tkazdi, deb xabar beradi  Daryo nashri.

Ushbu o‘quv dasturi eng yaxshi xalqaro amaliyot hamda Janubiy Koreya tajribasi asosida ishlab chiqilgan.

«Ilk qadam» o‘quv dasturining asosiy maqsadi hayoti davomida uzluksiz rivojlanishga qodir bo‘lgan shaxsni shakllantirish.

Ushbu zamonaviy pedagogik tizimning asosiy o‘ziga xosligi bolalarda o‘qishga qiziqish uyg‘otish hisoblanadi. Bu esa bolalarni ta’lim jarayoniga qiziqtirishga alohida e’tibor berish kerak deganidir», — deydi maktabgacha ta’lim vaziri o‘rinbosari Sobitxon Turg‘unov.

Tizimdagi yana bir qiziqarli yangiliklardan biri bu bolaning rivojlanish kartasi paydo bo‘lishidir. U o‘zida bolaning 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan davrini qamrab oladi. Karta bir yilda uch marta to‘ldiriladi. Bola maktabgacha ta’lim muassasasini bitirganidan so‘ng ya’ni 6—7 yoshda bolaning maktabga tayyorligi kartasi ham to‘ldiriladi.

Ushbu jarayon davlatning yangi talablariga asoslanadi. U bola rivojlanishining beshta asosiy yo‘nalishini qamrab oladi:

– Jismonan rivojlanish va sog‘lom hayot tarzini shakllantirish;

– Ijtimoiy — emotsional rivojlanish;

– Nutq, suhbatlashish, o‘qish va yozishdagi yutuqlari;

– Bilim olish jarayonining rivojlanishi;

– Ijodiy rivojlanish.