Bilasizmi?

Maktablarda sinovdan o‘tkazilgan 4-sinf formasi eng ko‘p e’tirozlarga sabab bo‘ldi

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi hamda «O‘zbekiston 24» radiosining qo‘shma loyihasi doirasida mutasaddilari yagona maktab formalari bilan bog‘liq savollarga javob berdi.

Qayd etilishicha, o‘tgan sinov davri mobaynida eng ko‘p e’tiroz 4-sinf maktab formasiga nisbatan bildirilgan.

«Ota-onalarning fikricha, 4-sinf o‘quvchilari kiygan oq ko‘ylak, to‘q ko‘k rangli shim, sarafan, nimcha va bardo rangli bomberdan iborat forma dizayni, rangi ma’qul bo‘lsa-da, matosining sifati yaxshi bo‘lmagani bois, ayrim noqulayliklar ko‘zga tashlandi. Misol uchun, o‘quvchi-qizlarimiz kiygan sarafan tepaga ko‘tarilib ketadi. Yuvilganda materialning yuza qismida ham pitiqchalar hosil bo‘ldi. Dazmol olishi ham yaxshi emas. O‘tgan uch oy davomida ayrim o‘quvchilarniki tez-tez yuvilganligi bois, bo‘shashib, xushbichimligiga biroz putur yetdi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, matolar o‘zimizda ishlab chiqarilgan, sof paxtadan. Ushbu e’tirozlar sabab ishlab chiqaruvchilarga dazmolni yaxshi olishi uchun qisman sintetik matolar qo‘shish tavsiya etilgan», — deyiladi xabarda.