Tarbiya

Masaru Ibukaning bolalar olamini ochib beruvchi iqtiboslari

Masaru Ibukaning maqolada keltirilgan iqtiboslari bolaning ichki olamini ochib beradi va tarbiyada ajoyib yordamchi bo‘ladi.

  • Uyga kelib, qarshingizga bolalaringizni o‘tqizing va ularning yuzlariga sinchiklab qarang, shunda turmush o‘rtog‘ingiz bilan munosabatlaringizning butun tarixini o‘qib olasiz.
  • Bolani tarbiyalash — o‘zingizni ham doimiy ravishda tarbiyalab borish demakdir.
  • Jamoatchilik abortni qoralaydi, biroq bolasiga hayot baxsh etgach, uning tarbiyasi bilan shug‘ullanmaydigan ota-onalarni qoralamaydi. Mening fikrimcha, bu abortdan ko‘ra yomonroq yovuzlik va uni oqlab bo‘lmaydi.
  • Go‘daklik — inson hayotidagi g‘oyatda ta’sirchan davr. Ota-onalarga ahamiyatsiz va ma’nisiz bo‘lib tuyulgan narsani bola shunchalik katta ta’sir va kuch bilan qabul qilishi mumkinki, bu tajriba uning keyingi hayoti uchun asosga aylanishi mumkin.
  • Butun dunyodagi tinchlik endi bizga, bugungi kundagi katta odamlarga emas, bugun hali yo‘rgakda bo‘lgan avlodga bog‘liq.
  • Bolalar qiziqarli narsani to‘g‘ri, zerikarli narsani noto‘g‘ri deb biladi.
  • O‘z farzandiga nisbatan egalik hissi juda keng tarqalgan. U bolaning shaxsiy erki inobatga olinmasligiga sabab bo‘ladi. Agar bola o‘z erki rivojlanishidan avval, o‘z-o‘ziga bo‘lgan bunday munosabatni o‘zlashtirib olsa, u keyin butun hayoti davomida o‘z kuchiga shubha qilishi mumkin. Ota-ona emas, bolaning o‘zi o‘z kelajagining egasidir.
  • Bola qo‘llari bilan nima bajarsa — rasm chizadimi, qog‘ozni g‘ijimlaydimi, o‘yinchoqlarini sochadimi — uning intellekti va ijodiy qobiliyatini o‘stiradi. Bolaga qalamni qanchalik tezroq bersangiz, natijalar shunchalik yaxshi bo‘ladi.
  • Bola qadam tashlashni o‘rganib bo‘lganidan so‘ng unga g‘ildirakli konkida uchishni o‘rgatish juda qiyin, yurishni o‘rganayotgan vaqtda o‘rgatish esa mumkin, bir necha oy ichida u ajoyib figuristga aylanadi.
  • Asosiysi — bolada cheksiz potensial imkoniyatlarni rivojlantirish, toki uning hayotida va butun olamda xursandchilik ko‘paysin.

Ibuka Masaru (1908—1997) yaponiyalik muhandis va tadbirkor bo‘lib, Sony korporatsiyasi asoschilaridan biridir. U kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha novatorlik konsepsiyalarini yaratgan. Shuningdek, u bolalarni kichik yoshdan rivojlantirish bo‘yicha “Uchdan keyin kech” nomli ommabop kitob muallifidir.