Rossiyaning “Masha va ayiq” multserialining 17-epizodi YouTube kanalidagi videoxosting tarixida eng ko‘p ko‘rilgan roliklar beshligidan o‘rin oldi. Bu haqda Qalampir.uz yozmoqda.
Multfilmning “Masha + kasha” deb nomlanuvchi qismi 2012 yilning 31 yanvar kuni kanalga joylashtirilgan edi.
Ushbu multfilmni yaratgan “Animakord” studiyasi multiplikatorlarining fikricha, “Masha + kasha” epizodini har kuni o‘rta hisobda 2,7-3,2 million kishi tomosha qiladi.
“Masha plyus kasha” epizodini bir necha tillarda tomosha qilish imkoni mavjudligi ham uning reytingiga ta’sir qilgani shubhasiz.
YouTube kanalidagi ushbu beshlikning birinchi pog‘onasida Janubiy Koreyalik qo‘shiqchi PSY tomonidan ijro etilgan Gangnam Style qo‘shig‘i turibdi. Ikkinchi o‘rinda esa amerikalik reper Uiz Xalifaning “See You Again” qo‘shig‘iga olingan klip. Reper ijod mahsulini 2,5 millard kishi ko‘rib ulgurgan.
Hozirgacha “Masha + kasha” epizodini 2,1 milliard kishi, koreys klipini esa 2,8 milliard kishi tomosha qilgan.
Ma’lumot uchun, “Masha va ayiq” multfilmi 2009 yildan beri namoyish etib kelinadi. Uning har bir epizodi taxminan 6 daqiqa davom etadi.
Multserial qator mukofotlarni, xususan Halqaro mukofotlarni ham qo‘lga kiritgan. Multserialni namoyish etish huquqi “Netflix”, “Turner”, “KIKA”, “France TV”, “Sony Music”, “NBC Universal”, “Televisa” kompaniyalari tomonidan xarid qilingan.