Bilasizmi?

Mashinaning qaysi o‘rindig‘iga bolani o‘tqazish kerak?

Bolalarni avtomobilning maxsus o‘tirg‘ich moslamalarida va avtobelanchaklarda (avtolyulka) olib yurish kerakligini ko‘pchilik biladi. Ammo uni qaysi o‘rindiqqa joylashtirish kerak? Ushbu masalani e’tibordan chetda qoldirmaslik lozim, chunki mashinada bola joylashgan o‘rnining uning xavfsizligiga ta’siri katta.

Amerika avtomobil xavfsizligi markazi (CAS) ekspertlari orqa o‘rindiqda bola, uning oldida esa vazni yengilroq kishi o‘tirganida eng xavfsiz holat yuzaga kelishini aniqlashdi. Agar boshqacha holatda joylashtirilsa, yo‘l-transport hodisasi yuz berganida bola jiddiy shikast olish ehtimoli ortadi.

CAS ekspertlari 1990 yildan 2014 yilgacha yuz bergan 900ga yaqin YTHni o‘rganib chiqqan. Unda avtohalokatga uchragan mashina rusumlari, ishlab chiqarilgan yili va hatto halok bo‘lganlar ism-sharifigacha keltirilgan. Barcha holatlarni o‘rgangan mutaxassislar, bola nisbatan vazni yengilroq bo‘lgan onaning orqasida o‘tirgani xavfsizroq, degan yagona xulosaga kelishdi.

CAS vakillari AQSh yo‘l xavfsizligi bo‘yicha Milliy ma’muriyatga maktub yo‘llashdi. Unda yo‘lovchilarning mashinada o‘tirishi bo‘yicha yangi talablar joriy etish va bolalarni avtomobil o‘rindig‘iga joylashtirish bo‘yicha ota-onalarga tushuntirish tadbirini boshlash takliflari aks etgan. Markaz, shuningdek, old o‘rindiq suyanchig‘ining orqasiga xavfsiz o‘rindiqni tavsiya etib yozib qo‘yish kerak, deb hisoblaydi.

manba: carzone.uz