Tarbiya

Muloqot – tarbiyaning kaliti

 

Ko‘pchiligingiz "chap miya" va "o‘ng miya" yoki "miyaning ust qismi" va "miyaning ost qismi" degan tushunchalarni eshitgan bo‘lishingiz mumkin. O‘ng miya, ya’ni miyaning ustki qismi bizning ong va idrokimizni boshqarsa, chap miya – miyaning ostki qismi ruhiy va hissiy holatimizni boshqaradi. Miya osti bola tug‘ilganidayoq shakllanib bo‘lgan bo‘ladi. U shuningdek tananing nafas olish, harorat, yurak urishi va muvozanat kabi vazifalarini nazorat qiladi. Ya’ni, kerak vaqtda tanamizga yashash uchun zarur biologik xabarlarni yetkazib turadi.

Miyaning yuqori qismi esa ko‘proq fikrlash, idrok qilish kabi jarayonni nazorat qiladi. Bu yerda rahm-shafqat va mehr-muhabbat kabi hissiyotlar ham yashaydi. Tug‘ilgandayoq miyaning bu qismi rivojlanishga muhtoj bo‘ladi. Va bu rivojlanish bevosita ota-onaning bola bilan munosabatiga, to‘g‘ri muloqotiga bog‘liq. Biz ota-onalar bolamizga qanchalar mehribon va yaqin bo‘lsak, miyaning bu qismidagi asab tizimi shuncha mustahkam bo‘ladi.

Ayniqsa, bolani uyaltirish, kamsitish, uni hamma narsadan mosuvo qilish – katta xato. Ko‘pchilik ota-onalar bolaning hali miyaning ostki qismi nazoratida ekanini tushunishmaydi va uni jerkib, tergab bolaning bir umr shu yerda – xato nazorat ostida qolib ketishiga sababchi bo‘ladilar.

Hech e’tibor berganmisiz, erkin va xushchaqchaq oila farzandlari hayotga real qaraydilar. Oilasi qiyinchilikka yuz tutgan, bolaligi og‘ir o‘tgan bolalar esa ko‘proq his-tuyg‘ularga quloq tutadigan miya sohiblari bo‘lishadi. Buning asosiy sababini ham, ularning yoshlik chog‘lari tushkun kayfiyatda o‘tgani bilan izohlash mumkin. Bu jiddiy muammo emas, albatta.

Bolangiz xafa bo‘lganida uning tanasi miya ostining nazoratiga o‘tadi va bola miyaning ustki qismi, ya’ni idrok bilan bog‘lana olmaydi. Miya ustidagi asab tizimi qancha kuchsiz bo‘lsa, tanada ostki miya shu qadar ustunligini namoyon qiladi. Shu bois bu mahalda bola idrokli emas, tajovuzkor bo‘lib qoladi. Bunday vaziyatlarda u o‘zini nazorat qila olishi uchun uning idrok tizimini shakllantirish kerak. Ammo tushkunlikda va muntazam haqorat, baqirishlarga duch kelgan bolada miya ustining rivojlanish darajasi pasayadi. Shu bois, bolani xotirjamlik va mulohaza bilan tarbiyalash, unga bosiqlik bilan muomalada bo‘lish kerak.

Ammo xato qilib qo‘ygan bolaga baqirmaslik uchun ota-onaning o‘zlari ham yuqori miya nazoratidagi, vaziyatga to‘g‘ri baho beradigan, tezkor fikr qiladigan odamlar bo‘lishlari kerak. Bolaning aql-idrokli bo‘lib voyaga yetishida muloqotning o‘rni juda yuqori. Shu sababli, bobo-buvisi qo‘lida tarbiya topgan bolalarning aqli boshqalarinikidan ustun bo‘ladi.

Bolalar bizning mehrimiz va e’tirofimizni his qilganlari sayin, garchi ularning biror harakati bizda norozilik uyg‘otganini sezsalar ham, ular miyaning yuqori qismiga ko‘proq quloq tutib, zehnli va tafakkurli bolalar bo‘lib voyaga yetadilar.

Bolangiz xafa bo‘lsa, uni tinchlantiring. U xato qilsa, uni kechiring. U injiqlik qilsa, siz bosiq bo‘ling. Bu sa’y-harakatingiz bolada aks ta’sir qiladi, bolaning fe’l-atvori yanada yomonlashadi, deb o‘ylasangiz, xato qilasiz. Bolaning miyasida idrok ustun bo‘lgan tizimning shakllanishi asta-sekin sodir bo‘ladi. Shunda farzand ham biror xatti-harakat qilishdan avval fikrlaydigan bo‘lib qoladi. Modomiki, uning xarxashalarini siz ham baqir-chaqir bilan qarshi olar ekansiz, bolani shu qadar miyaning tub qismiga itarasiz va u ham ko‘proq aql bilan emas, hissiyot bilan o‘rtoqlashadigan bo‘lib qoladi.

Shu bilan birga, bola bilan kam muloqot qilish ham uning miyaning quyi qismiga qaram bo‘lib qolishiga sababchi bo‘ladi. Shu bois, siz hozir tarbiyasi uchun vaqt ajrata olmayotgan farzandingizdan kelajakda e’tibor kutmang.

Haqiqat shundaki, farzand ko‘proq uni eshitadigan ota-onaga quloq tutadi. Siz bolani qancha ko‘p tinglasangiz, u sizni shuncha ko‘p xursand qilishni, siz bilan muloqotda bo‘lib, tinglashni, mehr ko‘rsatishni rejalashtiradi.

Muloqot bolaning sizdan qo‘rqishi yoki bo‘ysunishi, yonizda yurak hovuchlab turishi uchun xizmat qilmasin. Muloqot yordamida unga u siz bilan xavfdan holi ekanligini anglating, farzandingizni qadrlang va tushuning. Shunda undagi his-tuyg‘ular tizimi ham sog‘lom rivojlanadi.

Farzand kamolini ko‘rish sizga nasib qilsin!