Tarbiya

Muvaffaqiyatli insonlar ota-onasining tarbiya usuliga xos 11 o‘xshashlik

            

  1. Ular uy ishlarida farzandlarining yordamidan foydalanadilar

Stendford universiteti professori Juli Linkotning "Farzand tarbiyalash" kitobida yozilishicha, bolalarga uy ishlarini o‘rgatish ham katta saboq. Bu birinchi navbatda ularning mehnat va bilim doirasini kengaytirsa, ikkinchidan mas’uliyatli bo‘lib voyaga yetishlariga xizmat qiladi.

Keyinchalik ham uy ishlarida yordam bergan bolalarda shakllangan ko‘nikma ishga joylashganlarida ish beruvchi va hamkasblar bilan muvaffaqiyatli aloqalarni yo‘lga qo‘yishlarida yordam beradi. Boisi, bu bilan bolalarda ishga mustaqil kirisha olish, qiyinchiliklarni bardosh bilan yengish, sabr va mehnatga chidamlilik xususiyatlari paydo bo‘lgan bo‘ladi.

U mazkur xulosalarni chiqarishda Harvard universiteti tomonidan o‘tkazilgan Grant Study – inson muvaffaqiyatiga bag‘ishlangan eng uzoq davom etgan tadqiqot natijalariga ham suyangan.

Misol uchun, bolaga uyni tartibga keltirishni, qog‘oz bo‘laklarini yig‘ishni, o‘z kiyim-kechaklarini tartibga keltirishni o‘rgatish orqali bolalar hayotning bir qismiga aylanish uchun mehnat qilish zarurligini anglaydilar.

  1. Ular farzandlariga ijtimoiy munosabatlarga kirishishlariga yordam beradilar

Pensilvaniya shtati universiteti olimlari 700 nafar ishtirokchilar o‘rtasida ularning ijtimoiy munosabatlarga kirishishini aniqlashga oid tadqiqot o‘tkazdi. Ishtirokchilarning bolalar bog‘chasi yoshidan 25 yoshgacha bo‘lgan hayoti, deyarli 20 yillik muddat tahlil qilindi. Asosiy urg‘u muvaffaqiyatli insonlarning bolalik chog‘laridagi ijtimoiy ko‘nikmalariga qaratildi.

O‘rganilgan 20 yillik tadqiqot va xulosalar shuni ko‘rsatdiki, o‘z tengdoshlari bilan tez munosabat o‘rnata oladigan, boshqalarga yordam qo‘lini cho‘zishga oshiqadigan, atrofidagi insonlarning holatini, hislarini tushuna oladigan, o‘z muammolari yuzasidan biror yechim taklif qila olish ko‘nikmasiga ega bolalar 25 yoshga qadar hayotda o‘z o‘rinlariga ega bo‘lishar ekan.

Ijtimoiy munosabatlar ko‘nikmasi rivojlanmagan bolalarning ko‘pchiligida kelajakda jinoyatchi bo‘lish, ichkilikbozlikka mukkasidan ketish, boshqalarga suyanib yashash ehtimoli yuqori bo‘lar ekan.

Bolalarimizni yoshligidayoq odamlarga qo‘shish, ularga boshqalar bilan muomalani o‘rgatish ularni sog‘lom turmush tarziga tayyorlash bilan barobar.

  1. Ular farzandlaridan yuqori natija umid qiladilar

Los-Anjelesda joylashgan Kaliforniya universiteti professori Nil Halfon 2001 yilda 6,600 nafar bolalar o‘rtasida so‘rov o‘tkazib, ota-onaning farzand kelajagi xususidagi o‘rnini aniqlashga ahd qildi.

Natijalar esa o‘z farzandiga katta umid bag‘ishlagan, buni farzandiga aytgan ota-onalar oxir-oqibat maqsadlariga yetishlarini ko‘rsatgan.

O‘z farzandini kollejda yoki universitetda o‘qitish istagida bo‘lgan ota-ona yillar davomida buni farzandiga uqtirib keladi va farzandini bunga ruhan tayyorlaydi.

So‘rovda ishtirok etgan, kollejda past baho bilan o‘qiydigan 57 foiz kollej o‘quvchilari ota-onalari bolalik chog‘larida kollej va ularning kelajagi haqida kam gapirganini, kollejda tahsil olish bilan bog‘liq oilaviy qarorni ham maktabni bitirishga yaqin chiqarganliklarini aytishgan. A’lochi o‘quvchilarning 96 foizi esa ota-onalaridan bolalik chog‘laridanoq kollej va universitetda tahsil olishlari zarurligi haqidagi fikrlarni kunora eshitganliklarini ta’kidlashgan.

Ruhiyatda kimningdir umidi boshqa birovning hayotiga ta’sir qilishi, "Pigmalion ta’siri" nomli ruhiy ta’sir kuchi aniqlangan. Ya’ni, ota-ona bolasidan eng yaxshisini umid qilsa, bola ham buning uchun harakat qiladi.

Unutmang, bola har doim ota-onalari umidi og‘ushida o‘sib-ulg‘ayadi.

  1. Er va xotin o‘rtasidagi sog‘lom va mustahkam munosabat rishtalari

"Muvaffaqiyatli insonlar baxtli juftliklarning mevalaridir," degan mashhur fikr bor. Sog‘lom daraxtning mevasi sog‘lom bo‘lganidek, bir-biriga yaxshi munosabatda bo‘lgan er-xotin, hurmat va samimiylik muhim o‘rin tutgan oila farzandlari ham ruhan va jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetadi.

Illinoys universiteti kichik professori Robert Xyuz o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, urush-janjal odatiy holga aylangan, ajrashib ketgan va muammolar girdobidagi xonadon farzandlari odamovi, ruhiy tushkun bo‘ladi va hayotda otasiz yoki onasiz o‘sgan bolalardan ham muvaffaqiyatsizroq bo‘lishadi.

Shu sababli, oilada turmush o‘rtog‘ingiz bilan sog‘lom va samimiy, baxtiyor munosabatlarni o‘rnating va farzandingiz ruhiyatiga ijobiy ta’sir qiling.

  1. Ularning bilim doirasi keng va darajasi yuqori bo‘ladi

2014 yilda Michigan universiteti ruhshunosi Sandra Tang tomonidan tashkil etilgan tadqiqot natijalaridan ma’lum bo‘ldiki, kollejni tamomlagan onalarning aksariyatining farzandlari ham xuddi shu darajaga erishar ekanlar.

Mazkur tadqiqotga 1998 hamda 2007 yillar mobaynida maktabgacha ta’lim muassasasiga qatnagan 14 ming nafar o‘spirinlar jalb qilingan.

Olimlar so‘rovlar jarayonida qiziq bir jihatga duch kelishgan. Ya’ni, 18 yoki undan yosh bo‘lgan onadan tug‘ilgan farzandda o‘zlashtirish ko‘rsatkichi juda past bo‘lib, ularning ko‘pchiligi maktabni zo‘rg‘a bitirgan va bir qismigina kollejga o‘qishga kirgan ekan.

2009 yilda Bouling Grin Shtat universitetida ruhshunos Erik Dubov 856 nafar ko‘ngilli ota-onalar o‘rtasida ham shunga o‘xshash, ota-onalarning ta’limiy darajasini aniqlashga mo‘ljallangan tadqiqot va so‘rov o‘tkazildi. Unga ko‘ra, muvaffaqiyatli insonlarning aksariyati tug‘ilganida ota-onalari 40 yosh atrofida bo‘lgan.

6. Ular farzandlariga hisob-kitobni erta yoshdanoq o‘rgatishadi

2007 yilda AQSh, Kanada va Angliyada maktabga chiqish arafasida bo‘lgan bolalar o‘rtasida tadqiqot o‘tkaziladi. Natija shunday bo‘ldiki, bolada hisob-kitob qobiliyatining shakllangani uning kelajagiga ijobiy ta’sir qilar ekan.

Maktabga chiqqan bolaning matematik amallar, qo‘shish va ayirishni bilishi, raqamlarni tanishi va ularning tartibini farqlay olishi unga boshqa fanlarni ham yaxshi o‘zlashtirishiga yordam beradi. Boisi bunday bolalarda miyaning fikrlash darajasi kengaygan bo‘ladi.

Ayniqsa, matematika fanini yaxshi o‘zlashtirayotgan bola boshlang‘ich sinfda kitob o‘qish qobiliyatini ham osonlik bilan shakllantiradi.

  1. Ular bolalari bilan yaxshi muloqotni yo‘lga qo‘yishadi

Farzandni tinglash va unga yordam berish – tarbiya jarayonida ota-ona e’tibor qilishi zarur bo‘lgan eng muhim jarayon. 2014 yilda amerikalik 243 nafar ko‘ngilli ishtirokchilar o‘rtasida so‘rov va tadqiqot o‘tkaziladi. Ularning barchasi bolaligida kambag‘al oilada voyaga yetgan va yillar o‘tib, o‘z kuchi bilan muvaffaqiyatga erishgan insonlar edi.

Ma’lum bo‘lishicha, bu insonlar maktabda ham yuqori baho olishgan va fanlarni yaxshi o‘zlashtirishgan ekan. Kollej va universitetda ham o‘zlashtirishda yaxshi natijalar ko‘rsatishgan. So‘rovda ularning barchasi bolaligida ota-onasi bilan yaqindan muloqot qilishganini qayd etgan.

PsyBlog ruhiyat mavzulariga ixtisoslashgan blogda yozilishicha, farzandining so‘roqlariga, savollariga munosabat bilidirshga erinmagan ota-ona o‘zi bilmagan holatda unga dunyoni kashf qilishi va kelajagi uchun poydevor qurishiga yordam berar ekan.

Minnesota universiteti ruhshunosi Li Rabi ham bolalarni qiynayotgan, rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni bilish uchun avval ularni tinglash kerakligini aytadi.

  1. Ular tushkunlik va pessimistik holatga deyarli tushmaydilar

Tushkunlikka kam tushadigan ota-onalar fe’lida ustun bo‘lgan ijobiy kayfiyat bolalarga ham yuqadi.

The Washington Post nashrining yozishicha, ota-ona farzandining tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanishi loizm bo‘lgan yosh 3 - 11 yoshlar oralig‘i ekan. Ayni shu davr oralig‘ida farzandda fe’l-atvor, tarbiya shakllanadi, u hayot haqidagi ilk xulosalarni chiqarayotgan bo‘ladi.

Bunda esa ota-onaning o‘zi munosib tarbiya va fazilatlarga ega bo‘lishi kerak. Farzandiga vaqt ajrata olmayotgan, ish tufayli charchab, hayotdan hasrat qiladigan onalarning farzandlari ham xuddi shu "bechorahol" kayfiyatda ulg‘ayishadi.

His-tuyg‘ular ham mikrobga o‘xshaydi – juda tez yuqadi. Ruhshunoslar ham his-tuyg‘ularning odamdan odamga yuqishi haqida asoslangan dalillarni aytishadi.

Hayotda ham yaqin do‘stingiz xafa bo‘lsa, sizda ham shunday kayfiyat hukmron bo‘ladi. Ayniqsa, farzandga onalarning kayfiyati tezroq yuqadi. Agar onada bu holat muntazam davom etsa, farzand ham bir umrga tushkun kayfiyatli insonga aylanib qolishi mumkin. Bu esa uning hayotda muvaffaqiyat qozonishiga bosh to‘siq bo‘lishi mumkin.

  1. Ular muvaffaqiyatsizlikka uchragan farzandini ham qo‘llab-quvvatlashadi

Bolani yoshlik chog‘idagi xatolari uchun kechirish – unga bundan to‘g‘ri xulosa chiqarish uchun imkon berish, deganidir. Bolangiz xato qilsa, siz uning to‘g‘ri xulosa chiqarishini o‘ylang va quvoning.

Muvaffaqiyat ham marraga erishish uchun qilingan sa’y-harakat, omadsizlikning natijasidir.

Stenford universiteti ruhshunosi Kerol Dvek yillar davomida bu masalani o‘rganib boradi. Uning xulosalariga ko‘ra, bolalar muvaffaqiyat haqida ikki xil o‘ylashadi.

Birinchi xil o‘ylovchilar nazarida harakat qilish, bu – hayotni o‘zgartirish uchun emas. Shunchaki, u ota-onadan meros aql-zakovat va omadni ishga solish va ularning ishonchlarini oqlash uchun zarur. O‘z navbatida, bu kabilar biror nimaga erishishda omadsizlikni chetlab o‘tishga harakat qilishadi.

Muvaffaqiyat haqida ikkinchi xil qarashga ega insonlar uchun sa’y-harakat qilish mavjud taqdirni o‘zgartirish va o‘zlarini kashf qilish uchun kerak. Ularga bunda hech narsa, misol uchun, ota-onaning e’tirozi yoki omadsizlikdan qo‘rqish ham xalaqit qilmaydi. Shu sabali ham, hayotda ko‘proq omadsiz insonlarning farzandlari yuqoriroq natijalarni qayd etishadi.

Ya’ni, farzandingiz siz unga har qanday sharoitda imkon berishingizin, qo‘llab – quvvatlashingizni his qilsin.

Agar bolaga uning bilimini sinash uchun imtihon qilishni aytsangiz, u ruhan qo‘rqoq bo‘ladi. Agar unga shokolad berishingizni aytib, uni imtihon qilsangiz bola jon-jahdi bilan "kurashga" kirishadi.

  1. Ular ishda ham muvaffaqiyatli onalardir

Harvard Biznes maktabida o‘tkazilgan ilmiy izlanishlar natijalariga ko‘ra, uydan tashqarida ishlaydigan, hayotda muvaffaqiyatli kasbiy o‘rniga ega bo‘lgan onalarning bolalari ham muvaffaqiyat qozonishda davom etar ekan.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ishlaydigan onalarning bolalari maktabdagi o‘qishlarda mas’uliyat bilan yondashib, a’lo o‘qishga intilar ekanlar. Hayotda ham bu kabi bolalar uyda o‘tirgan ona qo‘lida katta bo‘lgan bolalardan ko‘ra 23 foiz ko‘proq mablag‘ ishlab topishar ekan.

Ishlaydigan onalarning o‘g‘illari esa uy yumushlariga ko‘proq jalb qilinar, shu bois ham mas’uliyat hissini ertaroq anglar va shuning oqibatida hayotda ham mas’uliyatli inson sifatida muvaffaqiyat qozonar ekanlar.

  1. Ularning ijtimoiy-iqtisodiy holatlari yuqori

Har besh nafar amerikalik boladan 1 nafari kambag‘al shart-sharoitda ulg‘ayadi va ularning ota-onalari doim ham farzandlarini qo‘llab-quvvatlay olishmaydi.

O‘z-o‘zidan ayonki, farzandning barkamol bo‘lib yetishishi bevosita unga yaratib berilgan sharoitlar bilan hisoblashadi. Iqtisodiy qiyinchilik bois, amerikalik ota-onalar farzandlarini maktabga berish yoki kollejda o‘qitishda jiddiy muammolarga dkch kelishadi.

Yuqoridagilarni xulosa qilib aytish mumkinki, farzandning muvaffaqiyatli inson sifatida kamol topishi ko‘p jihatdan ota-ona va farzand o‘rtasidagi aloqalarga bog‘liq. Go‘dakligida e’tiborli bo‘ling, maktab yoshida tarbiya qiling va sharoit yaratib bering, o‘spirinlik chog‘ida yordamlashing va o‘smirlik pallasida bolangizni tushunishga harakat qiling.

Farzandingizning rohatini ko‘rish sizga nasib qilsin!