Bilasizmi?

​Nimaga yosh bolalar ota-onasini uradi?

Avtobusda to‘rt yoshlardagi bolakay «Obermading, obermading, sen yomon oyisan» deb onasining yuz-ko‘zlariga tinmay urardi. Ona avval hijolat bo‘lib bolaning qo‘llarini ushlab oldi, yuzini chetga burdi. Lekin shumtaka onasining qo‘lidan yulqinib, unga qattiqroq zarba berishga urinaverdi. Shunda ona uning ikki qo‘liga qattiqqina urdi, bolakay yig‘lay boshladi-yu, onasini urmay qo‘ydi. Avtobusdagi odamlar ikki guruhga ajralib, birinchisi tarbiyasiz bolakayni, ikkinchisi qahri qattiq onani qoralashga tushdi. Men esa nega bolalar ota-onasiga qo‘l ko‘taradi degan savol haqida o‘ylay boshladim.

Bu hol ko‘pincha uch yoshdan keyin kuzatiladi. Psixologiyada 3 yosh inqirozi degan tushuncha bor, ya’ni aynan shu davrga kelib, kichkintoy ongli shaxsga aylanishni boshlaydi. O‘zini, atrofdagilarni anglaydi, o‘z fikrini qanday qilib bo‘lsa ham ilgari surishga harakat qiladi. Natijada bolalarning avvalgidek, shunchaki, noqulaylikdan emas, ma’lum maqsad sari yo‘naltirilgan injiqliklari boshlanadi. O‘smir yoshdagi bolalarning ota-onasiga qo‘l ko‘tarishi umuman boshqa mavzu va biz hozir chuqur psixologik, sotsiologik va pedagogik tahlilni talab qiladigan bu mavzuni chetlab o‘tamiz. Biz 3-6 yosh oralig‘ida ota-onasiga qo‘l ko‘tarayotgan jajji «zolim»lar haqida gaplashamiz.

Nega uradi?

Bolalar bu yoshda juda taqlidchi bo‘ladilar. Uryaptimi, demak yo uni ham urishadi, yoki oila a’zolari orasida jismoniy zo‘rlik bor. U ko‘rganini qiladi, eshitganini so‘zlaydi. Albatta, onasi yo otasini urayotgan bola ularni yomon ko‘radi, degani emas. Bu, shunchaki, kichkintoyning ayni damdagi kayfiyati. Va buning ota-onasiga nisbatan muhabbatiga taalluqli joyi yo‘q. O‘smir yoshdagidan farqli o‘laroq, albatta. Demak, birinchi navbatda kattalar bola oldida o‘z xulqlarini nazorat qilishlari kerak.

Ikkinchi sabab esa qaqajon ilk bora ota-onasiga qo‘l ko‘targanda e’tibor berilmagan, bu ishning yomonligi tushuntirilmagan, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Ya’ni muammo ustida ishlanmagan. Keyin bu ish takrorlanavergan. Bola-da, ursa nima bo‘pti, esi yo‘q-da degan qarash yaramaydi. Chunki qo‘li yugurik bola bu odatini ulg‘ayganida ham tashlamasligi mumkin. Hatto, esi kirib ota-onasiga qarshi qo‘l ko‘tarishdan o‘zini tiya olgan taqdirda ham, tengdoshlari, keyinchalik umr yo‘ldoshi jismoniy tajovuz ob’yektiga aylanib qoladi. Demak, bolani yoshlikdanoq bu yomon odatdan qaytarish kerak.

Nima qilmoq kerak?

Avvalo, hech qachon bunday qilmaslikni qulog‘iga quyish kerak. Nasihat, ertaklar, didaktik materiallar – xullas, hamma vositalar yaxshi. Bu tarbiyaning bosh talabidir, ya’ni muammoni tinch yo‘l bilan hal etishga yoshligidanoq o‘rgatish. Albatta, tarbiya ishlari aynan o‘sha agressiya payti emas, muntazam olib borilishi lozim.

Ikkinchidan, bolangiz sizga qo‘l ko‘tarayotganini ko‘rishingiz bilanoq qo‘llarini ushlab oling, urishiga yo‘l qo‘ymang. Agar epchillik qilib bir-ikki marta shunga muvaffaq bo‘lsangiz, bolangiz boshqa yo‘l qidirishga tushadi.

Uchinchidan, bordi-yu, kichkintoy sizni ursa, javoban uni ham urish mumkin emas. Ba’zi ota-onalar joni naqadar og‘riganini bildirish, ba’zilar shunchaki alamini ko‘rsatish uchun bolani uradi. Ammo bola mening jonim og‘rigani kabi ota-onamniki ham og‘riydi, deb o‘ylamaydi. Chunki farzandigiz nazarida siz “supermen”siz. Faqat uning joni og‘rishi mumkin. Yegan kaltagidan qilayotgan ishim to‘g‘ri ekan, urish mumkin ekan, ular ham urishyapti-ku, degan xulosa chiqaradi, xolos.

To‘rtinchidan, chalg‘ituvchi usullardan foydalaning, bir urdimi, siz buni o‘yinga, hazilga buring, boshqa urmasligi uchun nimagadir chalg‘iting.

Beshinchidan, joningiz og‘riganini, azobda ekaningizni bolaga ko‘rsating. Ya’ni psixologik ta’sir o‘tkazing. Ba’zida bolalar ota-onasining joni og‘riyotganini sezishsa, darrov jahldan tushib, mehribonchilik qila boshlaydilar.

Oltinchidan, albatta, uni jazolang. Masalan, urdimi, tizzangizdan tushirib nari keting, o‘z ishingiz bilan shug‘ullaning. Bir oz muddat e’tibor bermang, mehribonchilik ko‘rsatmang. Bola devorga ursa, qo‘li og‘rishini biladi-ku. Xuddi shunday, ota-onasiga qo‘l ko‘tarsa, jazo olishini bilsin. O‘shandagina keyingi safar harakatlarini nazorat qiladi.

Demak, 3 asosiy qoidani unutmang: a) tushuntirish; b) ogohlantirish; v) jazolash.

Manba: Darakchi.uz