Bilasizmi?

Noqulay ob-havoda bolalar bilan uyda shug‘ullanish uchun qiziqarli mashg‘ulotlar

Yilning sovuq fasllarida ob-havo sayrlar uchun noqulaylik tug‘diradi. Bolalar bilan uyda o‘tirish esa tezda zeriktiradi. Shunda ota-onalarda haqli savol yuzaga keladi: bolalarni nima bilan mashg‘ul qilish mumkin?

Farzandlaringiz kuni bo‘yi televizor yoki kompyuter ekrani oldida o‘tirmasligi uchun ularning bo‘sh vaqtini qiziqarli o‘tkazishni taklif qilamiz.

Zamonaviy bolalar o‘zlaridan avvalgi avlod bolalardan juda farq qiladi. Ular bir joyda o‘tirishni istamaydi va turli texnologiyalarga juda o‘ch. Ularni qoyil qoldirish ham qiyin. Shuning uchun agar farzandingiz foydali va rivojlantiruvchi mashg‘ulot bilan shug‘ullanishini istasangiz, bu mashg‘ulotni haqiqatan ham qiziqarli qiling.

Rasmlarni bo‘yash uchun mo‘ljallangan raskraskalar so‘nggi yillarda juda o‘zgarib bormoqda. Yaqinda Rossiya kompaniyalaridan biri noyob ishlanma — 3D-raskraskani taqdim etdi. Uning farqli jihati, undagi rasmlar telefondagi maxsus dastur yordamida «jonlanadi». Real va virtual dunyoning uyg‘unlashishi tufayli bu mashg‘ulot, shubhasiz, farzandingizni o‘ziga jalb qiladi.

Olimlar bir ovozdan rasm chizish bolaning ijodiy qobiliyatini rivojlantirishini ta’kidlaydi. Biroq kichkintoyingiz rasm chizishni xush ko‘rmasa-chi? U holda noodatiy bo‘yoqlar tayyorlang. Buning uchun soch uchun gel, ozuqaviy rang beruvchilar va turli rangdagi zarlar kerak bo‘ladi. Ularning hammasini aralashtirib, g‘aroyib suratlar chizish mumkin bo‘lgan yorqin bo‘yoqlarni hosil qilishingiz mumkin.

Ozgina bo‘sh vaqtingizni ham farzandingiz bilan o‘tkazmoqchi bo‘lsangiz, stol o‘yinlari ajoyib variant bo‘la oladi. Shashka, shaxmat, domino, nardalar — kechki oilaviy hordiq uchun bulardan ham qiziqarli mashg‘ulotlar bormi?

Nima bilan mashg‘ul bo‘lishingizdan qat’i nazar, farzandingiz doim siz bilan vaqt o‘tkazishni va erishgan yutuqlari uchun sizdan maqtov eshitishni istashini unutmang!

Manba: Daryo.uz