Nukus shahrining Otchopar maydonida Hosil bayrami munosabati bilan qator tadbir va musobaqalar tashkil etildi, deb yozadi O‘zA.
Polvonlar bahsi tomoshabinlarga zavq ulashdi. Bosh sovrin uchun gilamga kurash bo‘yicha bir necha bor Qoraqalpog‘iston chempioni, jangovar sambo bo‘yicha O‘zbekiston chempioni shumanaylik Miyirbek Abdixaliqov va kurash, dzyudo bo‘yicha yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston chempioni, Xo‘jayli tumanidan Zarapatdin Turdimuratovlar chiqdi. Bir-biriga munosib polvonlar bellashuvida Zarapatdin Turdimuratov g‘olib chiqib, bosh sovrin Prezidentning sovg‘asi Spark avtomashinasi bilan taqdirlandi.
Otchopar maydoni bo‘ylab otda bir, besh, yetti, o‘n aylanish musobaqasini ko‘pchilik qiziqish bilan kuzatdi. O‘n aylanish bo‘yicha marraga birinchi bo‘lib Qorao‘zak tumanidagi 3-umumta’lim maktabining 1-sinf o‘quvchisi Aysuluv Shalabayeva yetib keldi. G‘olibaga bosh sovrin – Cobalt avtomashinasining kaliti tantanali topshirildi.