Kutubxona

“O‘g‘lim o‘qimishli bo‘lishini istayman, lekin...”

— Bir yil avval turmush o‘rtog‘im vafot etdi. Bir nafar o‘g‘lim va qizim bor. O‘g‘lim 9 yoshda. Hozir ota uyimga qaytib kelganman. O‘g‘lim buva va buvisi bilan ko‘rishib turadi. Har gal ular bilan ko‘rishgach, fikri o‘zgarib qaytadi. Ya’ni men uni o‘qishga, ilm olishga undasam, ular esa pul topishga undaydi. O‘qimayman, ishlab pul topaman, degan fikrni miyasiga quyib olgan. Sport bilan shug‘ullansin deb sport maktabiga berganman, lekin u yerga borishni kamaytirgan, qiziqishi so‘ngan. Qaynona-qaynotam, erim ham o‘qimagan oila edi. Mening oilam esa oliy ma’lumotli. Bolamni ham o‘qimishli bo‘lishini istayman.

Gulnoza K., Namangan

Savolga psixolog Shahnoza Xalilova beradi:

— Tabiiyki, bola ikki uylik bo‘lganda, unda ikki xil vaziyat, ikki xil dunyorash bo‘ladi. Bunda bolada ichki konflikt kelib chiqadi. U nima to‘g‘riyu, nima noto‘g‘ri ekanligini hali yaxshi bilmaydi — o‘qish kerakmi yoki o‘qimay, ishlab pul topish muhimmi? Ayni vaziyatda bolani ayblab bo‘lmaydi. Nima uchun u bobo va buvisining tarafiga o‘tib olyapti, ularning gaplariga quloq solyapti? Chunki u yerga mehmon bo‘lib boradi, ular tomon o‘g‘lingizni yaxshi ko‘rishadi, mehr ko‘rsatishadi, bolamdan qolgan yodgor deb erkalashadi. Bu esa qaysi bolaga yoqmaydi, deysiz. Demak bolaga u yoqda yaxshi, bu yoqda esa sizning talablaringiz yomon. Vaziyatga to‘g‘ri qarang. Siz bobosinikiga borishni taqiqlab yoki ularni yomonlashga urinishingiz ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ular ham siz kabi boladan umid qilishadi, yo‘qotgan o‘g‘lining o‘rnini bosishini xohlashadi. Siz o‘g‘lingizdan ideal erkakni yaratishni istayapsiz. Lekin ideal bo‘lish yo‘lidagi urinishlar to‘g‘ri kelmayapti. Nima qilish kerak? Birinchi o‘rinda bobo va buvisi bolamni aynityapti, degan fikrni xayoldan chiqarib tashlang. Ikkinchidan, qaynota va qaynonangiz bilan bola haqida gaplashib oling, ularga bola o‘qimasdan, sport bilan shug‘ullanmasdan bekorchi ishlarga chalg‘ib qolayotganini tushuntiring, ya’ni bolaning tarbiyasi, kelajagi uchun ular ham mas’ulligini ayting. Bunda ularning ham hissiyotlarini hurmat qiling. Bola ularning ham bolasi baribir. Ularni dilini og‘ritmagan holda bolani birgalikda tarbiyalashni taklif qiling.

Munisa tayyorladi

Manba: Darakchi.uz