Ortiqcha vazn muammosi: diyeta yechimmi? Bugun biror bir axborotni topish va olish uncha katta muammo tug‘dirmaydi. Demak, qizlarimiz mustaqil ravishda internetga kirib, o‘zlari qidirayotgan masalaning yechimini topishlari mumkin. Ulardan biri esa ortiqcha vazn masalasi. Bu borada ko‘pchilik diyeta saqlashni maslahat beradi. Internet sahifalari esa sizga to‘g‘ri kelish kelmasligi noma’lum bo‘lgan turfa retseptlarga to‘lib toshgan. Qizlarimiz birinchi uchragan diyetani o‘zlari uchun tartibga aylantirib olib, keyinchalik sog‘liq borasida undan-da kattaroq muammolarga duch kelib qolishlari mumkin. Chunki hamma diyetalar ham alal oqibat bizni xursand qilavermaydi.Ayrimlari oshqozon kasalliklari xurujiga sabab bo‘lsa, yana ba’zi diyetalardan so‘ng kamqonlik ham kuzatiladi. Ayni o‘qish va o‘rganish paytida toliqqan organizm va uning ortidan zarar ko‘rgan asablar esa o‘qishni emas, ong ostida faqat va faqat mazali taom iste’mol qilishni istaydi. Mutaxassislarning e’tiroficha, ovqatdan o‘zini tiyib ozishning ikki oqibati bo‘lishi mumkin: keyinchalik umuman ovqat yemay qo‘yish; aksincha ko‘rgan hamma taomini yeb, bo‘kish. Ikkala holat qizlarning ruhiyatiga ko‘rsatgan zararli ta’siri oqibatida kelib chiqadi va bir necha yillargacha saqlanib qoladigan xastaliklar tasnifiga kiradi.Albatta, ortiqcha vaznni kamaytirishda diyeta ham muhim o‘rin tutadi. Ammo qaysidir bir diyetaga amal qilishdan oldin diyetologga, agar unga imkon bo‘lmasa, oilaviy poliklinikada faoliyat yuritadigan gastroentrologga murojaat qilish va uning maslahati bilangina taom borasida cheklovlar qo‘yish mumkin.
To‘g‘ri yechim: diyetolog bilan maslahatlashgandan so‘ng, terapevt shifokor maslahati yordamida sportning u yoki bu turi bilan muntazam shug‘ullangan ma’qul. Hech bo‘lmaganda 15 daqiqalik badantarbiyani kundalik mashg‘ulotimizga aylantirsak, yaqin bir yoki ikki oy ichida natija ko‘zga tashlana boshlaydi.
Tatuaj: qaro ko‘zim kelu…
Qadimdan xalqimiz qizlarga «Kelin bo‘lsang, keyin bo‘yanasan» deb o‘rgatib kelgan. Avvalgi qizlar bu qoidaga amal qilishgan. Ammo bugungi kunda kosmetologiya sohasi shu qadar rivojlanganki, bo‘yangan yoki yo‘qligingizni birov bilmay ham qolishi, tabiiy go‘zal ekan, deb o‘ylashi ham mumkin.
Lekin 13-14 yoshdagi qizlarning ko‘zi yoki labidagi «tatuaj» istaysizmi yoki yo‘qmi, yarq etib ko‘zingizga tashlanadi. Atrofdagilarga nisbatan go‘zalroq ko‘rinishni istab, bu yo‘lga qadam qo‘ygan qizlar tatuajning juda ko‘p salbiy oqibatlari borligini bilib qo‘yishlari foydadan xoli emas.
Birinchi zarar, albatta, sog‘liq bilan bog‘liq. Tatuajda foydalaniladigan asboblar orqali yuqishi mumkin bo‘lgan infeksiyalar ro‘yxatini ko‘zdan kechirishimiz lozim. Agar oqibat hamon shunga arziydi deb o‘ylasak, bu yo‘lga qadam bossak bo‘ladi. Lekin farzandimizga ayni qadamni qo‘yishga ruxsat berishdan oldin, o‘z yoshidan ayni shu tatuaj sababli bir necha yosh katta ko‘rinuvchi bu qizlar hozirdanoq o‘zlariga yaxshi imidj yaratmayotganlarini unutmaylik.
To‘g‘ri yechim: agar ko‘z-qoshingiz odatdagidan ham qora va kipriklaringiz uzun bo‘lishini istasangiz, ularga har kuni kechqurun bodom yog‘i suring. Bu o‘rinda zaytun yog‘i ham samaralidir. Shunda ular tabiiy go‘zalligingizni yanada orttiradi.
Pirsing (badanga zirak taqish): hind go‘zalimi yoki o‘zbek?
Ayni kunda ko‘cha-kuyda burniga yoki labiga zirak taqqan qizlarni tobora ko‘proq uchratib boryapmiz. O‘ziga nisbatan e’tiborni ayni yo‘l bilan talab qilib olayotgan qizlarimiz bu yoshda ahamiyat berishi kerak bo‘lgan eng muhim jarayon ― o‘qishga nisbatan e’tiborlari susayib ketayotganini o‘zlari ham sezishmasa kerak. O‘z ismi, ilmi, iste’dodi bilan emas, burnida ziragi borligi bilan tanilish ertangi baxtli hayot uchun aslo poydevor bo‘la olmaydi.
To‘g‘ri yechim: agar siz yaltiroq narsalar e’tiborni tortuvchan bo‘lgani uchun bu uslubni tanlagan bo‘lsangiz, u holda liboslaringizning o‘rinli yeriga chiroyli to‘g‘nog‘ichlar yordamida bezak berishingiz mumkin. Bugunda tanlash imkoni behisob bo‘lgan bunday to‘g‘nog‘ichlarning marjonligi yoki qimmatbaho toshligini ham do‘konlardan topishingiz mumkin.
Libos: O‘zimiznikini kiymayman!
Bugun hech qaysi bir qiz maktabga yamalgan kiyimda bormasligi aniq. Ammo muammo shundaki, bugunda ko‘pchilik uchun yangi, toza, dazmollangan kiyim kifoya qilmay qoldi. O‘tish yoshidagi qizlar «falonchinikidaka kurtka», «falonchinikidaka yubka» va hokazo liboslarni, mashhur firma mahsulotlarini, faqat brend kiyimlarni kiygisi kelyapti. Albatta, chiroyli bo‘lishga intilish har bir insonning tabiatida bor.
Ammo qizlarning buning ortidan xudbin bo‘lib ketishlari, faqat o‘zi haqida o‘ylaydigan insonga aylanishlari xavfi tug‘iladi. Chunki ayni brend kiyimlar arzon garovga olinmaydi. Oila byudjeti esa faqat va faqat o‘ziga sarflanishiga o‘rgangan qizlar kelajakda ota-onasi va atrofdagi yaqinlariga g‘amxo‘rlik ruhida tarbiyalanyaptilar deb kim kafolat bera oladi?
To‘g‘ri yechim: nihoyatda qimmatbaho bo‘lgan kiyim ham sizga oddiy ko‘ylak kabi yarashmasligi mumkin. O‘sha qimmat ko‘ylakni sotib olish o‘rniga shu ko‘ylak narxining o‘ndan birini uslubchi (stilist) maslahati uchun sarflang. Undan tejamli, biroq chiroyli kiyinish sirlarini, eng muhimi sizning rangingiz va qomatingizga qaysi libos to‘g‘ri kelishini bilib oling.
Sun’iy «oftobda toblanish»: Qoramanmu men?
Qachonlardir g‘arb kinoaktrisalari foydalangan bu uslub allaqachon yurtimizga kelib, ommalashishga ulgurdi ham. Serquyosh yurtimizda sun’iy quyoshga na hojat deyishga shoshilmang. Odatda, qizlar bu xizmatdan qish oylarida foydalanishadi. Va dugonalariga «Falon mamlakatga borib dam olib keldik» deb yolg‘ondan maqtanishdan ham toyishmaydi. Dugonalari orasida o‘z obro‘sini yolg‘on aralashtirib orttirishga urinadigan bu qizlardan kelajakda o‘z farzandini to‘g‘ri so‘zlashga o‘rgatadigan onalar chiqarmikin? Aytganday, olimlar o‘tkazgan tajribalar ko‘rsatishicha, sun’iy quyoshdan yiliga 2 martadan ko‘p foydalanadiganlarda teri saratoniga chalinish ehtimoli yuqori.
To‘g‘ri yechim: solyariy(sun’iy oftobda toblanish)lar xizmatidan foydalanish nihoyatda qimmat va zararli ekan, bugunda o‘ta bezarar, aksincha teri uchun foydali, shu bilan birga teri rangini o‘zgartiruvchi, ya’ni uni xuddi quyoshda toblangandek qoraytirib ko‘rsatuvchi kremlar talaygina. Bu nisbatan ancha arzon va oddiy uslub. Agar juda ham qoracha bo‘lishni istayotgan qizlar bo‘lsa, ular uchun shunisi qulay!
Eslatma: Sizni yoki farzandingizni atrofdagilar chiroyli qomati yoki go‘zal husni uchun emas, go‘zal qalbi uchun yaxshi ko‘rishsin, hurmat qilishsin. Chunki vazn ortadi, kamayadi, husn har kimda har xil. Ammo yurakning qaynoq mehriga hamisha hamma muhtoj!
Manba: Muslimaat.uz